Jahon | 00:15 / 15.04.2025
10857
4 daqiqa o‘qiladi

KXDRda mamlakat tarixidagi eng katta harbiy kemani qurish boshlandi

U o‘lchami jihatidan Shimoliy Koreyada mavjud boshqa barcha kemalardan ikki barobar katta bo‘ladi. Shuningdek, kema dengiz va yerdagi nishonlarga qarshi boshqariluvchan raketalar bilan jihozlanadi.

Foto: KCTV

Shimoliy Koreya o‘z tarixidagi eng katta harbiy kemani qurishni boshladi, deb xabar bermoqda CNN. Kemani qurish ishlari Nampo — Pxenyandan taxminan 60 kilometr uzoqlikdagi korxonada amalga oshirilmoqda. 

Qayd etilishicha, 6 aprel kuni Maxar Technologies va Planet Labs sun’iy yo‘ldoshlari kemani tasvirga olishga muvaffaq bo‘lgan. Suratlar tahliliga ko‘ra, bu dengiz va yerdagi nishonlarga qarshi boshqariluvchan raketalarga ega fregat bo‘ladi.

Kema o‘lachami jihatida KXDRda mavjud boshqa barcha kemalardan ikki barobarga katta. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilida keltirilishicha, uning o‘lchami 140 metrga yetadi. Fregatni vertikal raketa uchirish tizimlari va Shimoliy Koreya flotida ilgari qo‘llanilmagan radar uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilgan. Pxenyan BMT sanksiyalari sabab bunday uskunalarga ega bo‘lmasligi kerak, shu bois Ukrainaga qarshi urushda yordam berayotgani uchun Rossiya KXDRni ta’minlayotgan bo‘lishi mumkin.

AQSh Harbiy-dengiz kuchlarining sobiq kapitani Karl Shusterning ta’kidlashicha, Shimoliy Koreyani yangi harbiy kemasi dengiz sinovlariga tayyor bo‘lishi uchun yana bir yil yoki undan ko‘proq vaqt kerak bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy muammo — aloqa tizimlari, elektronika, datchiklar va zamonaviy qurollarni yagona tizimga integratsiya qilish bo‘ladi. Bundan tashqari, bu darajadagi ulkan harbiy kemani boshqarish uchun katta miqdorda moliyaviy va inson resurslari talab etiladi. Janubiy Koreya Milliy yig‘ini razvedka bo‘yicha qo‘mitasi a’zosi Kim Ben Ki oldinroq Pxenyanda bunday imkoniyatlari mavjudligiga shubha bildirgandi. «Bu kabi kema ekspluatatsiyasi katta xarajatlarni, jumladan, uskunalar va yoqilg‘ini talab qiladi. Bundan tashqari, bitta yirik harbiy kema dengizga yolg‘iz chiqa olmaydi. Shu bois savol yuzaga keladi: Shimoliy Koreya bunday xarajatlarga dosh bera oladimi?» — degan u.

O‘z navbatida Janubiy Koreya admirali Kim Duk Ki yakuniy mahsulot qanday bo‘lishi, ayniqsa, uning halokatli kuchini past baholash mumkin emasligini ta’kidlagan. «Agar Shimoliy Koreya yangi fregatni yanvar oyida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma’lum qilgan gipertovushli ballistik raketa bilan jihozlasa, bu mintaqadagi xavfsizlik vaziyatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan sobiq dengiz ofitseri.

AQSh Mudofaa vazirligining Razvedka boshqarmasiga (DIA) ko‘ra, 2021 yilda Shimoliy Koreya flotida taxminan 400 ta jangovar patrul kemasi va 70 ta suvosti kemasi bo‘lgan, biroq ularning deyarli barchasi eskirgan. Faqatgina 1970 yillarda qurilgan ikki «Nadjin» sinfidagi fregat ochiq dengiz janglari uchun yaroqli hisoblanadi. DIA hisobotida keltirilishicha, Janubiy Koreya yoki AQSh bilan yuz berishi mumkin bo‘lgan istalgan mojaroda Shimoliy Koreya floti asosan qirg‘oq mudofaasi bilan cheklanadi, chunki ikkala davlat ham harbiy-dengiz kuchlarida ustuvorlikka ega.

Shu bilan birga, KXDR yetakchisi Kim Chen In flotni modernizatsiya qilishni davom ettirmoqda: yangi fregatdan tashqari Sinpo portida atom suv osti kemasi, Chxonjin shahrida esa yana bir yirik esminets qurilmoqda. Shuningdek, suv ostidan uchiriladigan raketalar va ularni tashuvchi suvosti kemalari ishlab chiqilyapti. Sentyabr oyida esa Kim katta o‘lchamli kemalar uchun yangi baza qurilayotgan hududni ko‘zdan kechirgan edi.

Mavzuga oid