Jamiyat | 15:03 / 04.05.2025
16624
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda ikki nafar yoshlar yetakchisi YTH oqibatida halok bo‘ldi

Shuningdek, YTHga uchraganlar orasida Karmana tumani Yoshlar ishlari bo‘limi shu’ba mutaxassisi ham bo‘lib, hozirda u shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Navoiy viloyati Karmana tumanida ikki nafar yoshlar yetakchisi yo‘l-transport hodisasi oqibatida halok bo‘ldi. Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Karmana tumani Farhod mahallasi yoshlar yetakchisi Ulug‘bek Oblaqulov va ushbu tumanning Bahrom mahallasi yoshlar yetakchisi Muhriddin Bahronov avtohalokat sabab vafot etgan.

«Bir kunda tizimning yosh va zabardast ikki yetakchisining kutilmaganda bunday baxtsiz hodisa natijasida vafot etishi — juda og‘ir musibat. Jamoamiz nomidan marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiramiz.

Vafot etgan do‘stlarimizning ota-onasi va yaqinlariga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatiladi», — deb yozadi agentlik direktori.

Shuningdek, YTHga uchraganlar orasida Karmana tumani Yoshlar ishlari bo‘limi shu’ba mutaxassisi Valijon Qosimov ham bo‘lgan. Hozirda u shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

«Uning ham tezroq shifo topib, tuzalib ketishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz va yordam beramiz», — deya ta’kidlaydi Alisher Sa’dullayev.

Mavzuga oid