«O‘zbekkosmos» SpaceX bilan sun’iy yo‘ldosh uchirish imkoniyatini muhokama qildi
Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi SpaceX bilan o‘zbekistonlik yoshlar yig‘ishni rejalashtirayotgan ilmiy-texnologik sun’iy yo‘ldoshni uchirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Reuters
O‘zbekiston Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi («O‘zbekkosmos») AQShga tashrifi davomida Los-Anjyelesda SpaceX kompaniyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
«Uchrashuvda o‘zbekistonlik yosh muhandislar tomonidan Kyusyu texnologiya institutida (Yaponiya) o‘qish davomida yig‘ilishi rejalashtirilgan ilmiy texnologik sun’iy yo‘ldoshni SpaceX kompaniyasining raketasida uchirish masalasi muhokama qilindi», — deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, O‘zbekistoning «Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar – 2035» strategiyasi bo‘yicha fikr almashilib, SpaceX kompaniyasi vakillari hujjatning dastlabki loyihasi tayyor bo‘lgach, uni ko‘rib chiqib, yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr va mulohazalarini taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirgan.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari SpaceX kompaniyasining Falcon 9 tashuvchi raketasini ishlab chiqarish jarayonlari va quvvatlari bilan yaqindan tanishgan.
Kaliforniyada «O‘zbekkosmos» vakillari qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanish borasida sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida suv iste’moli hajmini aniqlash tajribasini o‘rgangan. Ya’ni Madera Yerosti suvlari barqarorligi agentligi, 108-sonli melioratsiya va Okdeyl irrigatsiya okruglariga tashrif buyurgan, Davids engineering va Land IQ kompaniyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Ta’kidlanishicha, AQShda fermerlar tomonidan yerosti suvlarining ortiqcha ishlatilishining oldini olish maqsadida ularga suv iste’moli bo‘yicha cheklovlar joriy etilgan va jarimalar belgilangan.
Shuningdek, tashrif doirasida delegatsiya 1969 yildan buyon geoaxborot tizimlari uchun dunyodagi eng kuchli dasturiy ta’minot yaratuvchisi hisoblangan, global yetakchi Esri kompaniyasining bosh qarorgohiga ham tashrif buyurgan. Muzokaralar davomida hamkorlikning yangi bosqichlari muhokama etilib, o‘zaro tajriba almashish va muntazam treninglar o‘tkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilgan.
Kolorado-springs shahri mezbonlik qilgan Space Symposium xalqaro konferensiyasida 40 dan ortiq mamlakatdan 10 mingdan ziyod qatnashchilar ishtirok etgan.
Xalqaro konferensiya doirasida «O‘zbekkosmos» va Koreya Aerokosmik administratsiyasi (KASA) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan. Unga ko‘ra, o‘zaro hamkorlikni kosmik ta’lim, fanlar va tadqiqotlar, kosmik texnologiyalarning qo‘llanilishi, sun’iy yo‘ldoshlar ishlab chiqish, yerusti kosmik infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda olib borish belgilangan.
Shuningdek, O‘zbekistonning «Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar – 2035» strategiyasini amalga oshirishda Fransiyaning Novaspace konsalting kompaniyasi bilan konsultativ hamkorlik qilish bo‘yicha ham ikki tomonlama kelishuvga erishilgan.
Xalqaro Astronavtika federatsiyasi ijrochi direktori bilan «IAC 2028»ni O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazilgan.
Mavzuga oid

21:39 / 17.04.2025
SpaceX AQShning «Oltin gumbaz»i uchun sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish bo‘yicha shartnomani qo‘lga kiritishi mumkin

18:22 / 01.04.2025
Professional bo‘lmagan astronavtlardan iborat ekipaj tarixda ilk bor Yer qutblari ustidan uchib o‘tadi

21:22 / 23.03.2025
NYT: SpaceX Tramp ma’muriyatidan milliardlab dollarlik shartnomalar oladi

17:05 / 16.03.2025