Jahon | 16:50 / 15.04.2025
6811
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti uchun 11 yil qamoq jazosi so‘raldi

Almazbek Atambayev 2019 yil avgustida Qo‘y-Toshda yuz bergan qonli voqealar bo‘yicha sudlanmoqda.

Foto: 24.kg

Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atambayev va yana bir qancha shaxslar Bishkekda 2019 yil avgust oyidagi Qo‘y-Tosh voqealari uchun sudlanmoqda. Prokuror sobiq prezidentni 11 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘radi, deb yozdi 24.kg.

Ayblov tomoni, shuningdek, Atambayevning sobiq qo‘riqchisi Kanat Sag‘imbayevni 11,5 yilga, prezident ma’muriyatining sobiq rahbari Farid Niyozov, parlamentning sobiq a’zosi Ravshan Jyeenbekov va Atambayevning partiyadoshi Farxat Baabiyevning har biriga 10 yillik qamoq jazosi so‘ragan.

Qo‘y-Toshdagi voqealar bo‘yicha ish yana ikkita boshqa ish bilan birlashtirildi – noqonuniy yer uchastkalari va Bishkek IESga ko‘mir yetkazib berish bilan bog‘liq.

Almazbek Atambayev 2011-2017 yillarda Qirg‘iziston prezidenti lavozimida ishlagan, hokimiyat Sooronbay Jyeenbekovga o‘tganidan keyin ularning munosabatlari yomonlashgan va Atambayev muxolifatga o‘tgan. 2019 yilda uning daxlsizligi olib tashlangan va u bir qancha jinoyatlarda, jumladan, kriminal avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilishda ayblangan.

2019 yil 7 avgust kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (GKNB) maxsus bo‘linmalari Atambayevni so‘roqqa olib ketish uchun uning Qo‘y-Toshdagi qarorgohiga bostirib kirishga uringan. Biroq uning tarafdorlari qarshilik ko‘rsatgan, oqibatda maxsus bo‘linmaning bir askari halok bo‘lgan va GKNB olti nafar xodimi garovga olingan.

Ertasi kuni xavfsizlik kuchlari takroriy operatsiya o‘tkazib, Atambayevni qo‘lga oldi. To‘qnashuvlar chog‘ida sobiq prezident tarafdorlari xavfsizlik kuchlariga o‘t qo‘ygan va tosh otgan. 7-8 avgust voqealari chog‘ida 225 kishi, jumladan, Ichki ishlar vazirligining 91 nafar, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 40 nafar xodimi jarohatlangan.

Atambayev 2020 yil iyun oyida Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilishda aybdor deb topilib, mulkini musodara qilish va davlat mukofotlaridan mahrum qilish bilan 11 yil-u 2 oyga ozodlikdan mahrum etilgan edi. 2023 yil 13 fevralda Qirg‘iziston Oliy sudi yangi ochilgan holatlar tufayli hukmni bekor qildi va ertasi kuni Atambayevga xorijga chiqishga ruxsat berildi.

2023 yil 14 fevral kuni u koloniyadan ozod qilindi va davolanish uchun chet elga uchib ketdi.

Mavzuga oid