Jahon | 17:35 / 31.07.2025
2258
2 daqiqa o‘qiladi

Litva bosh vaziri korrupsiya mojarosi tufayli iste’foga chiqdi

Bu uning qarindoshining kompaniyasi 200 ming yevro miqdorida imtiyozli kredit olishi ortidan ro‘y berdi.

Foto: J. Stacevičiaus / LRT nuotr.

Litva bosh vaziri Gintautas Palutskas iste’foga chiqdi, deya ma’lum qildi mamlakat prezidenti Gitanas Nauseda.

Nausedaning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir unga ertalab telefon orqali muloqotda iste’foga chiqishini aytgan. Palutskas Litva Sotsial-demokratik partiyasi raisi lavozimini ham tark etdi. Nausedaning tushuntirishicha, endi saylovlarda g‘alaba qozongan va parlamentda ko‘pchilikka ega bo‘lgan partiya koalitsiya tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.

Litva milliy televideniyesi va radiosi (LRT) eslatishicha, konstitutsiyaga ko‘ra, bosh vazir bilan birga butun hukumat ham iste’foga chiqadi, biroq prezident yangi vazirlar mahkamasi tuzilgunga qadar vazirlarga o‘z vazifalarini vaqtincha bajarishni topshirishi mumkin.

Palutskasga savollar uning qarindoshi Virjiniya Paluckene tomonidan asos solingan Dankora kompaniyasi bo‘yicha tergovdan so‘ng paydo bo‘lgandi. Dankora Drukyay qishlog‘ida elektromobillar uchun zaryadlash infratuzilmasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha 200 ming yevro imtiyozli kredit olgan va 49 foiz ulushi Palutskasga tegishli bo‘lgan Garnis firmasidan uskunalar xarid qilgandi. Bu Palutskas bosh vazir lavozimini egallab turgan paytda sodir bo‘ldi. Dankora kompaniyasi ta’kidlashicha, ular Garnis aksiyadorlari haqida xabardor bo‘lmagan.

24 iyulda Nauseda Palutskasga hukumat boshlig‘i lavozimidagi faoliyatini davom ettirish haqida o‘ylab ko‘rish uchun ikki hafta muhlat berdi. Shundan so‘ng bosh vazir prezidentdan ham, partiyadagi hamkasblaridan ham iste’foga chiqishga chaqiriq olmaganini aytgandi. U «oldindan rejalashtirilgan» ikki haftalik ta’tilga chiqayotganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid