Shveytsariya elchisi ishga taklif bilan bog‘liq firibgarliklar haqida ogohlantirdi
“Firibgarlar o‘zlarini kompaniya vakili sifatida ko‘rsatib, hatto Shveytsariya rasmiylari nomidan soxta hujjatlar yasaydi”, dedi Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy. U odamlarni har qanday holatda ham to‘lov qilmaslikka chaqirib, ish taklifi haqiqiy bo‘lsa, ishlash uchun ruxsatnoma olish ish beruvchining zimmasida bo‘lishini eslatdi.

Foto: Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi
Shu kunlarda Shveytsariyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga bu davlatga soxta ishga taklif qilish va qalbaki ishlash ruxsatnomalari bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygan.
Elchixona va O‘zbekiston Migratsiya agentligi o‘zbekistonliklarni ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Shveytsariyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy o‘z murojaatida shunday deydi:
“Xonimlar va janoblar, biz Shveytsariyaning Toshkentdagi elchixonasida firibgarliklar, jumladan, Shveytsariyaga yolg‘on ish takliflari va “u yerda ishlashga” deb berilayotgan soxta ishlash ruxsatnomalari haqida tez-tez eshitayapmiz. Shunday ekan, O‘zbekistonda yashab, Shveytsariyada ish qidirayotgan bo‘lsangiz, firibgarlik qurboni bo‘lib qolishdan o‘zingizni himoya qiling.
Agar sizga ish taklifi kelib tushsa, juda ehtiyot bo‘ling va uning chindan ham haqiqiyligini tekshiring. Ish taklifining haqiqiyligini tekshirish uchun Shveytsariyadagi potensial ish beruvchi bilan bevosita aloqada ekaningizga ishonch hosil qiling.
E’tibor bering, firibgarlar o‘zlarini kompaniya vakili sifatida ko‘rsatishadi va kompaniya yoki hatto, Shveytsariya rasmiylari nomidan soxta hujjatlar yasaydi. Shuning uchun, Shveytsariyada ishga olmoqchi bo‘lgan kompaniya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilayotganingizni turli manbalardan foydalanib tekshiring.
Juda muhim: hech qanday sharoitda pul to‘lamang yoki o‘tkazmang! Agar ish taklifi haqiqiy bo‘lsa, ishlash uchun ruxsatnoma olish ish beruvchining zimmasida bo‘ladi. Ish vizasini olish uchun Shveytsariyaning Moskvadagi elchixonasida joylashgan Mintaqaviy konsullik markaziga shaxsan ariza topshirishingiz kerak bo‘ladi. Toshkentdagi elchixonaga emas!
Agar siz o‘zingizni bunday jinoyat qurboni yoki firibgarlar bilan aloqada bo‘ldim, deb hisoblasangiz, bu haqda mahalliy ichki ishlar organiga xabar berishingizni tavsiya qilamiz”.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, xorijda qonuniy va xavfsiz ishlashni maqsad qilganlar agentlik va uning hududiy filiallariga yoki litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishi mumkin.
Lisenziyaga ega xususiy bandlik agentliklari ro‘yxati ushbu rasmiy manbada keltirilgan.
Mavzuga oid

20:24 / 02.04.2025
Xorazmda pulini ko‘paytirib berishni aytib, mingdan ortiq odamni chuv tushirgan shaxs ushlandi

18:07 / 31.03.2025
“Gold terapi” izidan Tailandda yoxud Xayrulla Kasimov kirdikorlari – 3-qism

00:18 / 18.03.2025
Shveytsariya 30 mingdan ortiq ukrainalikni qochoq maqomidan mahrum qildi

12:20 / 17.03.2025