Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Islohot 2030. O‘zbek futbolini nima qilish kerak?
Mahalliy klublar nega davlatga, hokimlarga yoki homiyga qaram bo‘lib qolmoqda? Mavjud vaziyatdan chiqish uchun qanday qadamlar qo‘yilishi kerak? Kun.uz jurnalisti Qahramon Aslanov navbatdagi maqolasida shu haqda so‘z yuritdi.

Foto: Tribuna.uz
Bugungi futbol muxlisi avvalgilardan ancha farq qiladi. Biz bu davrda faqat maydonda futbol tomosha qilishdan tashqari, turli tahliliy maqolalarni o‘qiymiz, nafaqat taktika, balki turli moliyaviy jihatlarni ham kuzatib boramiz, futbol xo‘jaligi haqida yetarlicha tushunchalarga egamiz. Ayniqsa, transferlar oynasi ochiq bo‘lgan paytda aynan shu qism old planga chiqadi, «moliyaviy feyr-pley», PSR yoki «maoshlar limiti» kabi iboralarga ko‘z tushadi. Go‘yoki, boshqa dunyoni chetdan kuzatayotgandek tasavvur uyg‘onadi – bu butunlay boshqacha futbol, boshqacha munosabatlar.
Bunday qoidalar faqat klublar o‘rtasidagi raqobatni ta’minlash, boy va kambag‘allar o‘rtasidagi masofani kattalashtirmaslik uchungina emasligini bilsak-chi? O‘zimiz guvoh bo‘lgan yaqin tarixda ham futbolni ovunchoqqa aylantirmoqchi bo‘lgan milliarderlarni ko‘rdik, oqibatda butun boshli klublar jabr ko‘rdi ham.
UYeFA va ligalar qat’iy shaklda daromadlar va xarajatlarni nazorat qilishi, o‘ziga xos muvozanatni ta’minlash uchun izlanishi ostida aynan mana shu omil ham yotibdi – futbol doim yangilanib turadigan sharoitlarga moslashuvchan bo‘lishini ta’minlash, uning doim yashab qolish xususiyatini quvvatlash. Mana shu yerda mohiyatan O‘zbekiston futboliga bog‘liq jihatlar ham o‘rtaga chiqadi, bizning ham maqsadimiz shu ekan, velosiped ixtiro qilishdan nima naf, qachondir o‘sha o‘lchovlar tomosh yurish, hech bo‘lmasa maqsad sifatida belgilash to‘g‘ri emasmi?
Cheklovlar nima uchun kerak?
Yevropadagi moliyaviy cheklovlar yuqorida aytilganidek, asosan futboldagi xarajatlar va daromadlar muvozanatini nazorat qiladi: har qanday klubning xarajatlari uning aynan futbol sohasidan kelayotgan daromadlaridan keskin farq qilmasligi kerak. Sababi tushunarli, bu klubning aynan futbol shartlaridagi barqarorligini ta’minlaydi, chetdan oqimlarsiz ham yashab qolish xususiyatini paydo qiladi.
Savol tug‘iladi. Xo‘p, Roman Abramovich kabi bir milliarder chiqib, o‘z klubiga o‘z pullarini sarflab, uni kuchaytirsa, nimasi yomon? Gap shundaki, chetdan qo‘shimcha pullar kirib kelishi klub xarajatlarini ham oshiradi. Aytaylik, yangi futbolchilar jalb qilingach, shartnomalar qiymati ham oshadi. Bunday xarajatlar doimiy bo‘lgach, albatta, doim chetdan pul tortishning iloji bo‘lmay qolishi mumkin. Daromadlar esa endi sun’iy ravishda o‘sgan xarajatlarni qoplay olmaydi. Uyog‘i bankrotlik sari bir qadam, biz bitta muvaffaqiyatli «Chelsi» loyihasiga qarab, muvaffaqiyatsiz «Malaga», «Porsmut» kabi loyihalarni unutib qo‘yamiz gohida.
Ijtimoiy va xo‘jalik futboli
Futbol o‘yini paydo bo‘lishidan boshlab uning taraqqiyoti bir butun o‘laroq davom etgan bo‘lsa-da, iqtisodiy tomondan bir-biri bilan kesishmaydigan ikki parallel yo‘nalishda yashagan. Buni shunchaki, futbol klublarining paydo bo‘lish tarixiga qarab ham anglash mumkin. Aytaylik, g‘arbdagi klublarni olsangiz, birini talabalar tashkil qilgan, ikkinchisini biror zavod ishchilari, yoki biror mulkdor – ya’ni klubning xo‘jalik yuritishi, xarajatlar uchun pul topishi ilk qadamlardayoq tabiiy ehtiyoj bo‘lgan.
Sobiq ittifoqda esa «Spartak» yoki «Dinamo»ning paydo bo‘lishiga qarash mumkin – ijtimoiy motiv. Ba’zida mahalliy hokimiyat shaharga, ba’zida biror zavod yoki vazirlik o‘z ishlovchilariga ijtimoiy boylik berish uchun futbol jamoasi tuzishgan.
Ligalar ham shu. G‘arbda avval klublar paydo bo‘lib, keyin ular o‘zaro musobaqalashish uchun tashkilotchiga, ya’ni Ligaga ehtiyoj sezgan bo‘lsa, sobiq ittifoqda Liga tushunchasi birlamchi, keyin uni to‘ldirish uchun joylarda klublar paydo bo‘la boshlaydi.
Bu aslida juda keskin farq. Futbol xarajatlari xususiy ekan, tabiiy ravishda daromadga ehtiyoj paydo bo‘ladi va eng muhimi, ushbu xarajatlar o‘z asosiga ega bo‘ladi – boshqa sohalar bilan munosabat uchun bu muhim. Masalan, o‘z vaqtida Diyego Maradonani «Barselona» 3 million dollarga sotib olgan va bu o‘z davrining rekordi bo‘lgan. Hozir oddiy futbolchiga o‘n barobardan ko‘p mablag‘ sarflanyapti. Taqqoslaganda tentaklik, ammo bu xarajatlar moliyaviy asosga ega. Birinchidan, inflatsiya, ikkinchidan, futbol klublari bir necha barobar ko‘proq daromad qila boshlashdi. Har ikkisi ham boshqa iqtisodiy sohalar bilan mantiqiy zanjirga ega bo‘lgani uchun muammo yo‘q.
Endi boshqa misol. O‘n yetti yil oldin «Bunyodkor» sarflagan pullar bilan bugungi klublarni solishtiring. O‘sha «Bunyodkor» bir necha barobar ko‘p sarflagan, to‘g‘rimi? Xuddi yuqoridagi misol singari buni iqtisodiy ochiqlay olamizmi? Boshqa sohalar bilan zanjir bormi, masalan, o‘shanda mamlakat boy edi, hozir kambag‘allashganmiz, deb bilvosita tushuntirish mumkinmi? Yo‘q, albatta. Shunchaki, o‘shanda shuncha sarflash istagi bo‘lgan, tamom.
Biz qaysi yo‘ldan boramiz?
Aslida o‘zi bitta yo‘l qolgan. O‘tgan asr oxirida sotsializm emas, kapitalizm g‘alaba qozongach, tabiiy ravishda futbol ham to‘liq o‘sha tomonga og‘di. Agar sotsializm g‘alaba qozonib, «bo‘ldi, futbol insonlar uchun, chipta tekin bo‘lishi kerak, translatsiyaga pul to‘lanmasin, klublar xususiy bo‘lmasin» degan qoidalar davom etganida, aksincha, narigi taraf bu tomonga o‘tishga qiynalgan bo‘lardi. Teskarisi bo‘ldi, demak, ijtimoiy emas, iqtisodiy munosabatlar futbolda ham birlamchi bo‘lishi lozim.
Yo‘limiz aniq va buni O‘zbekiston prezidentining 2018 yildagi qarori va 2019 yildagi farmonidan ham anglash mumkin. Qarorlarni o‘qisak, eng boshidan futbol bizda ijtimoiy mahsulot – sobiq ittifoqda yashaganmiz, keyin ham doim qarorlar bilan davlat futbolni rivojlantirishga harakat qiladi, moliyalashtiradi. Ammo aniq qilib yozilgan – futbol xususiylashtirish yo‘lidan borishi, 2030 yilda esa hamma klublar xususiy bo‘lishi kerak. Ya’ni biz bosqichma-bosqich mana shu ijtimoiy mahsulot yaratishni xususiy sektorga o‘tkazishimiz, futbolni iqtisodiy mahsulotga aylantirish harakatlarini amalga oshirishimiz lozim.
Tabiiyki, savol tug‘iladi, bu ketishda, 2030 yilda nimani kutish mumkin? Yangi qaror chiqib, muddat 2035 yilgacha uzayishi yoki 16 ta «Turon» bilan qolishimiz? Agar futbol daromad qilmasa, xususiy sektorga faqat xarajatlarni ag‘darish bilan ish bitadimi? Daromad olmasdan yiliga bir necha o‘n milliard pul sovuradigan odamni yo soliq idorasi yo sog‘liq idorasi tekshirishi kerakmasmi?
Futbol daromadi nima?
Biz ko‘pincha, futbol klubi daromadlarini chalkashtiramiz. Bir futbol klubi qoshida qanaqadir tikuv sexi yoki chorvachilik fermasi ishlaydi – bu futbol daromadi emas. Yoki «Paxtakor» budjetdan pul olmaydi, to‘liq xususiy deyiladi. Jahongir Ortiqxo‘jayev klub xo‘jayini sifatida «Artel»dan pul olib, «Paxtakor»ga sarflashi, ha, budjetdan pul olmayapti, ammo bu ham noto‘g‘ri. Ertaga «Artel»ning yoki «Paxtakor»ning boshqa insonga o‘tishi bu moliyaviy oqimni to‘liq kesadi – eng yuqorida aytganimiz – klubning mustaqil yashab qolish xususiyati boshqalardan farqli emas.
Futbol daromadlari bu klubning aynan futbol faoliyatidan olib kiradigan pul mablag‘lari:
- Matchday, ya’ni o‘yin kuni daromadlari – stadionga kirish chiptasi, o‘yin kunlaridagi savdo shoxobchalari va ovqatlanish nuqtalari orqali savdolar;
- Translatsiya daromadlari. O‘yinlarni olib ko‘rsatish uchun telekanallar to‘lagan pullardan ulush;
- Transferlar. Futbolchilarni sotishdan keladigan tushum;
- Homiylik shartnomalari. Libosda, stadionda turli reklamalar orqali kirimlar;
- Mukofot pullari. Turli turnirlarda ko‘rsatiladigan natijalar uchun olinadigan mablag‘lar;
- Muxlislar bilan ishlash, libos yoki boshqa atributkalarni sotishdan keladigan tushumlar va hokazo.
Agar har qanday klub shu yo‘nalishlarda daromad qilib, o‘z xarajatlarini qoplashga erishsa, iqtisodiy jihatdan to‘la mustaqil bo‘lib, boshqa sohalar bilan munosabatga kirishish, turli shartlarda yashab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bizda ahvol qanday?
Ma’lumotlarga qaraganda, Superligada qatnashayotgan klubning yillik budjeti eng kam 30 milliard so‘mdan boshlanadi. 100 milliard so‘mdan oshganlari ham bor. Albatta, bu summalarni to‘liq davlat beryapti, deyish xato, yuqorida aytilganidek, «Paxtakor» kabi xususiy maqomidagi klublar bor. Ammo agar professional nomi bo‘lgan klublarimizni Yevropadagi o‘lchovlarga solib ko‘rsak, nima chiqadi? Ba’zilar kulishi mumkin, biz qayerda, Yevropa qayerda deb. Lekin xo‘jalik munosabatlari butun dunyoda bir xil, biz agar xususiy futbol sari ketayotgan ekanmiz, o‘sha xususiy futbol yashab qolishi uchun, ertaga «Turon»ga aylanmasligi uchun aynan o‘sha o‘lchovlarga solishimiz, o‘sha qolipga moslashtirishga urinishimiz lozim va boshqa yo‘l yo‘q.
Superligada o‘rtacha tashrif 5-6 ming atrofida. Chipta sotish orqali 300 million so‘mga yaqin mablag‘ topish mumkin, bu yil davomida 15 o‘yinda 4 milliard so‘mgacha yetib boradi. Bu yillik budjetning 10 foizi atrofida. Translatsiyalar va mukofotdan pul yo‘q, chunki bizda teskari – APL klublarga pul tarqatsa, bizda klublar PFLga badal puli to‘laydi. Transferlar orqali daromad qilish doimiy yo‘lga qo‘yilmagan – faqat ba’zida, kam sonli futbolchilarni chet elga sotish orqali bir martalik daromadlar kuzatiladi, xolos. Uzoq muddatli shartnomalar kamligi uchun ichki transferlar asosan erkin agentlar o‘rtasida kechadi.
Boshqa yo‘nalishlarda ham nolga yaqin raqamlarni ko‘ramiz, ya’ni ham davlat, ham xususiy pullarni qo‘shganda klublarga har yili 500 milliard so‘mdan ortiq pul sarflanayotgan mablag‘ 10 foizini ham daromad sifatida qaytarmayapti. Tabiiyki, yana o‘sha savolni qaytarish mumkin – futbolimiz xususiylashtirish uchun qanchalik tayyor?
Iqtisodiy motiv yo‘qligi
Eng yomon tomoni, futboldagi bugungi ahvol bilan o‘sha qaror chiqqan 2018 yil o‘rtasida sezilarli farq yo‘qligi. Buni boqimandalik xarakteri deyish ham mumkin.
Tasavvur qiling, bir klubga avgust oyida 50 million so‘m qo‘shimcha pul zarur. Iqtisodiy shartlarda klub egasi qanday fikrlaydi? Futbol daromadlari toifasidagi biror punkt bo‘yicha ish olib borish kerak. Aytaylik, shu oyda ikkita uy uchrashuvi bor. Qanaqadir qo‘shimcha xizmatlar yaratish orqali chipta narxini biroz o‘zgartirish mumkin. Yoki biror homiy topadi, xullas, qanaqadir g‘oya, ozgina mehnat qilish kerak. Yana bitta yo‘l bor. Viloyat hokimini shu pul kerakligiga ishontirish. O‘sha homiylarni jalb qilishni ham shunday amalga oshirish mumkin – faqat siz ortiqcha g‘oya, homiyni qiziqtirishi mumkin bo‘lgan taklifni yaratmaysiz, shunchaki, hokim iltimosi orqali hal bo‘ladi.
Xuddi shu shaklda ish zavod direktori bilan ham bitishi mumkin. Muhim jihat shundaki, futbol xarajatlari yana futbol emas, mahalliy budjet yoki «Artel»ning foydasi hisobidan qoplanyapti. Bu esa klublarda iqtisodiy yo‘nalishda ish olib borish, mana shu sohadagi mutaxassislarni jalb qilish ehtiyojini yo‘qqa chiqaradi.
Maoshlar va shaffoflik
Qarorda O‘FA davlat ulushi bo‘lgan korxonalarga biriktirilgan klublarni monitoring qilish huquqi ham berilgan. Lekin men hech qachon biror klubning moliyaviy hisoboti ochiqlanganini ko‘rmadim, qaysi futbolchi qancha maosh olishi sir tutiladi. Maoshlar ochiqlab borilsa, yana bir qo‘shimcha muammo paydo bo‘lishi ham mumkin – xalq bu ma’lumotlarga tayyormi?
Bir paytlar bir futbol funksioneri bilan bahslashib qolgandim. Qaysidir o‘zbek futbolchisining maoshi kattaligi haqidagi e’tirozimga Ueyn Runining maoshini misol qilib keltirgan, yevropalik futbolchilar bilan taqqoslaganda biznikilar juda kam olishini ta’kidlagan. Hozir ham ko‘p aytiladi, ta’lim yoki madaniyat sohalariga ajratilgan pullarga nisbatan olganda futbolga qilinayotgan xarajatlar o‘zini oqlayapti, jahon chempionatiga chiqdik, deb va hokazo.
Lekin bu yerda e’tibor berish kerak bo‘lgan jihat boshqa yerda. «Liverpul» Florian Virs uchun oyiga bir million funt maosh berishi mumkin, chunki klub futboldan, xususan mana shu Virsning o‘yinlari yordamida ko‘proq pul topadi. Klub daromad qiladi va shu daromaddan sarflaydi. Shuning uchun Angliyadagi oddiy o‘qituvchining maoshi bilan Virsniki o‘rtasida yuz barobar farq ham hech kimni tashvishga solmaydi. Har bir qiymat o‘z asosiga ega.
Endi, Superligada to‘p suradigan futbolchi o‘qituvchidan o‘n barobar ko‘p maosh olishini ommaga tushuntira olamizmi? Shartli «Artel» biror xodimini yaxshi ishladi, shuning uchun katta daromad qildik, deb 100 million so‘m maosh belgilashiga hech kim e’tiroz qilmaydi. Qandini ursin, lekin futboldagi maoshlar iqtisodiy asosga ham ega emas, chunki shunga mos daromad yo‘q va ijtimoiy asosga ham ega emas, chunki mamlakatdagi boshqa sohalar bilan taqqoslaganda adekvat emas.
Ya’ni aslida avval daromad paydo bo‘lib, keyin xarajat qilish o‘rniga, avval xarajat paydo bo‘lib, keyin pul axtarish – butunlay teskari jarayon.
Taklif
Hammasini juda uzoqdan olib kelganimning sababi, quyidagi yoziladigan taklifga chuqurroq mazmun qo‘shish edi, xolos. Futbolda avval mahsulotni yaratib, keyin xaridor izlanadi. To‘g‘ri, lekin buning teskari namunalari ham bor: masalan klublar o‘rtasidagi jahon chempionati. Avval yo‘q mahsulotga xaridor topildi, katta pul sarflashdi, bu esa mahsulot yaratuvchi klublar uchun ham motivatsiya bo‘lib xizmat qildi.
Xullas, baribir futbolga budjetdan yoki boshqa sohalardan pul kirib kelayotgan va u qaytarib olinmayotgan ekan, xuddi shu jarayonni boshqacharoq sxemada bajarishni taklif qilaman. Bu raqobatga ham, shaffoflikka ham, futbol daromadlarini oshirishga motivatsiyaga ham, umuman yangi klublar paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Birinchi qadam. Alohida futbol uyushmasi tashkil etiladi. Hozirda bevosita va bilvosita futbolga berilayotgan pullar klublarga emas, aynan shu uyushma hisobida yig‘iladi. Uyushma mustaqil holda boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik qilishi, u yerdan ham pul tortishi mumkin.
Ikkinchi qadam. Superliga translatsiyasi uchun tender e’lon qilinadi. Albatta, hali mahsulot yo‘q, hozirgidek hech kimga liga qiziq bo‘lmasligi mumkin. Lekin o‘sha uyushmada yig‘ilgan pul telekanalga o‘tkazib beriladi. Telekanal translatsiya xarajatlarini chegirib, qolgan hamma pulni PFLga beradi.
Uchinchi qadam. PFL pulning bir qismini barcha klublarga teng ulushda, yana bir qismini esa egallagan o‘rniga qarab, proporsional ravishda mavsum oxirida tarqatadi. APL ingliz klublariga tarqatgandek, translatsiya daromadi sifatida taqsimlab beradi.
Nega PFLga pul berib, shundoq tarqatib qo‘yaqolmasdan, alohida uyushma va telekanal aralashtirilyapti, deyish mumkin. Sababi, uyushma aynan moliyaviy oqimlar shaffofligi uchun kerak, telekanal esa, pul osmondan tushmayotgani, translatsiya orqali daromad qilinayotganining imitatsiyasi uchun.
Uyushma-telekanal-PFL o‘rtasidagi kelishuv turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, uyushma telekanal xarajatlari va foydasini qoplab, translatsiya paytidagi reklamalar (masalan, uyushmaga pul beradigan kompaniyalarni reklama qilib) bilan o‘zi shug‘ullanishi yoki kanalning foyda qilish yo‘nalishini o‘ziga qoldirib, xarajatlarni qoplashi mumkin.
Sxema qanday ishlaydi?
Mana shu holatda klublarimiz budjetida turli toifadagi manbalar vujudga keladi.
«A manba» – PFL tomonidan bir yillik ishtirok uchun beriladigan pul. Aytaylik, 10 milliard so‘m. 16 jamoaga 160 milliard so‘m.
«V manba» – Mavsumda egallagan o‘rniga qarab, ishtirokchi klublarga taqsimlanadigan pul. Misol uchun, chempionga 16 milliard so‘m, 2-o‘ringa 15 milliard so‘m, oxirgi o‘ringa 1 milliard so‘m. Jami 126 milliard so‘m.
«S manba» – klublarning futbol daromadlari. Yuqoridagi punktlar bo‘yicha chiptalar sotuvi, transferlar, homiylik shartnomalari savdolar va hokazo.
Eng muhimi, klublarda boshqa manbalarga yo‘l qo‘yilmaydi. Aytaylik, Jahongir Ortiqxo‘jayev «Artel»dagi puldan tortib «Paxtakor»ga sarflashi mumkin emas, bu chetdan keladigan oqim hisoblanib, yo‘l qo‘yilmaydi. Yoki viloyat hokimi «qopda pul olib kelib tarqata olmaydi». Turli homiylik shartnomalari bo‘lishi mumkin, ammo bu yerda ham shartnomalar to‘liq nazorat qilishi, reklama qiymati bozor narxiga yaqinligi tekshirilishi kerak.
Bu futbolga nima beradi?
Avvalo aytish kerakki, bu taklif baribir ham futbolga sarf bo‘layotgan shartlar uchun, ya’ni bugungi holatdan bir so‘m ham qimmat emas. Afzalliklari nimada?
Birinchidan, ligada nisbatan olganda tenglik yuzaga keladi. Farqlar faqat mavsumda egallagan o‘rinlar va «S manba», futbol yo‘nalishidagi mehnatlar evaziga yuzaga kelishi mumkin. Ya’ni ham raqobat oshadi, ham farqlar sun’iy emas, tabiiy bo‘ladi. Aslida bugungi kundagi «Arsenal» va «Fulhem» o‘rtasidagi katta farq ham shunaqa yuzaga kelgan – «Arsenal» sovrinlar yutib, daromadlar ustida ko‘proq ishlab bugungi farqni yuzaga keltirgan. Mana shu 100 yillik evolyutsion masofani biz «laboratoriya yo‘li» bilan qisqartirishimiz mumkin.
Ikkinchidan, futboldan tashqari manbalar kesilgach, tom ma’nodagi xo‘jalik munosabatlari paydo bo‘ladi. Maoshlar osmondan emas, iqtisodiy asosga ega bo‘lgan mablag‘lardan hosil bo‘lgani uchun adekvat summalarga yaqinlashadi. Katta summaga legioner olib kelindimi, bu hokim ko‘proq pul bergani uchun emas, jamoaning iqtisodiy bo‘limi yaxshi ishlagani tufayli – yaxshiroq pul topgan, yuqoriroq o‘rin egallagan.
Uchinchidan, Superliga ishtirokchisi bo‘lish kamida 11 milliard so‘m (shartli) pul olish degani. Ya’ni quyi ligadagi boshqa klublar yoki yangi paydo bo‘lgan xususiy klub uchun o‘ziga yarasha motivatsiya. Superligaga chiqish u yerdagi neadekvat summalar bilan raqobatda bankrot bo‘lish emas, boshqalarga yaqin sharoitga erishish degani.
To‘rtinchidan, «A manba» o‘zgarmas ekan, boshqalardan ustunlik uchun «V» va «S» manbalarni oshirishga harakat ko‘payadi. Ikkala manba ham futbol orqali keladi – jamoani taktik tomondan ham kuchaytirib, yuqori o‘rinlarni olish, futbolchi yetishtirish, muxlislar bilan ishlash, stadiondagi sharoitlarni yaxshilash va hokazolar uchun ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Beshinchidan, klublarda muxlislar oldidagi mas’uliyat paydo bo‘ladi. Doim boshqalarning puli ko‘pligi kabi bahonalar o‘tmaydi, muxlislarda bir xil sharoitda yomon ishlagan klublarga o‘rinli e’tirozlar va bosim paydo bo‘ladi.
Oltinchidan, klubdagi moliyaviy oqimlar manbasini qisqartirish orqali ularni tekshirish, nazorat qilishni osonlashtirish mumkin. Hozir klub o‘zini o‘zi eplasa, shikoyatlar bo‘lmasa, yetarli, e’tiroz yo‘q. Aslida futbol uchun ketayotgan pullar bilan ustiga «futbol uchun» deb yozilgan pullar orasida milliardlab farq bo‘lishi mumkin, bilmaymiz.
Yettinchidan, klublar o‘zaro raqobatda «S manba»ni rivojlantirish payida bo‘lib, tabiiy ravishda pul topishni o‘rgana boshlagan sari, «A» budjetni asta-sekin kamaytirib borish, rostan ham bir kun kelib futbolimiz iqtisodiy mustaqillikka erishishi mumkin.
Shunga yaqin taklifni bir necha yil avval yozganimda, ba’zi futbol mutaxassislari tomonidan tanqidlarga uchragan, bu umuman ertak sifatida baholangandi. Lekin o‘zimiz bilgan klassik yo‘l bilan biror joyga yetib bora olmayapmiz. Yana kimdir futbolda sotsializm quramizmi, deb ham kulgandi. Hamma klubning teng bo‘lishi hech qayerda yo‘q, Yevropada ham, deb. Aslida teskarisi. Aynan futboli rivojlangan Yevropada mana shu tenglik bor. Barcha klublar davlatdan teng miqdorda pul olishadi. Nol dollardan.
Q. Aslanov
Mavzuga oid

23:58 / 06.07.2025
Superliga. «Paxtakor» «Navbahor»ni mag‘lub etdi, «Dinamo»-«Nasaf» o‘yini durang bilan yakunlandi

14:08 / 14.04.2025
«Paxtakor» yana yutqazdi, peshqadam yana o‘zgardi

13:44 / 30.03.2025
«Paxtakor» Toshkentda «Dinamo»ga yutqazdi, OKMK yaqqol peshqadam

03:09 / 12.03.2025