Jahon | 00:31
2661
3 daqiqa o‘qiladi

Keniya prezidenti rossiyalik olirgarxning pullarini yuvishda ayblanmoqda

Mamlakatning sobiq bosh prokurori Keniya prezidenti Uilyam Rutoni «mutlaqo tuzalmaydigan darajada korrupsiyalashgan» deya tanqid qilib, uni lavozimga noloyiq deb atagan.

Foto: The Moscow Times

Keniyada hukumatning ikki sobiq amaldori mamlakat prezidenti Uilyam Rutoni rossiyalik oligarxning pullarini 2022 yil dekabrda ishga tushirilgan daraxt ekish dasturi orqali yuvganlikda ayblamoqda. Ushbu dastur Parij bitimi doirasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha Keniya zimmasiga olgan majburiyat bo‘lib, 2032 yilgacha 15 milliard daraxt ekishni nazarda tutadi. Ammo dastur o‘z vaqtida bajarilmayapti.

Keniyaning sobiq vitse-prezidenti Rigati Gachagua daraxt ekish tashabbusini rossiyalik oligarxlar ishtirokidagi «pul yuvish sxemasi» deb atadi. U sobiq jamoat xizmatlari vaziri va sobiq bosh prokuror Jastin Muturi tomonidan ilgari surilgan ayblovlarni qo‘llab-quvvatladi. Muturining aytishicha, prezident uni 3 milliard daraxt ekish dasturi bo‘yicha rossiyalik investorlar bilan 1 milliard dollarlik shartnomani imzolashga majbur qilmoqchi bo‘lgan. Keniya prezidenti ushbu kelishuvni davlat g‘aznachiligini chetlab o‘tgan holda amalga oshirishni so‘ragan. U prezident Rutoni «mutlaqo va tuzalmaydigan darajada korrupsiyalashgan» deya tanqid qilib, uni lavozimga noloyiq deb atagan. Keniyadagilar mablag‘larning bir qismi rossiyalik oligarxga qaytarilishidan xavotirda.

Muturining so‘zlariga ko‘ra, u birinchi marta 2023 yil dekabrda Dubayda bo‘lib o‘tgan COP28 iqlim sammitida bosimga uchragan. O‘shanda uni aeroportning o‘zida, hujjatlarni ko‘rib chiqmasdan, shartnomani imzolashga undashgan. Muturi tegishli tartib buzilishi bahonasida bunga rozi bo‘lmagan.

Mazkur shartnomaning ehtimoliy ishtirokchilardan biri «Uralxim» kompaniyasining egasi Dmitriy Mazepin bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Keniyalik jurnalist Mvangi Mainaning ta’kidlashicha, u Mazepin samolyotini kutib olgan rasmiy protokol xodimlarining ishtirokini qayd etgan va bu tashrifni daraxt ekish dasturi bilan bog‘lagan. 

Mazepinga tegishli bo‘lgan «Uralkaliy» uzoq yillardan buyon Keniyaga o‘g‘it yetkazib kelmoqda. 2022 yilda sanksiyalarga uchraganidan so‘ng «Uralxim»ning 262 ming tonna o‘g‘iti Yevropa Ittifoqida qolib ketgan edi. 2023 yil aprel oyida ularning bir qismi Jahon oziq-ovqat dasturi orqali Keniyaga beg‘araz tarzda yetkazilgan.

2024 yil iyun oyida Ruto ma’muriyati daraxt ekish dasturiga yo‘naltirilgan investitsiyalarni pul yuvishga qarshi tekshiruvlardan ozod qilgan. Keniyaning o‘zida ortiqcha mablag‘lar yo‘q, biroq mamlakat uglerod kreditlari orqali to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin — prezident Ruto bu kreditlarni «Afrikaning oltin koni» deb atagan va ularni asosiy daromad manbalaridan biri sifatida taqdim etgan. Bunday kreditlar korxonalarga me’yoridan oshiq chiqindilar uchun davlatga jarima to‘lamaslik imkonini beradi.

Mavzuga oid