Jahon | 08:58
1503
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh davlat kotibi Pokistonga Hindiston bilan muzokaralarda yordam taklif qildi

AQSh davlat kotibi Marko Rubio AQSh vaqti bilan 9 may, juma kuni kechqurun Pokiston armiyasi boshlig‘i general Asim Munir bilan suhbatlashdi va Pokiston va Hindistonni mojaroni yumshatish yo‘llarini topishga chaqirdi, dedi Davlat departamenti vakili Temmi Bryus.

Foto: AP

Rubio, shuningdek, kelajakda mojarolar oldini oladigan konstruktiv muzokaralar boshlashda AQShning yordamini taklif qildi, dedi Davlat departamenti vakili.

Pokiston shanba kuni erta tongda Hindiston havo bazalariga bir necha soat oldingi raketa hujumlariga javoban harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qildi. Hindiston hukumati vaziyatning keskinlashishiga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi.

Pokiston «Banyan-ul-Marsus» ("Mustahkam devor") deb nomlangan keng ko‘lamli harbiy operatsiyani boshladi, deb xabar berdi Pokistonning Geo TV telekanali xavfsizlik manbalariga tayanib. Keyinroq Pokiston hukumatining X'dagi akkauntida operatsiya boshlangani haqidagi xabar paydo bo‘ldi.

Nashr manbalariga ko‘ra, amaliyot doirasida Pokiston armiyasi Hindiston hududidagi ko‘plab strategik nishonlarga zarba berishni rejalashtirgan. Nashr Hindiston-Rossiya qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqariladigan, tovushdan tez uchuvchi BrahMos raketalari ombori yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Shuningdek, nashr manbalariga ko‘ra, boshlangan operatsiya davomida Pokiston Hindistonning Udhampur va Pathankot havo bazalariga, armiya brigadasi qarorgohi va yirik harbiy omborga zarba bergan.

Mavzuga oid