O‘zbekiston | 18:30 / 29.04.2025
10564
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shko‘pirda sochi o‘rilmagan qizni kaltaklagan maktab direktori ishdan bo‘shatildi

Bu haqda maktab vaziri Hilola Umarova X (sobiq Twitter)da xabar berdi. Avvalroq xodimga nisbatan ma’muriy ish ochilib, unga hayfsan jazosi berilgandi.

Foto: Videodan kadr

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanining 14-maktabida bo‘lgan voqea yuzasidan maktabgacha va maktab vaziri Hilola Umarova X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida munosabat bildirib, direktorning mehnat shartnomasi bekor etilganini ma’lum qildi.

Qo‘shko‘pir tumanidagi 14-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori M.X. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzilgani sabab bekor qilindi”, – deya yozadi vazir.

Qayd etilishicha, maktab direktori bilan tuzilgan mehnat shartnomaning bekor qilinishiga Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘ining tegishli buyrug‘i asos bo‘lgan, Odob-axloq komissiyasi tomonidan bu holat ko‘rib chiqilgan.

Eslatib o‘tamiz, holat 7 aprel kuni sodir bo‘lgan. Ta’lim muassasasi rahbari dars vaqtida sinfxonalardan biriga kirib, o‘quvchi qizni kaltaklagani uchun unga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, pedagogga xos bo‘lmagan harakatlari uchun hayfsan olgandi.

Mavzuga oid