Rossiya Ukrainaning chegara hududlarida yangi yurish boshlagan
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni o‘z intervyusida Rossiyaning yangi yurishidan tashqari, 2023 yilgi qarshi hujumi atrofidagi so‘nggi gaplar yuzasidan izoh bergan, Kursk oblastidagi amaliyot, Rossiya ichkarisiga zarbalar, safarbarlik, KXDR qo‘shini va Ukraina uchun tinchlikparvar kuchlar haqida gapirgan.

Foto: Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy «Levyy bereg» nashriga katta intervyu berdi. Nashr bosh muharriri Sonya Koshkina bilan suhbat chog‘ida u Rossiya Ukrainaning Sumi va Xarkiv oblastlariga hujum boshlaganini aytdi, shuningdek, Ukrainaning 2023 yilgi qarshi hujumi nima uchun muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tushuntirdi. «Meduza» Sirskiyning asosiy fikrlarini keltirdi.
RF armiyasining yangi yurishi haqida
Aytishim mumkinki, prezident mutlaqo haq va [Sumi hamda Xarkiv oblastlaridagi] bu hujum aslida allaqachon boshlangan. Chunki so‘nggi bir necha kun, qariyb bir haftadan beri dushmanning asosiy yo‘nalishlardagi hujumiy harakatlari qariyb ikki barobarga ortganini kuzatyapmiz.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Rossiyaning urushdagi maqsadlari o‘zgarmaganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning maqsadi – Kursk oblastidan Ukraina qurolli kuchlarini to‘liq siqib chiqarish, Xarkiv, Sumi va Chernihiv oblastlarida chegara bo‘ylab bufer hudud yaratish, Donetsk va Luhansk oblastlarini to‘liq, shuningdek, Xerson va Zaporijjya oblastlarining bir qismini egallash.
«Olib borilayotgan barcha muzokaralarga qaramay, biz faqat hujumkor harakatlar shiddati ortib borayotganini kuzatmoqdamiz», – dedi Sirskiy.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Rossiya hujum harakatlarini qachongacha davom ettirishga qodirligi va Ukraina armiyasiga frontni barqarorlashtirish uchun nima kerakligi haqidagi savolga javob bermadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham mart oyida razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiya Sumi, Xarkiv va Zaporijjya oblastlarida yangi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida aytib o‘tgandi. Uning fikricha, Vladimir Putin urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarni cho‘zib, vaqtdan yutmoqchi va yanada ko‘proq ukrain hududlarini egallashga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Ukrainaning 2023 yilgi qarshi hujumi haqida
Intervyuda qo‘mondon The New York Times gazetasining 2023 yilda Ukraina hukumati Sirskiy «oyoq tirab turib olgani» uchun ukrain armiyasining qarshi hujumi rejasini o‘zgartirib, unga Donetsk oblastidagi Baxmut shahri atrofidagi amaliyotni ham kiritgani haqidagi ma’lumotiga munosabat bildirdi.
Harbiy harakatlarda qatnashgan har bir ofitserimiz, general biladiki, bu umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ha, biz Baxmutning janubida hujum qildik. Ammo biz hujum harakatlarini guruh tarkibidagi ikki brigada bilan olib bordik-ku. Agar bizda beshta brigada bo‘lganida, o‘ylaymanki, Baxmut ham, Soledar ham ozod qilinardi. Buning ustiga dushmanning o‘zi ulardan qochib ketgan bo‘lardi. Chunki bu operatsiyaning maqsadi shundan iborat ediki, biz ushbu guruhni logistika bilan ta’minlaydigan uchta asosiy yo‘lni kesib qo‘ygan bo‘lardik.
Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, bu amaliyotni rejalashtirishda harbiylar «kuchlar yetarli emasligini tushunib turishgan». «Ammo biz qo‘qqisdan hujum qilish omiliga, avantyuristik bo‘lmasa ham, jasur harakatlar bilan raqib mudofaasini yorib o‘tishga, u tayyor holatda bo‘lmasligiga, masalan, Zaporijjyadagi kabi mustahkam emasligiga umid qilgandik», – degan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «shunchaki kuch va vositalar yetishmagani» tufayli amaliyot muvaffaqiyatga erishmagan.
Kursk oblastidagi amaliyot haqida
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni ta’kidlashicha, Ukraina armiyasining 2024 yil avgust oyida Kursk oblastidagi hujumi sir saqlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvaliga bu operatsiya haqida faqat to‘rt kishi bilgan, keyin bo‘linma qo‘mondonlari xabar topgan. Sirskiyning aytishicha, hujum boshlanishidan bir kun oldin u askarlar bilan shaxsan uchrashib, ularni davlat chegarasini kesib o‘tishga tayyorlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi harbiylarda chegarani kesib o‘tish «o‘ziga xos ma’naviy to‘siq» hisoblangan.
Hujum arafasida men barcha bo‘linmalarni, rotalarni tom ma’noda aylanib chiqdim, askarlar bilan uchrashdim va ularning har biriga nima uchun u yerga borayotganimizni va nima uchun aynan shu yerda ekanimizni aytib berdim. Chunki bu qonuniymi, deb so‘ragan komandirlar ham bor edi.
Rossiya ichkari hududlariga zarbalar
Sirskiy ukrain armiyasining RF qurolli kuchlari arsenaliga zarbalaridan so‘ng rossiyalik harbiylar oldingiga qaraganda kamroq artilleriya snaryadlaridan foydalana boshlagan.
Biz deepstrike amaliyoti (ya’ni Rossiya hududlari ichkarisiga zarbalar) doirasida juda muvaffaqiyatli zarbalar seriyasini o‘tkazdik. Yodingizda bo‘lsa, biz bir nechta qurol omborlarini aniq nishonga olgandik. Shundan so‘ng dushmanning bir kecha-kunduzda ishlatilgan artilleriya snaryadlari soni deyarli ikki baravar kamaydi. Ular har kuni 40 mingga yaqin va undan ortiq o‘q-dori ishlatgan. Zarbalarimizdan keyin esa raqam keskin o‘zgardi va 23 ming atrofida tebranib turdi, hozir biroz ko‘tarildi – 27-28 ming darajasida.
Sirskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina harbiylari «aerodromlarga bir qator muvaffaqiyatli zarbalar bergan», shu sababli Rossiya armiyasi aviatsiyani Rossiya ichkarisiga ko‘chirgan. «Bir necha kun oldin bizning muvaffaqiyatli harakatlarimiz bilan uzoq masofali Tu-22M3 bombardimonchi samolyoti yo‘q qilindi. Endigina qo‘ngan edi – bizning dronimiz uni urib tushirdi. Qiymati – 100 million dollar atrofida», – dedi bosh qo‘mondon. U Ukraina zarbalari tufayli Rossiya floti «amalda Novorossiyskda qamalib qolgani»ni qo‘shimcha qilgan.
Ukrainadagi safarbarlik va Rossiyadagi shartnoma asosida jalb qilinayotganlar haqida
Sirskiyning ma’lum qilishicha, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq aytganidek, Ukraina armiyasiga har oyda 30 mingga yaqin odamni safarbar qilishga harakat qilinmoqda.
Prezident o‘zi aytgan raqamni e’lon qildi. Va bu haqiqatan ham biz amal qilishimiz kerak bo‘lgan raqam. Dushman shartnoma tuzuvchilar hisobiga o‘z qurolli kuchlari sonini har oyda sakkiz-to‘qqiz mingga ko‘paytirib bormoqda. Ba’zi hududlarda shartnoma qiymati 40 ming dollargacha yetadi. Pul esa ular uchun doimo rag‘batdir.
KXDRning urushdagi ishtiroki haqida
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Rossiya tomonida turib harbiy harakatlarda ishtirok etayotgan Shimoliy Koreya qo‘shinlari katta yo‘qotishlarga uchraganini, ammo KXDR kuchlari allaqachon ikki marta to‘ldirilganini aytdi. U urushda qancha shimoliy koreyalik harbiylar ishtirok etayotganini aytmadi – avvalroq Ukraina rasmiylari buni 12 ming kishiga baholagandi.
Koreyslar kelishyapti. Kamida ikkita o‘qitish va to‘ldirish to‘lqini bo‘ldi. Ulardan Kursk oblastidagi janglarda faol foydalanilgan, shturmchi guruhlar asosini tashkil etgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri hujumga o‘tib, eski sovet taktikasini qo‘llashgani uchun katta yo‘qotishlarga uchrashdi. Hozir biz ularning tayyorgarligi, qurol-yarog‘i, anjomlari takomillashib borayotganini ko‘rib turibmiz. Ular allaqachon Rossiya armiyasi standartlariga o‘tishgan. Va ulardan foydalanish davom etmoqda.
Ukrainadagi tinchlikparvar kuchlar haqida
Hozir Ukrainaning Yevropadagi ittifoqchilari muhokama qilayotgan tinchlikparvar kuchlarni yuborish, Sirskiyning fikricha, vaziyatni «ma’lum muddatga» barqarorlashtirishi mumkin, ammo bu qancha davom etishi noma’lum.
U yoki bu mamlakat qo‘shinlari davlatimiz hududida bo‘lishi – siyosiy masaladir. Harbiy nuqtayi nazardan, albatta, boshqa davlat kontingenti mavjudligi – qo‘shimcha xavfsizlik kafolatidir, chunki ular hech bo‘lmaganda bu qo‘shinlar joylashgan harbiy qism dushman tomonidan yo‘q qilinmasligini ta’minlaydi. Albatta, nazariy jihatdan bu qismlar jangovar to‘qnashuv chizig‘ida bo‘lmaydi. Ular tahdid darajasi minimal bo‘lgan joyda turadi... Ha, ma’lum muddatga, albatta, bu vaziyatni barqarorlashtiradi. Lekin qancha davom etishini aytish qiyin.
Mavzuga oid

09:50
London Ukrainaga ko‘p millionlik yordam taqdim etdi

08:59
Britaniya razvedkasi Rossiyaning 2025 yildagi yo‘qotishlarini taxmin qildi

22:21 / 14.04.2025
Ukrainlarga asir tushgan xitoyliklar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

21:13 / 14.04.2025