Tramp faoliyatini ma’qullash reytingi tobora pasayib borayotgani ma’lum bo‘ldi
Amerikaliklar orasida o‘tkazilgan so‘rovda qatnashganlarning qariyb 75 foizi Tramp uchinchi muddatga saylanmasligi kerakligini aytgan.

Foto: REUTERS/Leah Millis
Reuters/Ipsos agentligining 16-21 aprel kunlari o‘tkazgan so‘rovi shuni ko‘rsatdiki, AQSh prezidenti Donald Trampning jamoatchilik reytingi ikkinchi prezidentlik muddatini yanvar oyida boshlaganidan beri eng past darajaga tushdi.
Trampning prezident sifatidagi faoliyatini so‘rovda ishtirok etganlarning 42 foizi ma’qullagan. Bundan uch hafta oldin o‘tkazilgan so‘rovda 43 foizi Tramp faoliyatini ma’qullagan, 20 yanvardagi inauguratsiyadan so‘ng esa bu ko‘rsatkich 47 foizni tashkil qilgan edi.
Reuters ta’kidlaganidek, Trampning ma’qullash reytingi 2023-2024 yillarda o‘zidan oldingi prezident Jo Baydendan yuqoriligicha qolmoqda. Baydenning eng past reytingi 2024 yil oktyabrida qayd etilgan – 35 foiz.
So‘rovda qatnashganlarning qariyb 75 foizi Tramp uchinchi muddatga saylanmasligi kerakligini aytgan. Shuningdek, respublikachilar tarafdorlarining aksariyati (53 foizi) Tramp uchinchi muddatga saylanmasligi kerak, deb hisoblaydi.
So‘rovda qatnashganlarning 83 foizi AQSh prezidenti federal sudlar qarorlariga, garchi o‘zi xohlamasa ham, itoat etishi kerakligini aytgan. 57 foizi, jumladan, respublikachilarning uchdan bir qismi «AQSh prezidenti universitetni boshqarish uslubiga rozi bo‘lmasa, universitetlarni moliyalashtirishni to‘xtatib qo‘yishi ma’qul» degan fikrga qo‘shilmagan. 66 foizi prezident milliy muzeylar va teatrlar kabi yetakchi madaniyat muassasalarini nazorat qilmasligi kerak, degan.
Inflatsiya va immigratsiyadan tortib, soliqlar va qonun ustuvorligigacha bo‘lgan ko‘plab masalalarda Tramp faoliyatini ma’qullayotgan amerikalarga qaraganda ma’qullamayotganlar ko‘proq. Masalan, immigratsiya masalasida so‘rovda qatnashganlarning 45 foizi Trampning faoliyatini ma’qullagan, 46 foizi esa ma’qullamagan. Qariyb 59 foizi, jumladan respublikachilarning uchdan bir qismi Qo‘shma Shtatlar dunyoda obro‘sini yo‘qotayotganini aytgan.
Mavzuga oid

19:53
AQSh Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan quyosh panellari importiga bojlar belgiladi

18:37
Harvard universiteti Tramp ma’muriyatini sudga berdi

13:15
Trampning Ukraina bo‘yicha rejasi ba’zi shartlari e’lon qilindi – OAV

13:04