Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Otabek Bakirov ustidan IIBBga shikoyat kiritdi
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Temu’ning taqiqlanishiga munosabat tarzida yozilgan «Qonunsiz superregulyator» postini agentlikni obro‘sizlantirishga urinish, deb hisoblamoqda. Otabek Bakirov unda «O‘zbekistonda sug‘urta, kripto-aktivlar va elektron tijorat faoliyatining regulyatoriga aylanib qolgan» agentlikni tiyib turuvchi qonun yo‘qligini yozgandi.

Foto: Kun.uz
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi iqtisodchi va bloger Otabek Bakirovning Temu platformasi taqiqlanishiga munosabat tarzida yozgan «Qonunsiz superregulyator» postini agentlikni obro‘sizlantirishga urinish, deb topgan hamda Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga shikoyat kiritgan. Bu haqda Otabek Bakirovning o‘zi xabar berdi.
«Shikoyatni agentlik rahbari birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak imzolagan. Shikoyatga agentlik ishonchli vakilining tushuntirish xati ilova qilingan. Ariza hozirda poytaxt IIBB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilmoqda. Kecha oqshom chaqiruv bo‘yicha tergovga dastlabki tushuntirishlarni yozma va og‘zaki tarzda taqdim etdim (ish bo‘yicha hujjatlardan nusxa hali berilmadi)», – deydi iqtisodchi.
ILMA shikoyat kiritgan postda agentlik O‘zbekistonda hech bir qonunsiz sug‘urta, kapital, kripto-aktivlar va elektron tijorat faoliyati regulyatoriga aylanib qolgani, uning faoliyatini tiyib turuvchi, tartibga soluvchi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini oluvchi biror qonun yo‘qligi yozilgan edi.
Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, shikoyat kiritilgan post shu mavzudagi to‘rtta postdan biri. Agentlik esa ulardan faqat bittasiga e’tiroz bildirgan.
«Qonunsiz superregulyator posti Temu elektron savdo platformasi faoliyatini cheklash qarori e’lon qilingan 2025 yil 4 mart kuni yozilgan o‘zaro bog‘liq va bir-birini to‘ldiradigan ketma-ket to‘rtta postning ikkinchisi…
Lekin shikoyatda shu postlarning faqat bittasiga e’tiroz va norozilik bildirilgan, qolgan postlar mazmuni va mundarijasiga, shuningdek, postlar yozilishiga asos bo‘lgan sabablarga to‘xtalinmagan», – deyiladi xabarda.
Bakiroo kanali muallifi navbatdagi postida ham ushbu tashkilot faoliyatini tartibga solish uchun maxsus qonun kerakligini, bu fikrda sobit qolishini yozib chiqdi. U dunyodagi hech bir megaregulyator qonunsiz, qarorlar asosida (Executive order) faoliyat ko‘rsatmasligini ta’kidladi.
«O‘zbekistonda ko‘p iqtisodiy islohotlarda maslahatchi bo‘lgan Jahon banki sizlarning faoliyatingiz qarorlar bilan emas, alohida maxsus qonun bilan tartibga solinishi kerak, busiz sizlar nazorat qilayotgan sug‘urta va kapital bozoridan tortib kriptoaktivlar va elektron tijorat segmentlarigacha barqaror o‘sish bo‘lmaydi, investorlar qiziqmaydi, bozorlar bir qo‘lli va monopol tarzda qoladi, kuchli o‘yinchilar kuchsizlarini ma’muriy yo‘llar bilan yo‘q qiladi, regulyatorning mustaqilligi ta’minlanmaydi deb xulosa bersa, agentlik ularni ham meni obro‘sizlantirding, deb mahkamaga beradimi?» – deya savol qo‘yadi iqtisodchi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 20 martdan O‘zbekistonda Xitoydan arzon tovarlar yetkazib beruvchi Temu platformasiga sanksiya kiritildi, uning sayti va ilovasi bloklandi. Aholiga bu platformada buyurtma bermaslik, hali yetib kelmagan tovarlar uchun to‘lovni esa qaytarib olish tavsiya etildi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Temu O‘zbekistonga kelib, shu yerda o‘z shu’basini ochishi, yoki soliq idoralarida ro‘yxatdan o‘tib, QQS to‘lovchisiga aylanishi kerakligini bildirgan.
Shundan so‘ng Xitoy kompaniyasi o‘z oldiga qo‘yilgan asosiy talablardan biriga ko‘nib, O‘zbekistonda yuridik shaxs tashkil etdi. Ammo, Soliq qo‘mitasi Temu'ga mamlakatda norasmiy ishlagan davri uchun 46 milliard so‘m soliqni to‘lash majburiyatini yukladi.
Mavzuga oid

22:40 / 08.04.2025
Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv

18:53 / 01.04.2025
Temu O‘zbekistonda ishlashi uchun 46 mlrd so‘m soliq to‘lashi kerak - Soliq qo‘mitasi

22:55 / 22.03.2025
Tezlikni oshirishga ruxsat, Temu'ga taqiq va eksportga bojlar - hafta dayjesti

20:25 / 18.03.2025