Jahon | 22:43 / 15.04.2025
11201
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya aholisi yarim million kishiga qisqardi

Mamlakatda 15 yoshdan kichik aholi ulushi 11,2 foizgacha tushib ketdi.

Foto: Kommersant’

Yaponiya aholisi o‘tgan hisobot yilida (2023 yil oktyabrdan 2024 yil oktyabrga qadar) 550 ming kishiga kamaydi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar va kommunikatsiya vazirligi hisobotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Yaponiya aholisi ketma-ket 14-marotaba kamaymoqda. Hozirda mamlakat aholisi 123,8 million kishini tashkil etadi.

Mamlakatda yashovchi Yaponiya fuqarolari soni 898 ming kishiga kamaygan — bu 1968 yildan beri yuritilayotgan statistika tarixidagi eng katta yillik pasayishdir.

Shu bilan birga, Yaponiya aholisi sezilarli darajada qarishni davom etmoqda. Yil yakunlariga ko‘ra, 15 yoshdan kichik aholi ulushi 11,2 foizni tashkil etgan — 13,83 million kishi. Bu undan oldingi yilga nisbatan 343 ming kishiga kam bo‘lib, butun tarixdagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mamlakatda keksalar (65 yoshdan kattalar) soni esa oshmoqda. 2024 yilda ularning soni 17 ming kishiga ko‘paygan — 36,24 million. Ular Yaponiya aholisining 29,3 foizini tashkil etadi.

Avvalroq Yaponiyada tug‘ilish ketma-ket sakkiz yildan beri kamayayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. 2024 yilning birinchi yarim yilligida mamlakatda tug‘ilish rekord darajada tushib ketgan — 350 ming chaqaloq tug‘ilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,7 foizga kam demak. O‘tgan yili Tokio demografik inqirozga qarshi kurashning yangi yo‘li — to‘rt kunlik ish haftasini sinab ko‘rishni boshlagan.

Mavzuga oid