Jamiyat | 11:39 / 14.04.2025
4634
5 daqiqa o‘qiladi

“Patirxonam bo‘lishini orzu qilardim” – patirchi ayollar tumanidan reportaj

Buxoro viloyatining Peshku tumani o‘zining patirlari bilan mashhur. Bundan 1-2 yilcha oldin ayollar asosan uylarida patir yopgan bo‘lsa, hozir tandirlar ko‘chalarga ko‘chgan. Shunday patirxonalardan birini 35 yoshlar atrofidagi Dilfuza ham ijaraga olgan. Ayol azonlab turib, xamir qoradi, ertalab soat 8-9 gacha patirlar tandirdan uziladi. Ish, o‘qish, maktabga ketish oldidan odamlar patirxonaga yuguradi.

Buxoro viloyatining Peshku tumani markaziga kirib boraverishingiz bilan yo‘l chekkasida qurilgan tandirlar ko‘rinadi. Bu tuman o‘zining patirlari bilan tanilgan. Tandirlar yonida kuymalanib yurgan ayollarga ko‘zingiz tushadi. Bundan 1-2 yilcha oldin ayollar asosan uylarida patir yopgan bo‘lsa, hozir tandirlar ko‘chalarda va bu biznesga aylanib ham ulgurdi. Uyda patir yopish bir ayolning 1 kunini oladi. Hozir esa ayollarning ishi yengillashgan. Tayyor patirlar ko‘chada sotiladi. Tumandagilaring aytishicha, sotiladigan patirlarining mazasi ham uyda pishiriladigandan kam emas.

Tuman markazining o‘zida 10 ga yaqin patirxonalar ochilgan. Shunday patirxonalardan birini Dilfuza ham ijaraga olgan. Ayol azonlab turib, patir qoradi, ertalab soat 8-9 gacha patirlar tandirdan uziladi. Ish, o‘qish, maktabga ketish oldidan odamlar patirxonaga yuguradi. Patirlar donasi 15 ming so‘mdan. To‘g‘ri, bu tuman aholisi daromadi uchun biroz qimmatlik qilishi mumkin. Lekin Dilfuzaning aytishicha, patirlar kechgacha qolmay sotilib ketadi.

Bir kunda 50-60 donagacha patir pishiramiz. Uning yonida non ham pishiramiz. Patirlar ko‘proq sotiladi. Chunki ertalab ko‘p oilalarda shirchoy pishadi. Bizda shirchoyni patir bilan yeyish an’anaga aylangan”, – deydi ayol.

Dilfuza oldin patirchi ayollar bilan ishlagan. Ishni yaxshi o‘rganib, keyin o‘zi ham patirxona ochishga qaror qilgan.

O‘zimning ham shaxsiy patirxonam bo‘lishini orzu qilardim. Qishlog‘imizdagi patirxonani ijaraga olib, ish boshladim. Men bilan yana 2 kishi ishlaydi. Ularga kunlik 40-50 ming so‘mdan to‘layman. Bahonada ular ham band bo‘ladi, ham pul ishlaydi”, – deydi Dilfuza.

Ayol tumandagi patirlar nega mashhurligi haqida ham gapirib o‘tdi. Uning aytishicha, yog‘lanishi va ko‘p dam oldirib tayyorlanishi patirlar mazasini takrorlanmas qilgan.

Patirlar qorilganidan keyin biroz dam oladi, keyin 1 kilogrammli mayda zuvalalarga bo‘linadi. Yana dam oldiriladi. Keyin mayin qilib yoyib, ularga moy suriladi. Shundan keyin yana dam oldiriladi. Keyin tandirga sig‘adigan hajmda aylana qilib yoyilib, yana dam olishga qo‘yiladi. Keyin yopishga tayyorlanadi. Ungacha tandir qizib turadi”, – dedi u.

Dilfuzaning patirlari ham yaxshi sotiladi. U buni patirlarni yog‘lash uslubi boshqacha bo‘lgani bilan bog‘ladi. “Tumanda yaxshi patirchilar bor, shular qatorida bizniki ham ketib turibdi. Biz patirlarni yaxshi yog‘laymiz, shuning uchunmi darrov sinadi, suvga solsangiz erib ketadi. Balki patirlarimiz yaxshi sotilayotganiga yana bir sabab shudir”, – deydi ayol.

Ayol tandirni o‘tin bilan qizdiradi. Yaqinda 800 ming so‘mga g‘o‘zapoya sotib olgan. Tandirni qizitishda asosan shu o‘tindan foydalanadi.

O‘tinda qizitilgan tandir ham patirning pishishi, ta’miga ta’sir qiladi. O‘tinni ham maromida solish, o‘tkazib yoki kamaytirib yubormaslik muhim. Yo‘qsa, patirlar yo kuyib, yo yaxshi pishmay chiqishi mumkin”, - deydi Dilfuza.

Tumanning ayol istiqomat qilayotgan qismida gaz yo‘q. Buning qiyinchiligi bahor, yozda juda bilinmaydi. Lekin kuz va qishda ayollar qiynaladi. Suv isitishdan tortib, ovqat qilishgacha asosan gaz ballondan foydalanishadi. 

Mana shu tomoni juda og‘ir. Qishdan zo‘rg‘a chiqdik. Uyda ham gaz yo‘q. Gazballonlar ham ko‘pga yetmaydi. Daromad kam, shuning uchun patirxona ochishni xohladim, shu ish yaxshi yurib ketishi uchun harakat qilyapmiz”, – deydi u. Ayol bir kunda 300-400 patir chiqarishni reja qilayotgani, bu uchun ko‘proq ishchi kuchiga ehtiyoji borligi aytadi. Shu bilan, birga ko‘proq buyurtmalar olib, patirlarini boshqa viloyatlarga ham sotishni yo‘lga qo‘yishni reja qilyapti.

Zuhra Abduhalimova tayyorladi.

Mavzuga oid