Putinga muhlat bergan Tramp, terror ro‘yxatidan chiqqan «Tolibon» – hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun 20 aprel, yakshanba. Aprel oyi menga insoniyat tarixidagi eng dahshatli qirg‘inbarotni eslatadi. 1889 yil 20 aprelda Avstriyaning Braunau-am-Inn shahrida bojxona xodimi Alois va Klaraning oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keladi. Ungacha oilaning uch bolasi chaqaloq vaqtidayoq nobud bo‘lgandi. Biroq bu farzand sog‘lom katta bo‘ladi, san’atga qiziqadi, rassom bo‘ladi.
Bir kuni Vena ko‘chalarida ketayotganda oldidan uzun qora kiyimdagi dindor yahudiyni uchratadi va nahotki shu ham nemis bo‘lsa, axir u boshqalarga o‘xshamaydi-ku, deydi. Birinchi jahon urushi arafasida armiyaga chaqirilgach, yahudiylar bilan birga xizmat qilishni istamay Myunxenga ketadi. Shu-shu butun vujudi bilan yahudiylarga qarshi kurashga kirishadi. Bu millatga bo‘lgan nafrati shunchalik kuchayadiki, yahudiylar makon topgan barcha yerni egallashni maqsad qiladi. Bu maqsadi yo‘lida Germaniyadagi pivaxonada tuzilgan partiyasi bilan birin-ketin qo‘shni davlatlarni egallashga kirishadi, butun Yevropada 6 milliondan ortiq yahudiylarni o‘ldiradi.
Birinchi jahon urushidagi Germaniyaning mag‘lubiyatini xoinlik bilan bog‘laydigan yefreytor o‘zicha bu xatoni tuzatish uchun butun dunyoga urush ochadi. Ammo unga qarshi birlashgan dunyo kutilgan g‘alabani qo‘lga kiritadi. 1945 yil 30 aprel kuni qonxo‘r o‘zi yashiringan yerosti bunkerida tushlikka sevimli taomi makaronni yeydi-da, ma’shuqasi Yeva Braun bilan xonasiga kirib ketadi. Og‘ziga avvalroq itda sinab ko‘rilgan kuchli og‘uni solib o‘zini otib o‘ldiradi.
Qonxo‘rning xizmatkori Xayns Linge va adyunatni Otto Gyunshe vasiyat bo‘yicha jasadni reyxkonselyariya bog‘iga olib chiqib ustidan 200 litr benzin quyib yoqishadi. Qonxo‘r propagandani shunchalik cho‘qqiga chiqargandiki xizmatkorlari jasadi yonayotgan vaqtda ham unga oxirgi marta chest berishadi: Hayl Hitler. Adolf Hitlerning o‘limini butun dunyoda bayramdek qarshilashadi. Ammo bir tarelka makaronga qorni to‘ysa-da, butun dunyoni zabt etaman deb urush boshlagan bu mal’un fashist o‘sha vaqtda 70 milliondan ortiq odamlarning yostig‘ini quritib bo‘lgandi.
Hitler urushni boshlagan chog‘i hech kim menga qarshilik qilolmaydi, hamma o‘z jonidan qo‘rqib aytganimni qiladi, deb o‘ylagan bo‘lsa kerak. Lekin oxir-oqibat u o‘zi qurdirgan bunkerda, qo‘rqoqlarcha o‘z joniga qasd qilib, xor bo‘lib o‘ladi. Hatto o‘zining shaxsiy sirlarini biladigan ma’shuqasiga ham tirik qolish imkonini bermaydi.
Ko‘rsatuv boshida o‘z ideologiyasi bilan dunyoni dahshatga to‘ldirgan fashistni eslaganimiz yoqimli holat emas, albatta. Lekin inson azbaroyi xulosa chiqarish uchun tarixda qilingan xatolarni eslab turishi kerak.
Biz doimgidek hafta davomida dunyoda nimalar bo‘lganini yodga olamiz. Iltimos, YouTube-kanalimizda yuklangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Shu tariqa videoni imkon qadar ko‘proq odam tomosha qilishiga yordam bergan bo‘lasiz.
Tramp Rossiyaga muhlat berdi
Oxirgi vaqtlarda Donald Trampning biror gapiga haftaning eng muhim voqeasi sifatida qarashga majbur bo‘lyapmiz. Chunki hozircha urush masalasida gap diplomatiyasidan nariga o‘tmayotgan Tramp dunyoga eng ko‘p ta’sir qiladigan davlat prezidenti. Bu hafta Tramp chindan jiddiy gap aytdi. Oq uyda Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni xonim bilan uchrashgan Tramp jurnalistlar bilan muloqot vaqtida Rossiya prezidenti Putindan hafta oxirigacha o‘t ochishni tugatish bo‘yicha javob kutishini aytdi. Ya’ni Tramp ochiqchasiga Putinga Ukrainaga raketa uchirishni to‘xtatishi uchun muhlat berdi.
Keyinroq davlat kotibi Marko Rubio AQSh oxiri yo‘q muzokaralarga vaqt sarflashni istamasligi, tomonlardan birortasi Tramp vositachi bo‘layotgan muzokaralarga sabotaj qilsa, Vashington o‘rtadan chiqishini aytdi. Shuningdek, Tramp Ukraina bilan nihoyat mineral resurslar bo‘yicha kelishuvga erishilgani, bitim 24 aprel kuni imzolanishini aytdi. Amerika nashrlariga ko‘ra, Vashington avvalgi bitimda Ukrainaning qarzini 300 milliard dollar deb qayd etgan bo‘lsa, bu gal ushbu raqam 100 milliard dollargacha kamaytirilgan.
Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi, xo‘sh, Rossiya yakshanba kunigacha Tramp istayotgan javobni bermasa, nima bo‘ladi? Yo‘q, Amerika qo‘lini qo‘ltig‘iga urib mayli, endi o‘zingiz kelishib oling, deb ketmaydi. Bu holda dunyo ko‘z o‘ngida sharmanda bo‘lgani qoladi. Agar Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘nmasa, Tramp katta ehtimol rus neftiga nisbatan sanksiyalarni kuchaytiradi. Trampning variantlari orasida Rossiya neftini sotib olgan davlatlarga nisbatan 500 foiz boj qo‘llash varianti ham bor. Tramp neft Rossiya budjetining asosi ekani, «qora oltin»dan kelayotan daromadsiz urushni davom ettirib bo‘lmaydi deb hisoblaydi.
Sumi va Shuyaga zarbalar
Hafta davomida Rossiya bir-birining frontdan olisdagi hududlariga zarba berishni davom ettirdi. Rossiya chegaradagi Sumi shahri markaziga zarba yo‘lladi. Oqibatda 35 nafar tinch aholi vakili halok bo‘ldi. Ruslar zarba nishoni ukrainalik harbiylar bo‘lganini aytishdi. Keyinchalik shahar markazida chindan harbiylarni taqdirlash marosimi o‘tkazilgani aniq bo‘ldi va uning tashkilotchisi bo‘lgan harbiy ishdan olindi.
Rossiya Sumiga ikkita «Iskander-M» ballistik raketasi bilan hujum qilgan. Lekin zarba vaqtida bombapanada bo‘lgan harbiylardan birortasi halok bo‘lmagan.
16 aprel kuni Ukraina Rossiyaning Shuya va Kursk shaharlariga dron hujumi amalga oshirdi. Ayniqsa Shuyaga juda intensiv hujum qilindi. Hujum nishoni shahardagi harbiy qism bo‘lib, u yerda yong‘in kelib chiqqan, harbiylar kazarmasi vayron qilingan. Ukraina tomoni bu harbiy qismda Sumiga ballistik raketa uchirgan 112-gvardiyachilar raketa brigadasi bo‘lganini ma’lum qildi. Rossiyadagi Z-blogerlar bu ma’lumotni tasdiqlagan. Kurskda ham ukrainlar aynan Sumiga raketa zarbasi uyushtirgan yana bir brigadani nishonga olgan.
Baydenning ilk chiqishi
Hafta davomida AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden prezidentlikdan ketganidan keyin ilk marta omma oldida ko‘rinish berdi. U Chikagodagi ijtimoiy himoyaga bag‘ishlangan tadbirda nutq so‘zladi. Bayden amaldagi prezident Donald Tramp AQShdagi ijtimoiy himoya tizimini yo‘q qilayotganini aytdi. Nutqi davomida Bayden biror marta Trampning ismini tilga olmadi. Avvalroq Bayden demokratik partiya oyoqqa turish uchun yana katta sahnalarga tayyorligini aytgani, bu borada partiya liderlari bilan uchrashgani aytilgandi.
«Tolibon» terrorchilar ro‘yxatidan chiqarildi
To‘rt yil avval Afg‘onistonda hukumatni egallagan «Tolibon» harakati endi Rossiyada terrorchilik tashkiloti emas. 1994 yilda tuzilgan harakat 2003 yildan buyon Rossiyada terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan, OAVda uning nomi keltirilganda terrorchilik tashkiloti ekani qayd etilishi majburiy edi. Rossiya Oliy sudi Rossiya Bosh prokuraturasining «Tolibon»ni terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatidan chiqarish bo‘yicha so‘rovini qanoatlantirdi.
Sud yopiq o‘tib, jurnalistlarga faqat sud qarori taqdim etilgan. Qaror o‘sha zahoti kuchga kirgan. Shu o‘rinda «Tolibon»ni terrorchilar ro‘yxatidan chiqarish ishlari ancha avval boshlanganini ham aytish kerak. Rossiyalik jurnalistlarga 2021 yildayoq «Tolibon»ni terrorchilik tashkiloti deb atash taqiqlangan.
Shu o‘rinda o‘sha vaqtda rus kanallaridan birida yozilgan post esga tushadi: «Taliban zapreshchennaya v Rossii organizatsiya, kotoruyu v Rossii zapreshcheno nazyvat zapreshchennoy». Rus tili juda boy til, shunday emasmi?
Sudandagi vaziyat
Mart oyi oxirida Sudan armiyasi poytaxt Xartumni to‘liq egallagach ikki yildan buyon davom etayotgan fuqarolar urushi tugagandek tuyulgandi. Lekin bu mamlakatdagi urushdan sillasi qurigan tinch aholi uchun og‘ir kunlar hali-beri tugaydiganga o‘xshamaydi.
Bu mojaro masshtabini tushunishingiz uchun unga qisqacha ta’rif beramiz. Xullas, ikki yildan buyon ikkita kuch hukumat talashib, urushib keladi. Bir tomonda Sudan armiyasi generali Abdulfattoh al Burxon boshchilik armiyasi, bir tomonda Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi Tezkor harakat kuchlari. Ular hukumat talashib urushayotgan davrda 150 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi. 50 milliondan ortiq odam yashaydigan mamlakat aholisining 97 foizi suniy musulmonlar. Shunday bo‘lsa-da, hukumat talashgan kuchlar odamlarni ikkiga ajratib qo‘ygan.
Armiya poytaxtni egallagan bo‘lsa-da, Tezkor harakat kuchlari janubdagi Darfur mintaqasini nazorat qiladi. Ushbu haftada Muhammad Dagalo Sudanning o‘zi nazorat qilayotgan hududida muqobil hukumat tuzilishini e’lon qildi. Dagalo bu parallel davlat emas, Sudan uchun mumkin bo‘lgan yagona kelajak hukumati deb atadi. Dagaloning aytishicha, uning kuchlari nazorat qilayotgan hududda odamlar uchun yangi valuta, yangi shaxsiy guvohnomalar joriy etiladi.
Dushanba kuni Dagaloning kuchlari Darfurdagi «Zamzam» qochoqlar lagerini egallagani ma’lum bo‘ldi. Oqibatda 400 ming sudanlik lagerdan qochishga majbur bo‘lgan. Lager uchun 4 kun davomida jang bo‘lgan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, hukumat talashgan kuchlar o‘rtasida jirkanch otishmalar 300 nafar tinch aholi o‘limiga sabab bo‘lgan. Lager joylashgan Al Fashir shahri Sudan armiyasining Darfurdagi oxirgi tayanchi edi. Armiya poytaxtni egallagach Dagaloning kuchlari endi Zamzam lageriga hujumni kuchaytirgan. Ular 500 ming odam himoyasiz qochoq sudanliklar palatkadagi xarobada yashaydigan lager atrofidagi obektlarga jangovar dron bilan hujum qilgan. Hukumat talashishning dahshatini shu faktning o‘zi ko‘rsatib turibdi.
AQShning Yamanga hujumi
Donald Tramp Oq uyga qaytgach AQSh Yamandagi husiychilarga hujumni kuchaytirdi. Qizil dengiz sohilidagi «Ras Isa» lageriga zarba sabab kamida 58 kishi halok bo‘lgan. Amerika tomoni bu Eron tomonidan qo‘llanadigan husiychilarning yonilg‘i manbai bo‘lgani haqida bayonot berdi. Neft terminaliga 14 marta havo hujumi amalga oshirilgan. Bu hujumdan ko‘p o‘tmay Yamandan Isroil tomonga raketa uchirilgan, lekin Isroil havo mudofaa tizimi uni to‘sib qolgan.
Parijdagi uchrashuv
Tramp amalda Yevropa davlatlari ortiq Amerikaning ittifoqchisi emasligini e’lon qilib bo‘lgandi. Ukrainadagi urushni bir kunda tugataman deb katta ketgan Tramp muzokaralarda yevropaliklarga joy yo‘q degandi. Lekin urushni tugatishning yagona yo‘li Ukraina Rossiyaga o‘z hududlarini qo‘shqo‘llab topshirishi ekanini aytib charchamayotgan milliarder Stiven Uitkoff va Tramp ma’muriyatidagi boshqa megasiyosatchilar muzokaralarda hech nimaga erisha olmagach, janob Tramp Yevropadagi urushni yevropaliklarsiz tugatib bo‘lmasligini tushunib yetgan ko‘rinadi.
Seshanba kuni Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Ukraina, Fransiya va Germaniya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv yakunlangach davlat kotibi Marko Rubio rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrovga qo‘ng‘iroq qilib, Tramp va AQSh urush tugashini istayotganini aytgan. Shuningdek, AQSh bosh diplomati Vashington yana bir necha oy muzokarama muzokara sarson bo‘lib yurmoqchi emasligini, bir necha kunda bu borada bir qarorga kelishini aytdi.
Iroqdagi qum bo‘ronlar
Iroqda hafta davomida dahshatli qum bo‘ronlari yopirildi. Minglab odamlar nafas yo‘llaridagi muammo bilan tibbiy yordamga ehtiyoj sezgan. Mahalliy aeroportlar vaqtincha ishlolmay qolgan. O‘zi Iroqda bo‘ronlar shundog‘am juda ko‘p bo‘ladi, lekin iqlim o‘zgarishi sabab ular odatdagidan uzoqroq davom etadigan bo‘lib qoldi. BMT Iroqni tabiiy jihatdan eng noqulay besh davlat sirasiga kiritgan. Bu davlat qum bo‘ronlaridan tashqari jazirama va suv muammosi ham odamlarni qiynab keladi.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

12:50 / 13.04.2025
Bojlarni muzlatgan Tramp, urushdan sillasi qurigan Sudan – hafta dayjesti

15:08 / 06.04.2025
Dunyoga boj qo‘ygan Tramp, hibsga olinmagan Netanyahu – hafta dayjesti

13:45 / 23.03.2025
Tramp uchun duo qilgan Putin, Rossiya chegarasiga borgan ingliz shahzodasi – hafta dayjesti

14:43 / 16.03.2025