O‘zbekiston | 22:12 / 07.04.2025
2854
5 daqiqa o‘qiladi

7 aprel yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Yagona alifboga o‘tish uchun chaqiriq, «Openbudjet»da start olayotgan «Mening bog‘im» tashabbuslari, Malayziya quyosh energetikasiga sarmoya va jazirama issiqdan so‘ng kutilayotgan yomg‘ir — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Mirziyoyev tinchlik uchun diplomatik yechim topishga chorladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida dunyo tinchligi uchun parlamentlarning o‘rni oshib borayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar, ekologik falokatlar va geosiyosiy keskinliklar global xavfsizlikka tahdid solmoqda.

Prezident O‘zbekiston har qanday ziddiyatni diplomatik va tinch muzokaralar orqali hal etish tarafdori ekanini yana bir bor bildirdi. U xalqaro huquq normalari va BMT Nizomiga asoslangan yechimlar muhimligini ta’kidladi.

Mirziyoyev Ukraina bo‘yicha muzokaralar samara berishiga umid bildirdi. Falastin–Isroil muammosi yuzasidan esa «ikki xalq uchun — ikki davlat» tamoyilini yagona adolatli yechim sifatida ko‘rsatdi.

Afg‘oniston haqida to‘xtalar ekan, u bu mamlakat xalqaro maydonda yakkalanmasligi kerakligini, amaldagi hukumat bilan muloqot va yaqin hamkorlik zarurligini qayd etdi.

Qurtulmush: Turkiy dunyoga yagona alifbo kerak

Turkiya parlamenti rahbari No‘’mon Qurtulmush Xivada o‘tgan xalqaro anjumanda turkiy dunyo yagona alifboga ega bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

U 300 mln aholiga ega turkiy xalqlar geosiyosiy kuchga aylanayotganini va tinchlik o‘qiga aylanish salohiyatini qayd etdi. Qurtulmushga ko‘ra, umumiy alifbo orqali umumiy tarix va yagona shaxsiyatni shakllantirish mumkin.

Spiker turkiy dunyoda umumiy madaniy meros, ilmiy-texnologik taraqqiyot va iqtisodiy aloqalar muhim yo‘nalishlar ekanini ta’kidladi. U xalqlar o‘rtasida chegaralar emas, madaniy yaqinlik borligini uqtirdi.

Tadbir Islom hamkorligi yoshlar forumi tashabbusi bilan Xorazmda o‘tkazildi.

«Mening bog‘im» loyihasi boshlandi

2025 yilgi «Mening bog‘im» loyihasiga ariza qabul qilish jarayoni 5 apreldan boshlandi. Ushbu tashabbus orqali aholi o‘z hududida yashil bog‘lar va jamoat parklarini yaratishda faol ishtirok etadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyiha uch bosqichda o‘tadi: 5–14 aprel kunlari loyiha kiritish, 15–20 aprel — saralash, 21–30 aprel — ovoz berish bosqichi bo‘ladi.

«Ochiq budjet» portali orqali fuqarolar bog‘lar tashkil etish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishlari, eng munosiblarini saralash va ovoz berish orqali moliyalashtirishga erishishlari mumkin.

Loyiha jamoatchilik fikri asosida fuqarolar manfaatlariga xizmat qiluvchi yashil hududlarni ko‘paytirish va ekologik muhitni yaxshilashni maqsad qilgan.

Malayziya quyosh energetikasiga sarmoya kiritadi

Sunview Group kompaniyasi Farg‘onada 200 megavattli quyosh elektr stansiyasi qurishga, Andijonda esa 400 megavattlik loyiha uchun yer ajratishga tayyor.

O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev va kompaniya rahbari Ong Xang Ping uchrashuv chog‘ida qayta tiklanuvchi energiya loyihalarini muhokama qildi. Sunview Group mutaxassislari ish boshlash uchun O‘zbekistonda xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Kompaniya Yangi Toshkentda qurilayotgan binolar tomiga quyosh panellari o‘rnatish hamda Qashqadaryoda suv nasoslarini yashil energiyaga ulash loyihalarida ham ishtirok etish niyatida.

Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda yashil energetika salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ob-havo: yomg‘ir va sel xavfi

O‘zbekistonda haftaning birinchi yarmida ob-havo iliq va asosan quruq bo‘ladi, lekin chorshanba kuni ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi kutilmoqda. Harorat 9 aprelgacha +23…+30 darajani tashkil etadi, keyinchalik 3–6 darajaga pasayishi mumkin.

O‘zgidromet ma’lumotiga ko‘ra, 9 aprelda mamlakatning janubi, markaziy qismi va Farg‘ona vodiysida qisqa muddatli yomg‘ir va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Toshkentda esa 7–11 aprel kunlari yomg‘ir kutilmaydi.

Haftaning ikkinchi yarmida respublika bo‘ylab havo biroz bulutli, lekin quruq bo‘ladi. Harorat yana ko‘tarilib, hafta oxirigacha +28…+31 darajaga yetadi.

Shamol tezligi soniyasiga 7–12 m, ba’zi joylarda 15–20 m gacha bo‘lishi mumkin. 7 aprelda tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel va suv toshqin xavfi, 7–8 aprelda esa Toshkent va Namangan viloyatlarining tog‘larida qor ko‘chishi ehtimoli bor.

Mavzuga oid