O‘zbekiston | 22:04 / 23.04.2025
2368
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Xitoyga Jizzaxdagi AES loyihasiga sarmoya kiritishni taklif qildi

“O‘zatom” rahbari Xitoyga borib, AES qurilishi uchun Xitoydan moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Tashrif davomida “O‘zatom” va “Rosatom” rasmiylari Shanghai Electric kompaniyasi vakillari bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazib, stansiyaning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun energetik jihozlar va turbinalar yetkazib berish masalasini ko‘rib chiqdi.

Foto: "O‘zatom" matbuot xizmati

O‘zbekiston AES qurilishiga Xitoy sarmoyasini jalb etmoqchi. “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev shu masalada Xitoyga bordi.

Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, Ahmadxo‘jayev Xitoy Eksimbanki bilan muzokara o‘tkazgan. Uchrashuvda O‘zbekistonda AES qurilishi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Xitoydan moliyaviy resurslarni jalb qilish istiqbollari muhokama qilingan.

Bundan tashqari, Xitoy milliy yadro korporatsiyasi (CNNC)ning xorijiy loyihalar uchun mas’ul bo‘limi – CNOS ofisida “O‘zatom”, “Rosatom” va Shanghai Electric kompaniyasi vakillari ishtirokida uch tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tgan.

Uchrashuvning asosiy maqsadi Shanghai Electric kompaniyasining turbina jihozlari ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganish va ushbu jihozlarni O‘zbekistonda AES loyihasi talablariga moslashtirish istiqbollarini baholashdan iborat bo‘ldi.

Tomonlar AESning yadroviy bo‘lmagan oroli uchun jihozlarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish va yetkazib berish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Shanghai Electric – atom va issiqlik elektr stansiyalari uchun energetika va turbina jihozlari ishlab chiqaruvchi Xitoyning yetakchi kompaniyalaridan biri. Kompaniya 39 ta AES uchun yadroviy bo‘lmagan orol jihozlarini yetkazib bergan. Shanghai Electric assortimentida quvvati 50 dan 1240 MWgacha bo‘lgan turbogeneratorlar mavjud.

O‘zbekistondagi birinchi AES loyihasi haqida

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida 2024 yil 27 mayda imzolangan shartnoma asosida, Jizzax tumanida umumiy quvvati 330 MW bo‘lgan, har biri 55 MW quvvatga ega 6 ta reaktordan iborat kam quvvatli AES qurilishi ko‘zda tutilgan.

Stansiya asosini hozirgacha muzyorar kemalarda qo‘llab kelingan RITM-200 suv-suvli yadro reaktorlarining quruqlikda ishlashga moslashtirilgan RITM-200N versiyasi tashkil etadi. Ammo hozirgacha bu texnologiya yer ustida ishlatilmagan.

Bosh pudratchi – “Rosatom”ning injyenerlik divizioni bo‘lmish “Atomstroeksport” AJ. Qurilishga O‘zbekiston kompaniyalari, xususan Saneg ham jalb etilishi mumkin. Loyiha qiymati 2 mlrd dollardan oshmasligi, xarajatlar asosan tashqi qarzlar hisobiga bo‘lishi ma’lum qilingan.

“O‘zatom” rahbari Azim Ahmadxo‘jayev o‘tgan oydagi intervyusida AESda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining tannarxi texnik-iqtisodiy asoslar tayyor bo‘lganidan keyin ma’lum bo‘lishini aytgandi.

“O‘zatom” o‘tgan yilgi bayonotida AESning birinchi reaktorini ishga tushirish 5 yildan keyinga rejalashtirilganini bildirgandi.

15 aprel kuni Jizzaxda kam quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasi uchun birinchi ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi.

Mavzuga oid