Jahon | 09:05 / 31.07.2025
5694
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?

Donald Tramp Vladimir Putinga bergan 50 kunlik muhlat nega qisqartirildi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi eksperti Shuhrat Rasulning fikricha, bu – AQSh Yevropa Ittifoqi bilan energotovarlar bo‘yicha kelishuvga erishgani bilan bog‘liq. Alouddin Komilov esa Xitoyning Rossiyani ochiq qo‘llab-quvvatlagan bayonoti Trampga turtki bergan deb hisoblamoqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Trampning 50 kunlik muddatni qisqartirishiga qaysi omillar sabab bo‘ldi?

Shuhrat Rasul: Agarda Rossiya Trampning shartlariga amal qilmasa, qo‘llaydigan ta’sir choralari siyosiy, iqtisodiy va harbiy yo‘nalishlarda bo‘lishi kerak edi. Aynan iqtisodiy tomoniga e’tibor qaratsak, Tramp talqiniga ko‘ra Hindiston, Xitoy, Turkiya va Braziliya kabi davlatlar qisqa vaqt ichida Rossiyadan boshqa muqobil bozor topishi masalasi bor edi. Lekin endi muddat 50 kun emas, 10 kun deb belgilandi.

Fikrimcha, Tramp bilan Yevropa Ittifoqining kelishuvi bunga dastak bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki kelishuvning eng asosiy yo‘nalishi – Yevropa Ittifoqiga Amerika Qo‘shma Shtatlarining energetik mahsulotlarini sotilishini ta’minlash edi va bu kelishuv yuz berdi. Kelishuvlardagi eng asosiy yo‘nalishlardan biri – uch yil mobaynida Yevropa Ittifoqi AQShdan har yili 250 milliard dollarlik neft mahsulotlari va suyultirilgan gaz sotib olish majburiyatini olyapti. Yevropa 3 yil davomida jami 750 milliard dollarlik AQSh energiya mahsulotlarini (neft mahsulotlari, suyultirilgan gaz, yadro yoqilg‘isi) sotib olishni va’da qildi. Ammo bu raqamlar majburiy eksport yoki haqiqatda bo‘lgan savdoga asoslangan emas, balki siyosiy deklaratsiya hisoblanadi, aniq shartnoma yoki kontrakt emas.

Agarda mana shu kelishuvlar real amalga oshsa, an’anaviy Rossiyaga bog‘liq bo‘lgan energetika chanqoqligi AQSh tomonidan qondiriladi. Tramp shuning uchun ham ultimatum kunlarini 10-12 kunga qisqartirgan bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Xitoyning reaksiyasi ham hisobga olingandek go‘yo, chunki prezident Tramp “Xitoy Eron neftini sotib olsa ham bo‘ladi” degan edi.

Nazarimda, mana shunday bayonotlar va Yevropa Ittifoqi bilan kelishuv ultimatumning muddatini qisqartirishga asosiy turtki bo‘ldi deb hisoblayman.

Alouddin Komilov: Mening fikrimcha, Yevropa Ittifoqi raisi Ursula fon der Lyayyen va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang I o‘rtasida bo‘lgan suhbatdan ko‘p narsa ma’lum bo‘ldi. 4 soat davom etgan muzokaralar chog‘ida Xitoy tashqi ishlar vaziri Rossiyaning mag‘lubiyatiga yo‘l qo‘ymasligini aytgan edi. Aslida bu yopiq aytilgan gaplar bo‘lishiga qaramasdan, Yevropaning ba’zi bir medialarida e’lon qilindi.

Bundan tashqari, AQSh prezidentining birinchi e’lon qilgan 50 kunlik muddatiga ko‘p odamlar qarshi chiqqan, jumladan Yevropa ham. Ukraina urushida vaqt omili juda muhim rol o‘ynayapti. Aynan Trampning 50 kun muddatda urushni to‘xtatish talabi Rossiyaning oldingi frontlardagi hujumlarini jadallashtirishiga va iloji boricha belgilangan muddatda ko‘proq hududlarni egallab olishiga xizmat qilishi mumkin, degan argumentlar bor edi. Lekin mening nazarimda, eng katta sabab – Xitoyning o‘z pozitsiyasini bildirishi va bu yerda ular Rossiyaning olib borayotgan urushini doimiy qo‘llab-quvvatlashi ma’lum bo‘lgandan so‘ng, Tramp muddatni qisqartirdi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qiling.

Mavzuga oid