Jahon | 22:14 / 02.08.2025
1090
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda chikungunya epidemiyasiga qarshi kurashish uchun ulkan kannibal-chivinlar yuborildi

Ushbu chivinlar kasallik tarqatadigan mayda chivinlarni yeb bitirishi kutilmoqda.

Foto: Valery Hache/AFP/Getty Images

Xitoyda chikungunya epidemiyasini tarqatuvchi mayda chivinlarni yeyish uchun ulkan «filsimon chivinlar» tabiatga qo‘yib yuborildi.

Chivin operatsiyasiga Guandundagi Sun Yatsen universiteti Chjunshan tibbiyot maktabining tadqiqot guruhi rahbarlik qilmoqda. Toxorhynchites splendens chivinlari odamlarni chaqmaydi, lekin chikungunya, denge, zika va sariq bezgakning asosiy tashuvchilari bo‘lgan Aedes chivinlarini ovlaydi, deb yozdi Bloomberg.

Birgina Foshan shahrida uch hafta ichida 6 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etilgan. Hukumat Covid-19 pandemiyasi bilan tanish bo‘lgan usullarni qayta tiklamoqda: ommaviy PZR testlari, kasallanganlarni izolyatsiya qilish va butun kvartallarni dezinfeksiya qilish. Foshanda boshqa vosita ham qo‘llaniladi: chivin tuxumlari va lichinkalarini yeydigan 5 mingdan ortiq baliq shahar hovuzlari va daryolariga qo‘yib yuborildi. Qo‘shni Guanchjouda rasmiylar barcha 120 ta tuman uchun xavf xaritasini e’lon qildi va kuniga ikki marta insektitsid sepish bo‘yicha bir haftalik kampaniyani boshladi.

Chikungunya virusi faqat zararlangan urg‘ochi chivin chaqishi orqali yuqadi. Kasallik birinchi marta 1952 yilda Tanzaniyada aniqlangan va nomi kimakonde xalqi so‘zidan olingan bo‘lib, «egilmoq» yoki «qiyshiq bo‘lmoq» degan ma’noni anglatadi - bo‘g‘imlardagi kuchli og‘riqlar tufayli bemorlarning yurishi shunday tasvirlanadi. Virusning inkubatsiya davri odatda ikki kundan yetti kungacha davom etadi.

Kasallik to‘satdan boshlanadi - yuqori harorat va bo‘g‘imlarda kuchli og‘riqlar paydo bo‘ladi, ular shu qadar kuchli bo‘lishi mumkinki, harakatlanish qiyinlashadi. Ko‘pincha mushaklarda og‘riq, bosh og‘rig‘i, toshmalar, ko‘ngil aynishi va qusish kuzatiladi. Virus kamdan-kam hollarda o‘limga olib kelishiga qaramay, bo‘g‘imlardagi og‘riqlar kasallikning o‘tkir bosqichidan keyin haftalab, ba’zan oylab davom etishi mumkin, bu esa bemorning hayot sifatini sezilarli darajada pasaytiradi. Chikungunya uchun maxsus davolash usuli mavjud emas. Davolash simptomatik xarakterga ega bo‘lib, og‘riqni kamaytirish va haroratni tushirishga qaratilgan.

Mavzuga oid