Jahon | 18:48 / 23.04.2025
8834
4 daqiqa o‘qiladi

Istanbul yaqinidagi zilzila. 150 dan ortiq kishi jarohatlangan

23 aprel kuni Turkiyaning Istanbul shahri atrofidagi hududlarda davomli yer silkinishlari kuzatildi, ulardan ikkinchisining magnitudasi 6,2 ballni tashkil etgan. Hukumat kun davomidagi o‘nlab aftershoklar hamda 151 kishi jabrlanganini xabar qilgan.

Foto: Getty Images

Turkiya tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) ma’lumotiga ko‘ra, zilzila mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Marmar dengizi hududida, Istanbulning g‘arbiy chekkalaridan uzoq bo‘lmagan hududdaqayd etilgan.

Zilzila epimarkazi Istanbuldan 80 km g‘arbda bo‘lgan, o‘chog‘i 7 km chuqurlikda joylashgan.

Soat 12:13 dagi birinchi yer silkinishi kuchi esa 3,9 magnitudaga teng bo‘lgandi. Soat 12:49 dagi eng kuchli yer silkinishi ortidan 4,4 dan 4,9 magnitudagacha bo‘lgan ko‘plab zilzilalar kuzatilgan.

Rasmiylar keyingi soatlar mobaynida 50 dan ortiq aftershok qayd etilganini ma’lum qilgan.

«Soat 15:12 holatiga ko‘ra 51 ta aftershok qayd etilgan, ulardan eng kuchlisi 5,9 magnitudali bo‘ldi», — deya yozdi Mamlakat ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya X ijtimoiy tarmog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 6,2 magnitudali zilzilada «yer jami 13 soniya davomida qimirlab turgan».

Xalq ta’limi vaziri Istanbulda maktablar payshanba va juma kunlari ta’tilga chiqishini ma’lum qildi.

Reuters agentligi qayd etishicha, bu 16 million aholi yashovchi shaharda so‘nggi yillarda kuzatilgan eng kuchli yer silkinishlaridan biri bo‘ldi.

Rasmiylarga ko‘ra, yer qimirlashini Istanbulga qo‘shni bo‘lgan viloyatlar, shuningdek, taxminan 300 km sharqdagi poytaxt Anqarada ham sezishgan.

AFP agentligi zilzilani hatto Bolgariya poytaxti Sofiyada ham sezishganini xabar qilgan.

Jiddiy vayrongarchiliklar haqida xabarlar kelib tushmagan. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar binolarni shoshilinch tarzda tark etayotgani va ko‘chalarda hamda maydonlarda to‘plangani aks etgan videolar keng tarqaldi.

Zilzila vaqtida odamlar vahimaga tushib, binolarni tashlab chiqdi. Foto: Anadolu

Istanbul gubernatori ofisiga ko‘ra, kamida 151 kishi jarohatlangan, ular yer qimirlashi vaqtida vahimaga tushib, o‘zlarini baland joylardan tashlashgan. Qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Bundan tashqari, Istanbulning Fatih tumanidagi tashlandiq binolardan biri jiddiy darajada shikastlangani ma’lum.

Hukumat odamlarni yer silkinishi oqibatida shikastlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan binolardan uzoqroqda turishga chaqirgan.

Turkiya prezdiyenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rasmiylar voqealar rivojini kuzatib borayotganini bildirgan.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi Turkiyada yuz bergan zilzilalar oqibatida O‘zbekiston fuqarolari orasida jabrlanganlar haqida ma’lumot kelib tushmaganini ma’lum qilgan. Bosh konsulxona mahalliy favqulodda xizmatlar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatishda davom etmoqda.

Turkiya tektonik plitalar tutashgan joyda bo‘lgani uchun tez-tez zilzilalardan jabrlanadi. Turkiyalik geolog va zilzilalar bo‘yicha ekspert Nachi Gyoryur bugungi yerosti silkinishlari Kumburgaz yorig‘i o‘rnida sodir bo‘lganini aytdi.

Gyoryur Turkiya va Suriyada 2023 yil fevralida sodir bo‘lgan hamda 50 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgan zilzilani oldindan taxmin qilgani bilan tanilgandi.

2024 yilda u Istanbulda 7,2 dan 7,6 magnitudagacha kuchdagi zilzila bo‘lishi haqida prognoz bergandi.

Mavzuga oid