Jahon | 07:30 / 29.04.2025
6984
2 daqiqa o‘qiladi

Vashingtondagi samolyot halokati sabablaridan biri ma’lum qilindi

NYT: Black Hawk uchuvchisi halokatdan oldin balandlikni pasaytira olmagan.

Foto: AP /Jose Luis Magana

Ronald Reygan milliy aeroporti ustida yo‘lovchi samolyoti bilan to‘qnashgan Black Hawk armiya vertolyoti uchuvchisi balandligini pasaytirish bo‘yicha ogohlantirishlarga e’tibor bermagan. Bu haqda The New York Times ekspert xulosasiga tayanib xabar bermoqda.

Maqolada qayd etilishicha, Ronald Reygan nomidagi aeroportning boshqaruv markazida samolyot halokatga uchragan kun xodimlar soni kam bo‘lgan, shu bois bir kishiga layner va Black Hawk vertolyotini kuzatish vazifasi yuklangan.

Vertolyot aeroportga yaqinlashganda, ekipaj dispetcherning to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatmalarisiz qo‘lda yo‘naltirishni o‘z ichiga olgan vizual boshqaruvga o‘tishni so‘radi. Bu so‘rov ma’qullangan.

Shu bilan birga, Black Hawk uchuvchisi Rebekka Lobax ikkinchi uchuvchi va mas’ul parvoz instruktorining balandligini pasaytirish haqidagi ogohlantirishlariga javob qaytarmagan. Mutaxassislarning fikricha, bu manyovr yo‘lovchi layneri bilan to‘qnashuvning oldini olishi mumkin edi.

30 yanvar kuni Amerika poytaxti osmonida Kanzasdan uchayotgan yo‘lovchi samolyoti va harbiy vertolyotning to‘qnashuvi sodir bo‘ldi. O‘sha paytda samolyot qo‘nish uchun Ronald Reygan xalqaro aeroportiga yaqinlashayotgan edi.

To‘qnashuvdan so‘ng ikkala havo kemasi ham Potomak daryosiga qulagan. Samolyot bortida to‘rt nafar ekipaj a’zosi va 60 nafar yo‘lovchi, jumladan, AQSh figurali uchish bo‘yicha terma jamoasi sportchilari va murabbiylari bo‘lgan. Vertolyotda, o‘z navbatida, uch nafar harbiy xizmatchi bo‘lgan. Ularning hech biri omon qolmadi.

Mavzuga oid