Iqtisodiyot | 17:11
5746
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston AQShdan paxta import qilmoqchi

O‘zbekiston rasmiylari AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Paxta assotsiatsiyasi bilan GSM-102 dasturi doirasida Amerika paxtasi importini yo‘lga qo‘yish borasida muzokara o‘tkazmoqda. Bu dastur importyorlarga AQSh mahsulotlarini sotib olish uchun Amerika hukumatining kafolati ostida qarz olish imkonini beradi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi 23–29 iyul kunlari AQShga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida 25 ta mahalliy to‘qimachilik korxonasi Nyu Yorkdagi “Texworld NYC”, “Apparel Sourcing USA” va “Home Textiles Sourcing Expo” xalqaro ko‘rgazmalarida qatnashdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Ko‘rgazmalar doirasida Bunzl plc, Levi Strauss & Co., PVH Corp., G-III Apparel Group, Kontoor Brands, American Eagle Outfitters, Tapestry Inc., Macy’s, American Apparel & Footwear Association (AAFA), United States Fashion Industry Association (USFIA), Oritain va boshqa yetakchi kompaniyalar bilan muzokaralar olib borildi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarini AQSh bozoriga chiqarish va sourcing mexanizmi asosida buyurtmalar joylashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Shuningdek, ISSV vakillari AQSh Savdo vazirligi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, savdo to‘siqlarini kamaytirish va investitsiyalarni faollashtirish bo‘yicha mexanizmni ishlab chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston mahsulotlarini, jumladan to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektr texnikasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Amazon, Walmart, Whole Foods Market, Bloomingdale’s va The Home Depot kabi yirik savdo tarmoqlarida joylashtirish imkoniyatlari ham alohida muhokama qilindi.

AQSh Savdo vazirligi huzuridagi CLDP (Savdo huquqini rivojlantirish dasturi) vakillari bilan bo‘lgan muzokaralarda o‘zbekistonlik kompaniyalar uchun AQSh standartlariga mos sertifikatlash va qadoqlash bo‘yicha vebinar va seminarlar tashkil etishga kelishib olindi.

AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi va AQSh Paxta assotsiatsiyasi bilan uchrashuvda GSM-102 dasturi doirasida O‘zbekistonga AQSh paxtasini yetkazib berish, kredit limitini oshirish va “Made from U.S. Cotton” tashabbusini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, GSM-102 dasturi importyor-davlatlarga AQSh qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan kafolatlangan kredit asosida sotib olish imkonini beradi.

May oyida O‘zsanoatqurilishbank bergan xabarga ko‘ra, AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi bu dasturning O‘zbekistondagi ilk ishtirokchisi sifatida SQBni tanlagan. Ikki tomon savdoni moliyalashtirishga qaratilgan kredit liniyalariga kafolatlar taqdim etish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatgan.

Mavzuga oid