Jamiyat | 15:15
7413
3 daqiqa o‘qiladi

Qulupnaychilar qishlog‘i: O‘qchidan reportaj

Bog‘dorchilik va mirishkorlikda nom taratgan Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanining O‘qchi qishlog‘i qulupnay va gilosi bilan ancha mashhur. Dehqonlar ayni paytda dalani begona o‘tlardan tozalash bilan band. Aytishlaricha, bu yil havo salqin kelganidan qulupnayning pishib yetilishi biroz kechikkan.

Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Gavharoy Mamadaliyeva darsdan keyin dala ishlarida turmush o‘rtog‘iga yordam beradi.

“Har yili qulupnay ekamiz, oilaviy daromadimiz asosan dehqonchilikdan. O‘tgan yili havolar yaxshi kelib, qulpunayni shu kunlardan uzib sotgan edik. Bu yil endi 15 kun havo salqin kelgani uchun pishishi orqaga surildi. Havo yaxshi bo‘lib tursa, 10-15 kunda pishadi-da. Qulpunaylar navini doim yangilab turamiz.

Qulupnay yetishtirishning mehnati o‘ziga yarasha, lekin qo‘lingiz pul ko‘rgandan keyin barcha charchoqlaringiz chiqib ketadi. Asalarichilik bilan ham shug‘ullanamiz. O‘tgan yili ikkita oila edi, bu yil endi uchta bo‘ldi. Oilaga chiqadi, o‘zimizga yetadi bemalol. Tovug‘imiz bor 10 tacha, u ham ro‘zg‘orga har kuni to‘rtta, oltita tuxum beradi.

Chopiq qilyapmiz, toshini terib tashlaymiz, chunki bu yerlar dasht bo‘lgani uchun toshlaridan tozalab, yerni madaniylashtirib boraveramiz. Ingliz tili o‘qituvchisiman, darsdan keyin oilaga qarashib yuboraman.

Qishloq maza-da, miya dam oladi, charchaganingizda toza havoda dam olish maroqli”, – deydi Gavharoy Mamadaliyeva.

Xushnud Qurbonovning issiqxonasidagi qulupnaylar esa pishibdi.

“Issiqxonada birinchi marta qulupnay edik. Avvallari faqat yerga ekardik. Hosil beryapti, daromadi ham shunga yarasha yaxshi.

Havo issiq bo‘lsa, har kuni tersa bo‘ladi. Shu kunlarda ikki kunda bir teryapman, 6,7 kg holatga qarab chiqyapti. Mehnati pomidor, bodringga qaraganda ancha kam. Ichida kam yuriladi. Hozir 40 ming so‘mdan 70 000 so‘mgacha sotyapmiz”, – deydi yosh dehqon.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid