Sog‘lom hayot | 19:24 / 04.08.2025
1333
8 daqiqa o‘qiladi

Soch to‘kilishi tabiiy jarayonmi yoki kasallik? Uni qanday davolash mumkin?

Ko‘pchilik soch tolalari kamayishini faqat tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarish, ya’ni estetik muammo sifatida qabul qiladi. Aslida esa bu holat organizmda kuzatilayotgan ichki buzilishlarning ilk belgisi bo‘lishi mumkin. Gormonal muvozanat izdan chiqishi, stress, vitamin va mikroelementlar tanqisligi, surunkali kasalliklarning barchasi soch follikulalarining zaiflashishiga olib keladi. Ushbu maqolada soch to‘kilishi asosiy sabablari, to‘g‘ri tashxis qo‘yish yo‘llari hamda davolash usullari tahlil qilinadi.

Foto: AP

Inson bosh terisida 100 mingdan 150 minggacha soch follikulasi mavjud bo‘lib, har kuni o‘rtacha hisobda 50–100 ta tolaning to‘kilishi tabiiy yangilanish jarayoni hisoblanadi. Ammo kundalik yo‘qotishning 100 tadan oshishi sochlarning patologik to‘kilayotganidan, ya’ni organizm ichki muvozanatida jiddiy o‘zgarishlar yuzaga kelganidan darak beradi. Irsiy omillar, gormonal buzilishlar, stress, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki ayrim dori vositalarining nojo‘ya ta’siri soch to‘kilishining turli ko‘rinishlariga sabab bo‘lishi mumkin:

Noto‘g‘ri ovqatlanish. Temir, rux, D vitamini, biotin (B7), oqsil yetishmovchiligi soch follikulalarini zaiflashtiradi. Ayniqsa, ketogenik parxez yoki o‘zini-o‘zi ochlikka mahkum qilish (masalan, ekstremal parhezlar) ham soch to‘kilishiga olib keladi.

Stress va psixologik bosim. Kuchli hayajon, xavotir yoki ruhiy bosim ta’sirida soch ildizlari “dam olish” holatiga o‘tadi. Ya’ni ular faol o‘sishdan to‘xtaydi va biroz vaqt o‘tgach, to‘kila boshlaydi. Bu jarayon odatda 2–3 oy ichida yuz beradi va ko‘plab sochlar ildizi bir vaqtning o‘zida mo‘rtlashadi.

Gormonal muvozanat buzilishi. Ayollarda polikistik tuxumdon sindromi (PSOS), tug‘uruqdan keyingi davr, menopauza kabi holatlar, estrogen va testosteron darajasidagi o‘zgarishlar sababli erkaklarda esa dihidrotestosteron (DHT) nomli gormonning ortishi tufayli soch to‘kiladi.

Medikamentoz omillar. Qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, revmatoid artrit, yallig‘lanishli ichak kasalliklari uchun mo‘ljallangan dori vositalari, shuningdek, kimyoterapiya yoki antidepressantlar soch o‘sishini to‘xtatishi mumkin.

Asosiy turlari

Irsiy soch to‘kilishi (androgenetik alopesiya): Bu turdagi soch to‘kilishi nasldan-nasl o‘tadi. Erkaklarda 18–25 yosh oralig‘ida ilk belgilari sezila boshlaydi. Jarayon peshona chizig‘ining orqaga chekinishi yoki boshning tepa (vertex) qismida soch siyraklashishi shaklida namoyon bo‘ladi. Ayollarda 25–40 yosh oralig‘ida kuzatiladi, ularda erkaklarnikidan farqli ravishda soch butun bosh terisida tarqoq tarzda kamayadi. Peshona chizig‘i saqlanib qoladi, ammo soch umumiy zichligi ozayadi. Mazkur turdagi alopesiyani butunlay to‘xtatish qiyin bo‘lsa-da, tashxisni ertaroq qo‘yish va to‘g‘ri davolash bilan jarayonni sekinlashtirish, mavjud sochlarni saqlab qolish mumkin. Shuning uchun dastlabki belgilar sezilganidayoq mutaxassisga murojaat qilish muhim hisoblanadi.

Stress yoki kasallikdan keyingi soch to‘kilishi (telogen effluvium): Mazkur holat ko‘pincha stress, tug‘uruq, jarrohlik amaliyoti, yuqori harorat bilan kechadigan infeksiyalar (masalan, Covid-19) yoki ovqatlanishdagi yetishmovchiliklardan keyin yuzaga keladi. Odatda, bu vaqtinchalik bo‘lib, organizm tiklangach sochlar yana o‘z-o‘zidan o‘sib chiqadi.

Dog‘li to‘kilish (alopeksiya areata): Immun tizimi faoliyatidagi buzilish tufayli yuzaga keladigan soch to‘kilishining bir turi bo‘lib, ko‘pincha bosh terisida dumaloq shakldagi, silliq va sochsiz nuqtalar paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi. Bunda organizm o‘zining sog‘lom soch ildizlarini begona modda sifatida qabul qilib, ularga qarshi kurasha boshlaydi. Natijada soch follikulalarining faoliyati to‘xtaydi va shu sohada joylashgan sochlar to‘kilib tushadi. Bu holat yallig‘lanishsiz kechadi. Kuchli stress, ruhiy zarba, jismoniy charchoq, infeksiyalar, qalqonsimon bez kasalliklari, vitamin D tanqisligi, temir yetishmovchiligi va immunitetdagi o‘zgarishlar mazkur turdagi soch to‘kilishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Sochni qattiq tortish natijasidagi to‘kilish (tratsion alopesiya): Turmaklanganda soch ildizining doimiy tortilib turishi ham tola to‘kilishiga olib keladi. Bunday holat bolalar, sportchilar yoki har doim sochini qattiq bog‘lab oladigan ayollarda uchrashi mumkin.

Dori-darmon yoki zaharli moddalar ta’siridagi to‘kilish (toksik alopesiya): Kimyoterapiya, kuchli dorilar soch ildizlarini ham shikastlamasdan qolmaydi. Shuningdek, ba’zi antibiotiklar, antidepressantlar yoki zaharli moddalar (masalan, simob, surma) soch to‘kilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday to‘kilishlar davolanishdan keyin vaqt o‘tib qayta tiklanadi.

Chandiqli soch to‘kilishi. Ba’zan terining yuza qismiga infeksiya tushsa, kuysa yoki shikastlansa, o‘sha yerda chandiq yuzaga kelib, soch ildizlari butunlay nobud bo‘ladi. Mazkur holatda soch o‘sishi qayta tiklanmaydi. Chandiqli alopesiya turli teri kasalliklari natijasida ham paydo bo‘lishi mumkin.

Davolash va oldini olish

Soch to‘kilishini samarali davolashning asosiy sharti to‘g‘ri tashxis qo‘yishga bog‘liq. Tashxissiz davolash yoki ko‘r-ko‘rona qo‘llangan vositalar natija bermasligi mumkin, hatto vaziyatni yanada og‘irlashtirish ehtimoli bor. Shu bois, dermatolog yoki trixologga murojaat qilib, soch to‘kilishining turini aniqlash lozim. Bunda quyidagi tashxis qo‘yish usullari qo‘llanadi:

Trikoskopiya. Maxsus mikroskop yordamida soch ildizi va bosh terisining holati tahlil qilinadi. Trikoskopiya orqali soch follikulalarining zichligi, o‘sish bosqichlari, miniatyuralashgan (yoyilib ketgan) follikulalar, yallig‘lanish alomatlari bor-yo‘qligi aniqlanadi. Mazkur usul androgenetik alopesiya va telogen effluviumni ajratishda foydalidir.

Qon tahlillari. Laborator tahlillar orqali organizmdagi holatlar aniqlanadi:

  • Feritin – organizmdagi temir zaxirasi. Uning miqdori kam bo‘lsa, soch ildizlari yetarli oziqlanmaydi.
  • D vitamini – immun tizimi va soch o‘sishi uchun zarur modda. Defitsit bo‘lsa, alopesiya kuchayadi.
  • TSH, T3, T4 – qalqonsimon bez gormonlari. Gipotireozga chalinganda ham soch to‘kiladi.
  • DHT (dihidrotestosteron) – erkaklardagi androgenetik alopesiyaning asosiy sababi. Ushbu gormonning ortiqcha darajasi soch follikulalarini siyraklashtiradi.

Bosh terisi biopsiyasi. Tashxis noaniq bo‘lsa, trixolog bosh terisidan mayda teri parchasini olib mikroskopik tahlil qiladi. Bu usul kasalliklar sababli yuzaga kelgan to‘kilishlarni aniqlashda juda samarali hisoblanadi.

Soch tortish testi (pull test). Mazkur oddiy tekshiruv orqali shifokor soch to‘kilishining darajasini aniqlaydi. Buning uchun boshning biror joyidan 50–60 ta soch tolasi yengilgina tortib ko‘riladi. Jarayonda 6–8 tadan ortiq soch tolasi qo‘lga ajralib chiqsa, soch to‘kilishi kuchli bo‘ladi va bunday holat quyidagi muammolardan darak bo‘lishi mumkin:

  • Telogen effluvium – stress, kasallik yoki homiladorlikdan keyingi vaqtinchalik soch to‘kilishi;
  • Anagen effluvium – kimyoterapiya yoki zaharli dorilar tufayli to‘kilish;
  • Faol alopesiya – soch ildizlariga bog‘liq jiddiy muammo (masalan, immun tizimning noto‘g‘ri ishlashi).

Fototrikogramma va densitometriya. Bu tekshiruvlar orqali bosh terisi kichik bir qismi maxsus kamera orqali suratga olinib, kompyuter dasturi yordamida tahlil qilinadi. Natijada har bir kvadrat santimetrda nechta soch o‘sayotgani, ularning diametri va o‘sish tezligi aniq o‘lchanadi. Mazkur usullar soch to‘kilishining dinamikasini kuzatish va davolanish samaradorligini baholashda foydali bo‘ladi.

Soch to‘kilishi sabablari turlicha bo‘lgani uchun uni davolashda yagona yondashuv mavjud emas. Har bir holatda alohida tashxis qo‘yilishi, zarur laborator va instrumental tekshiruvlar o‘tkazilishi lozim.

Diyoraxon Nabijonova 

Mavzuga oid