Iqtisodiyot | 18:07
3696
6 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” benzin narxini 2 foizga pasaytirganini e’lon qildi. Iqtisodchi buni manipulyatsiya deb hisoblayapti

Jahon bozorlarida neft sezilarli arzonlashganiga qaramay, O‘zbekistonda benzin narxlari yangi rekordlarni yangilayapti. Iqtisodchi Otabek Bakirov shunday sharoitda xuddi paxta narxini jahondagi narxlar bilan bog‘lagan kabi, AI-92 benzini narxini ham Brent nefti narxiga bog‘lab qo‘yishga chaqirdi.

Foto: Autostrada

11 avgust kuni “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi “AI-92 benzini narxi arzonlashtirildi” degan sarlavhali bayonot tarqatdi.

Bayonotda Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan AI-92 rusumli avtobenzinning birja savdolaridagi boshlang‘ich narxi tonnasiga 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mgacha yoki 2 foizga tushirilgani aytilgan.

Bu, o‘z navbatida, 1 litr AI-92 markadagi avtobenzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 9 400 so‘m degani”, deyiladi kompaniya xabarida.

“O‘zbekneftgaz” yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari davom ettirilishini bildirgan.

“Chalg‘ituvchi raqam”

Tovar-xomashyo birjasi 11 avgust kungi savdolar haqida hali axborot bermadi. 8 avgustdagi savdolar bo‘yicha bugun joylangan axborotga ko‘ra, juma kuni birjada AI-92 benzinining o‘rtacha narxi bir kun oldingidan 2 foizga oshib, 13 mln 314 ming so‘mga yetgan. Bu – narx rekordi yana bir bor yangilanganini ko‘rsatadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, birjada AI-92 avgust oyi boshidan beri 4,7 foizga qimmatlagan. Bu markadagi benzin bahosi ochiq e’lon qilina boshlagan 2024 yil 4 noyabrdan buyon esa narxlar 12,6 foizga oshgan. Bu davrda Brent tipidagi oliy navli neft narxi 22,4 foizga arzonlagan, dollar kursi esa deyarli o‘zgarmagan.

Shuningdek, Bakirov bir qator omillar sabab AI-92 benzini bahosi “O‘zbekneftgaz” e’lon qilgani kabi har bir litri uchun 9 400 so‘m emas, balki undan ancha qimmatroq bo‘ladi, deb hisoblayapti. Bunda iqtisodchi benzin birjada litrlab emas, tonnalab sotilishi, transport xarajatlari, iste’mol solig‘i, AYoQShlarning ichki chiqimlari va foydasi kabi omillar sabab narx 10 600 so‘m atrofida shakllanishini prognoz qildi va rasmiylar aytayotgan 9400 so‘mni chalg‘ituvchi raqam deb atadi.

Jahonda neft narxi pasaymoqda

“O‘zbekneftgaz” bundan avval 2024 yil 22 oktyabr kuni Buxoro NQZda ishlab chiqariladigan AI-92 benzini narxi tonnasiga 11 mln 538 ming so‘m deb belgilanganini xabar qilgan.

O‘sha kuni jahonda neftning Brent markasi 1 barreli 76 dollardan sotilgan. Hozir esa narxlar 65 dollargacha arzonlashgan. May oyida narxlar 56 dollargacha ham pasaygandi.

Shu tariqa, 2024 yilning 22 oktyabridan 2025 yilning avgustigacha O‘zbekistonda AI-92 benzinning ishlab chiqaruvchi belgilagan bahosi tonnasiga 9,4 foizga oshgan. Bu davrda jahon bozoridagi Brent markali neft esa, aksincha, 14 foizga arzonlashgan.

Importga qaramlik

2025 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda 576 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan (676 ming tonna) 100 ming tonnaga yoki 14,8 foizga kam.

Ichki bozordagi taqchillikni qoplash uchun import hajmi oshib boryapti. Masalan, 2024 yilda O‘zbekistonga 568 mln dollarlik neft va neft mahsulotlari olib kirilgan va o‘sish 2023 yilga nisbatan 70,5 foizni tashkil etgan. 2025 yilning yanvar-iyun oylari davomida esa import hajmi 277 mln dollar bo‘lgan.

Qo‘shni mamlakatlarda narxlar qanday?

Globalpetrolprices.com sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 4 avgust holati bo‘yicha yuqori sifatli 1 litr benzin narxi AQSh dollariga taqriban olinganda Turkmanistonda 0,43 dollar, Qozog‘istonda 0,45 dollar, Rossiyada 0,77 dollar, Qirg‘izistonda 0,86 dollar, Afg‘onistonda 0,92 dollarni tashkil etgan.

Tojikistondagi narxlar bo‘yicha ma’lumotlar berilmagan. O‘zbekistonda esa 1 dollardan qimmatroq ekani qayd etilgan.

Narxlarni solishtirganda ko‘rish mumkinki, O‘zbekistonda benzin narxi Turkmaniston va Qozog‘istonga nisbatan 2 barobar qimmatroq. Mamlakatda benzin narxi AQShdagi narxdan (0,93 dollar) ham yuqori.

Benzin narxini qanday tushirish mumkin?

Otabek Bakirov hozirgi vaziyatda narxlarni quyidagi choralar bilangina pasaytirish mumkin deb hisoblaydi:

“Birinchidan, 92 benzinning birjaga chiqarilish bazaviy bahosi Brent tipidagi neft narxi formulasiga majburiy bog‘lanishi darkor. Bu qoida har ikki yirik ishlab chiqaruvchi monopolist “O‘zbekneftgaz” va haligacha monopolist deb e’lon qilinmagan Saneg'ga qo‘llanishi zarur, toki har ikkisining bozordagi ulushi 40 foizdan pastga tushmaguncha. Nima uchun fermerlarga xom paxta bazaviy narxi paxta tolasining global narxiga bog‘lanishini to‘g‘ri deb bilgan hukumat benzinni neft narxiga bog‘lashga kelganda energetiklarga istisno qilishi kerak? Agar 92 benzin narxini Brent'ga qat’iy bog‘laganimizda, hozir bazaviy narx birjada 12,6 mln so‘m emas, 8,9 mln so‘m bo‘lardi, 92 benzin litri 10 700-11 000 so‘m emas, 7700-8000 so‘mdan oshmasdi.

Ikkinchidan, birjadagi savdolarda 92 benzin uchun 5 foizlik spred va 5 tonnalik lot tiklanishi zarur.

Uchinchidan, buni yana va yana takrorlashdan charchamaymiz, yoqilg‘i importi kanallaridagi transport, logistika va omborlargacha bo‘lgan monopolist va oligarxlarga xizmat qilayotgan sun’iy to‘siq va g‘ovlar avval to‘liq inventarizatsiya qilinishi, keyin tag-tomiri bilan bekor qilinishi zarur”.

Mavzuga oid