«Barsa»da yilning eng yomon o‘yini, «PSJ» ham zo‘rg‘a yarimfinalga chiqdi
Dastlabki o‘yinlarda qulay hisoblarda g‘alaba qozongan «Barselona» va «PSJ» kambek qurboni bo‘lishi ham mumkin edi.

Foto: Boris Streubel/Getty Images
Girassining het-trigi yarimfinal uchun yetarli bo‘lmadi
YeChL, chorakfinal. Javob o‘yinlari.
Borussiya Dortmund – Barselona 3:1
Gollar: Girassi 11 (pen.), 49, 76 – Bensebaini 54 (avt.)
Borussiya Dortmund: Kobel – Zyule, Anton, Bensebaini – Koutu (Brandt 77), Gross, Nmecha (Reyna 64), Svensson – Adeyemi (Gittens 77), Girassi, Bayyer (Dyuranvil 65)
Barselona: Shensni – Kunde, Kubarsi, Arauxo, Martin – Gavi (Pedri 59), de Yong – Lopes (E. Garsiya 70) – Yamal (F. Torres 70), Lavandovski (Olmo 86), Rafinya
Ogohlantirishlar: Nmecha 56 – de Yong 35
Birinchi o‘yin: 0:4
«Barselona» – Chempionlar ligasi yarimfinalida. Ammo Dortmundning «Borussiya» klubi futbol olamini aql bovar qilmas kambek bilan lol qoldirishiga sal qoldi. Kataloniyaliklar yil boshidan buyon ilk bor mag‘lubiyatga uchradi.
O‘yindan oldin «Barselona» posboni Shchensni chigalyozdi mashg‘uloti chog‘ida qo‘lini shikastlab olgani va barchadan oldin kiyim almashtirish xonasiga ketgani haqida xabar paydo bo‘lgandi. Shunga qaramay, ushbu polyak boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi. To‘rtinchi daqiqadayoq «Borussiya» Shchensnini tekshirib ko‘rdi – Bayyerning zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi. Lekin zarba ancha uzoqdan berilgandi va Voysex bu to‘pni bir qo‘li gips holatida ham qaytarishi mumkin edi.
O‘yin debyutida «Barselona» to‘pni nazorat qilishga urindi, ammo «Borussiya» bor kuch bilan harakat qilib, raqibga o‘yin bermadi. Bu oraliqda Ispaniya chempionati peshqadami umuman o‘ziga o‘xshamadi. Yettinchi daqiqada, Koutuning Gavi bilan to‘qnashuvidan keyin kataloniyaliklar penaltidan qutulib qoldi, ammo bir necha daqiqa o‘tib Shchensni Grossni yiqitib qo‘yganida hech narsa Hansi Diter Flik jamoasini jazodan qutqara olmadi. Videotakror darvozabonning folini ham, Gross ofsaydda bo‘lmaganini ham tasdiqladi. Girassi esa penaltini original uslubda ijro etdi. Faqat u «panenka» zarbasi bilan to‘pni to‘sin ostiga yo‘llaydi.
«Barselona» faqat bo‘lim o‘rtalariga borganida Kobel darvozasi tomon ilk zarbasini yo‘lladi. Bu vaqtga kelib mezbonlar zarbalar bo‘yicha 7-0, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 5-0, yaqqol golli vaziyatlar bo‘yicha 3-0 va xG (kutilgan gollar) bo‘yicha 1,75 ko‘rinishida katta ustunlikka ega bo‘lishgandi. xG bo‘yicha 0,02 ko‘rsatkichi ham «Barsa» naqadar achinarli ahvolda qolganini ko‘rsatadi. 3-4-3 sxemasida o‘ynagan «Borussiya» yuqori tempni saqlab qolib, kataloniyaliklar mudofaa chizig‘i odatdagi kabi ancha yuqorida joylashganidan foydalanishga e’tibor qaratdi. Mezbonlar muntazam ravishda to‘pni ko‘k-anorranglilar jamoasi himoyachilari ortiga ochilishga chog‘langan hujumchilari yo‘liga tashlab berishdi. Bir necha holatda bu ofsayd holatiga olib keldi, ammo qolgan vaziyatlarda — hujumlar o‘ta xavfli chiqdi.
Aytish mumkinki, kataloniyaliklarga safar o‘yinida golga tashnalik yetishmadi. Bu ayniqsa to‘psiz harakatlanganda sezildi. Ammo bu o‘rinda barchasi tushunarli – birinchi o‘yindagi 4:0 hisobidagi ustunlik futbolchilarni xotirjamlikka berilishga majbur qilgandi. Qolaversa, «Barsa» markaziy forvardi Levandovskiga sifatli uzatmalar bo‘lmadi, holbuki bu oqshom u o‘zini dunyoga tanitgan stadionda kataloniyaliklar jamoasi safidagi 100-golini urishi mumkin edi.
«Borussiya» futbolchilari esa, o‘yingacha o‘zlari ham kambekka ishonmagan bo‘lsa, o‘yin davomida buni uddalash mumkinligiga ishonch paydo bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim ssenariysi birinchisiniki kabi boshlandi. Shchensni bir hujum davomida Adeyyemining zarbasini va jarima maydoni markazidan takroriy zarbani qaytardi, ammo burchak zarbasidan keyin Bensebainining yordamida Girassi rekord yozishda davom etdi. Gvineyalik hujumchining bir metr masofadan yo‘llagan zarbasini Rafinya qo‘llari bilan ham to‘xtata olmadi.
Ammo dortmundlik muxlislarning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi. Besh daqiqa o‘tib «Borussiya» yo‘q joydan gol o‘tkazib yubordi. Fermin ichkaridan oshirilgan to‘pga yetib bordi va jarima maydoni markazida kelayotgan Levandovskiga pas berdi. To‘p hujumchiga yetib bormadi, ammo uni to‘sishga uringan Bensebaini o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Undan oldingi epizod qahramoni o‘yin antiqahramoniga aylandi.
Avtogol «Borussiya» futbolchilari ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Kovach jamoasi taqdirga tan bergandek ko‘rina boshladi, mezbonlarning hujumdagi harakatlari o‘xshamadi, ammo 18 yoshli Dyuranvilning maydonga tushishi Dortmundni jonlantirdi. Xorvatiyalik mutaxassis yosh belgiyalikni tushirib, topqirlik qildi. Dyuranvil o‘ng qanotda Martin va Garsiyadan osonlik bilan qochib ketdi va jarima maydoni markaziga to‘p uzatdi, Arauxo uni uzoqlashtirishda xato qildi va Girassi imkoniyatdan foydalandi. Seru het-trikni rasmiylashtirdi va Rafinyani ortda qoldirgan holda YeChL joriy mavsumining eng yaxshi to‘purariga aylanib qoldi.
Shundan keyin «Borussiya» yana katta kuch bilan oldinga o‘tdi, Brandt to‘rtinchi golni ham urdi – ammo mezbonlar golni nishonlab bo‘lganidan keyin ofsayd holati qayd etildi. Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumi finalchisining bundan ortig‘iga kuchi yetmadi. Flik himoya chizig‘ini ancha ortga surdi, o‘yin tempini tushirdi va kerakli hisobni ushlab qoldi. Kataloniyaliklarning Yamal, Rafinya va Levandovski kabi yulduzlari o‘yinda biror harakati bilan ajralib turmadi. «Borussiya» kuchli raqibni zarbalar bo‘yicha ham (18:7, darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar – 11:2), xG bo‘yicha ham (0,49 ga qarshi 3,85) yaqqol ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi va turnirni boshini tik tutgan holda tark etadigan bo‘ldi.
Buni Flik uchun xavotirli signal deyish mumkin. Bu o‘ta yorqin mavsumda kataloniyaliklarga yordam beradigan siltalash vazifasini ham o‘tashi mumkin. Nima bo‘lganda ham jamoa barcha turnirlardagi ishtirokini davom ettirmoqda.
«Villa Park»dagi triller
Aston Villa — PSJ 3:2
Gollar: Tilemans (34), MakGinn (55), Konsa (57) — Hakimi (11), Mendesh (27)
Aston Villa: Martines — Din (Matsen, 76), Torres, Konsa, Kesh — Kamara, Onana (Remzi, 67) — Rodjyers, Tilemans (Barkli, 88), MakGinn (Asensio, 66) — Rashford (Uotkins, 76)
PSJ: Donnarumma — Mendesh, Markinos, Pacho, Hakimi — Ruis, Vitinya, Nevesh — Kvaratsxeliya, Dembele, Barkolya (Due, 61)
Ogohlantirish: MakGinn (42)
Birinchi o‘yin: 1:3
«Aston Villa» va «PSJ» o‘rtasidagi javob uchrashuvi ham shiddatli kechdi. Parij shunchaki kuchliroqdek, birinchi o‘yindagi ikki gol farqi – Angliya javob o‘yinidan oldin yetarli bo‘ladigandek ko‘ringandi. Qolaversa, «PSJ» ikkinchi uchrashuvni nafaqat kuchli boshladi, balki vaziyatlardan foydalanishda sovuqqonlik namoyish etdi.
Birminghemliklarda avvaliga barcha narsada uzilish bo‘ldi. O‘yin boshlanishi arafasida tashkilotchilar musiqani adashtirib yuborishdi va butun stadionga Chempionlar ligasi o‘rniga, Yevropa ligasi madhiyasi qo‘yib berildi. Bu shunchaki ovoz operatori xatosi bo‘lgani tayin. Ammo internetda darhol Emeri, «Yevropa ligasi qiroli», Yevropadagi ikkinchi darajali turnirning to‘rt karra qiroli ekanini eslatib, bu o‘ylangan hiyla ekani haqida memlar keng tarqaldi.
Futbolchilar bunga turlicha reaksiya ko‘rsatishdi — parijliklar o‘zini noqulay sezishdi. Inglizlar esa tabassum qilishdi — aftidan, ular o‘z murabbiyining sevimli turniri madhiyasini yaxshilik alomati deb hisoblashgan.
Ammo «Villa» futbolchilari o‘yin startidayoq muxlislari kambekdan umid uzishi uchun o‘ynay boshladi. Markus Reshford raqib jarima maydoni oldida to‘pni yo‘qotdi, mehmonlar esa ikki uzatma bilan Barkolyani maydonning narigi qismidagi jarima maydoni yaqinida to‘p bilan ta’minladi, yosh fransuzning markazga uzatmasidan keyin Martines qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va to‘pni Hakimining oyog‘iga tashlab berdi – «PSJ» qanot himoyachisi o‘ta aniq zarba berdi.
«Villa» uchun bu o‘ta noqulay ssenariy edi va jamoa yana ochilishga majbur bo‘ldi. 27-daqiqada mezbonlar navbatdagi hujumda to‘p yo‘qotdi, parijliklar esa yana bir necha uzatma bilan jarima maydoniga yetib keldi va 4 ga 2 ko‘rinishidagi qarshi hujumda ikkinchi golni urishdi. Dembele to‘pni qulay vaziyatda turgan Mendeshga tashlab berdi va qanot himoyachisi burchakka ideal zarba berdi. Shundan keyin ikki o‘yin natijasiga ko‘ra umumiy hisob «PSJ» foydasiga 5:1 ko‘rinishini oldi.
Bunday holatda qandaydir intriga qolgani haqida gapirish qiyin edi. Fol uchun Hakimiga qizil kartochka ko‘rsatilganida, bu mantiqiy bo‘lardi, ammo hakam marokashlik futbolchini kechirdi.
«Villa» birinchi bo‘limdayoq javob qaytarishni boshladi. Mezbonlarga rikoshet yordam berdi – Tilemansning zarbasidan keyin to‘p Pachoning ko‘ksiga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib, to‘sin ostidan darvoza to‘riga bordi. Shunga qaramay, «PSJ» o‘zi uchun qulay hisobda tanaffusga yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limda esa parijliklarning oyog‘i qaltiray boshladi va «Villa» tezda yana bir gol urdi. E’tiborli jihati, ikkinchi gol ham Pachoning ishtirokida bo‘ldi. Tezligi u qadar yuqori bo‘lmagan Makginn to‘pni o‘z jamoasi jarima maydoni atrofidan raqib jarima maydoniga qadar olib bordi va kuchli zarba yo‘lladi – to‘p markaziy himoyachiga tegib, to‘sin ostiga sho‘ng‘idi – 2:2. Bu hujumda parijliklarning na maydon futbolchilari va na Donnarumma hujumni to‘xtatish chorasini topa olmadi.
Bir necha daqiqa o‘tib «Villa» uchinchi golni urishga ham yaqin keldi. Reshfordning jarima maydoni chizig‘idan yo‘llagan zarbasidan keyin Donnarumma to‘qqizlikka borayotgan to‘pni to‘xtatib qoldi.
«Villa» keyingi hujumda baribir uchinchi golni ham urdi – shunday qilib 0:2 hisobi 3:2 ko‘rinishiga o‘zgardi. Reshford raqib jarima maydonida ajoyib dribling namoyish etdi va Konsani qulay vaziyatga chiqardi. Himoyachi yaqin burchakka aniq zarba yo‘lladi. Ketma-ket uch goldan keyin «Villa» ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra hisobni tenglashtirishga juda yaqin keldi. «PSJ» futbolchilari asabiylashib, juda ko‘p imkoniyat berdi. Tilemans bosh bilan yo‘llagan xavfli zarbani ham Donnarumma qaytardi. Keyin esa Asensio bilan yakkama-yakka vaziyatda qahramonlik ko‘rsatdi.
«PSJ»ning o‘zida esa vaziyatlar ko‘p bo‘lmadi, kamdan kam vaziyatlardan birida Due imkoniyatdan foydalana olmadi va o‘yin so‘nggi daqiqalargacha asabiy davom etdi.
So‘nggi soniyalarda ham Matsenning jarima maydoni chizig‘i yaqinidan yo‘llagan zarbasi o‘ta xavfli chiqdi. To‘p darvoza sohasiga to‘g‘ri borayotgandi, ammo bu safar aynan Pacho to‘pni to‘sib qoldi. «PSJ» katta qiyinchilik bilan yarimfinalga chiqdi, ammo keyingi bosqichda jamoadan yaxshiroq o‘ynash talab etiladi – final ostonasida parijliklarni «Arsenal» – «Real» juftligi g‘olibi kutadi.
Mavzuga oid

12:08 / 13.04.2025
«Siti»da superkambek, «Barsa» nursiz o‘yinida ham g‘alaba qozondi. Kun o‘yinlari

02:04 / 10.04.2025
«Barselona» «Borussiya»ga 4 ta gol urdi, «PSJ»da ham ishonchli g‘alaba

12:41 / 06.04.2025
«Real» ham, «Barsa» ham chempionlik poygasida qoqildi. Kun o‘yinlari

02:38 / 03.04.2025