«Bu qonli qirg‘in». Trampning bojlari Osiyo bozorlarini qulatdi
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi fond bozorlari o‘tgan hafta AQSh prezidenti tomonidan e’lon qilingan tariflarga javoban shiddat bilan pasaymoqda. Donald Tramp bu uni xavotirga solmayotganiga ishora qilib, bozorlar qulashini «zarur dori» qabul qilingandagi reaksiyaga o‘xshatdi.

Foto: Getty Images
Regionning asosiy birja indekslari – Shanxaydan Tokiogacha va Sidneydan Hongkonggacha – dushanba kuni savdolar ochilishi bilanoq qulab tushdi.
Kun yarmiga kelib Yaponiyaning Nikkei 225 indeksi 6 foizga, Avstraliyaning ASX 200 indeksi 4 foizga, Janubiy Koreyaning Kospi indeksi esa 4,7 foizga tushib ketdi.
Shanghai Composite indeksi 6 foizdan ko‘proqqa, Hongkongning Hang Seng va Tayvanning TAIEX indekslari taxminan 10 foizga pasaygan.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasining 13 mamlakatidan yirik va o‘rta kapitallashuvga ega kompaniyalarni o‘z ichiga olgan MSCI Asia Pacific indeksi 2008 yildan beri eng kuchli pasayishni ko‘rsatdi (minus 7,1 foiz), Nikkei 225 esa «ayiq bozori» zonasiga kirdi – ya’ni avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan 20 foiz yoki undan ko‘proqqa pasaydi, deb yozadi Bloomberg agentligi.
«Bu qonli qirg‘in», – deya izoh berdi birja tahlilchilaridan biri BBC’ga.
Xitoyning materikdagi qismi, Hongkong va Tayvandagi birjalar juma kuni bayramlar tufayli yopilgani sababli, investorlar faqat dushanba kuniga kelib global qulashlarga reaksiya bildirishdi, shu sababli qulash yanada keskin ko‘rinish oldi.
Butun dunyo bo‘ylab sotiladigan tovarlarning aksariyati aynan Osiyoda ishlab chiqarilgani sababli, Osiyo mamlakatlari va hududlari AQSh tomonidan joriy etilgan tariflardan bevosita aziyat chekmoqda. Ular, shuningdek, global savdo urushi dunyodagi eng yirik iqtisodiyot sekinlashishiga yoki hatto tanazzuliga olib kelishi mumkinligidan xavotirda.
«Tariflar inflatsiya va retsessiya bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytiradi», – dedi London fond birjasining shu’ba korxonasi – FsE Russell bo‘limi rahbari Juliya Li.
Goldman Sachs keyingi 12 oy ichida AQShdagi retsessiya ehtimolini 10 foiz punktga – 45 foizga oshirdi.
Uoll-stritdagi boshqa investitsiya kompaniyalari ham Tramp ma’muriyatining tariflar haqidagi e’loni fonida o‘z prognozlarini qayta ko‘rib chiqdi. JPMorgan endi AQSh va dunyoda retsessiya ehtimolini 60 foiz deb baholamoqda. Shu bilan birga, JPMorgan iqtisodchilari Amerika iqtisodiyoti istiqbollarini baholashni o‘zgartirdi: avvalgi 1,3 foizlik o‘sish prognozi o‘rniga ular endi 0,3 foizlik pasayish ehtimoliga asoslanmoqda, deb yozadi Reuters.
Yakshanba kuni Air Force One bortida jurnalistlar qarshisiga chiqqan Tramp bozorlar pasayishi uni tashvishga solmayotganini ma’lum qilgandi.
«Men biror narsa qulashini xohlamayman. Ammo ba’zida nimanidir tuzatish uchun dori ichishga to‘g‘ri keladi», – deya uning so‘zlarini keltiradi Reuters.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, dam olish kunlari u Yevropa va Osiyo davlatlari rahbalari bilan gaplashgan, ular Trampni shu hafta kuchga kirishi kerak bo‘lgan tariflarni pasaytirishga ko‘ndirishga umid qilmoqda.
«Ular muzokaralar stoliga o‘tirishmoqchi. Ular gaplashishni istaydi, biroq ular bizga har yili katta pul to‘lamasa, muloqot bo‘lmaydi», – degan Tramp.
AQSh iqtisodiyotining jiddiy sekinlashuvi Osiyo eksportiga zarba berishi mumkin, chunki Amerika bozori mintaqadagi tovarlar uchun asosiy bozorlardan biri hisoblanadi.
«Osiyo mintaqasi AQSh tariflari oshishidan asosiy zarbani o‘z zimmasiga olmoqda. Garchi muzokaralar uchun imkoniyat bo‘lsa-da, yuqori tariflarning yangi davri jiddiy va uzoq davom etadiganga o‘xshaydi», – deb hisoblaydi Vanguard investitsiya kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha bosh iqtisodchisi Syan Van.
«Bu jahon va Osiyo iqtisodiyotiga, ayniqsa, kichik ochiq iqtisodiyotlarga qisqa va uzoq muddatli istiqbolda salbiy ta’sir ko‘rsatadi», – deya prognoz qiladi u.
Ayniqsa Vetnam va Bangladesh kabi mamlakatlar eksport bozori sifatida AQShga jiddiy qaram.
O‘tgan hafta Tramp ma’muriyati Vetnam uchun 46 foizlik, Bangladesh uchun 37 foizlik tarif joriy etayotganini ma’lum qilgandi.
Amerikaning Nike va Lululemon kabi bir necha yirik brendlari o‘z mahsulotlarini Vetnamda ishlab chiqaradi.
Bangladesh kiyim-kechak ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilar uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat har yili AQShga 8,4 milliard dollarlik kiyim-kechak yetkazib beradi.
«Osiyo, katta ehtimol bilan, bu beqarorlikdan nomutanosib bo‘lgan kuchli zarbaga uchraydi, chunki Osiyo mamlakatlari AQShga boshqa mintaqalarga qaraganda ko‘proq eksport qiladi», – dedi AQSh savdo vazirining xalqaro savdo bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Frenk Lavin.
Jahon fond bozorlarida vaziyat juma kuni Xitoy Amerika mahsulotlariga 34 foizlik javob bojlari joriy etilishini e’lon qilganidan keyin yanada og‘irlashdi.
AQShning barcha uchta asosiy fond indekslari 5 foizdan ko‘proqqa tushib ketdi, S&P 500 indeksi esa deyarli 6 foizga pasayib, COVID-19 tarqalishi avj olgan 2020 yildan beri eng yomon natijani ko‘rsatdi.
Buyuk Britaniyada FsE 100 indeksi deyarli 5 foizga tushib ketdi – bu so‘nggi besh yildagi eng keskin pasayishdir. Xuddi shunday pasayishlar Germaniya va Fransiya birjalarida ham kuzatilgan.
FsE Russell bo‘limi rahbari Juliya Lining ta’kidlashicha, global bozorlardagi qulash davom etishi mumkin: «Amerika indekslari fyucherslari minus bilan savdo qilinmoqda – bu Uoll-stritni yana bir og‘ir oqshom kutayotganidan dalolat beradi».
Tramp barcha mamlakatlar uchun universal o‘n foizlik import bojlari va ayrim davlatlar uchun oshirilgan stavkalar joriy etilishini e’lon qilganidan so‘ng, jahon fond bozorlari kapitalizatsiyada trillionlab dollar yo‘qotdi. Oshirilgan bojlar AQShning asosiy savdo hamkorlari, jumladan, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Vetnamga nisbatan ham joriy etilgan.
Goldman Sachs hisob-kitoblariga ko‘ra, tariflar tufayli Xitoy iqtisodiyotida atigi 0,7 foizlik o‘sish qayd etilishi mumkin (2025 yilga kutilayotgan prognoz – 4,5 foizlik o‘sish edi).
Mavzuga oid

21:11
Tramp Yevropadan moliyaviy reparatsiya talab qildi

19:11
Tramp Rossiyadan Ukrainani bombalashni to‘xtatishni talab qilmoqda

23:36 / 06.04.2025
Yerokomissiya AQShdan import qilinadigan go‘sht, kiyim-kechak va hojatxona qog‘oziga javob bojlari joriy etadi

19:44 / 06.04.2025