O‘zbekiston | 20:38 / 24.04.2025
1458
2 daqiqa o‘qiladi

Qaysi to‘lovlarni to‘liq naqdsiz shaklga o‘tkazish masalasi muhokama qilindi

Strategik islohotlar agentligi elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlayapti. Shu maqsadda to‘lov tashkilotlari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda temiryo‘l chiptalari, kommunal xizmatlar va marketpleyslar orqali xaridlarni 100 foiz naqdsiz shaklga o‘tkazish taklifi ko‘rib chiqildi.

Foto: Yandex-xaritalar

Strategik islohotlar agentligida elektron to‘lovlar ulushini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tayyorlash doirasida moliyaviy sektor vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Navbatdagi uchrashuvda yetakchi to‘lov tashkilotlari — Click asoschisi va bosh direktori Ulug‘bek Rustamov, OSON yuridik direktori Dilshod Keldiyarov va Paynet bosh direktori Anvar Isamuhamedov ishtirok etdi.

Muloqotda elektron to‘lovlarning boshqa hisob-kitob shakllariga nisbatan raqobatbardoshligiga ta’sir qiluvchi omillar, shuningdek, elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘lishi lozim bo‘lgan sohalar ro‘yxatini kengaytirish zarurligi muhokama qilindi.

To‘lov tashkilotlari vakillari avtoturargohlar va bozorlarda patent to‘lovlarini yig‘ish kabi ayrim sohalarda hanuzgacha naqd to‘lovlar ustunligini qayd etdi. Bu sohalarni elektron to‘lovlarni qabul qilish majburiy bo‘lgan yo‘nalishlar ro‘yxatiga kiritish taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, temiryo‘l chiptalari savdosi, kommunal xizmatlar to‘lovi va marketpleyslar orqali xaridlar bo‘yicha 100 foiz naqdsiz hisob-kitob tizimiga o‘tish tashabbusi muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Strategik islohotlar agentligi elektron to‘lovlar ulushini oshirish, zamonaviy va qulay to‘lov infratuzilmasini yaratishga qaratilgan prezident qarori loyihasini tayyorlayapti. Buning uchun agentlik biznes, IT sohasi vakillari va ekspertlar bilan muloqotlar o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid