Jamiyat | 09:49 / 30.07.2025
21423
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda 34 yoshli xonanda ayol eri tomonidan o‘ldirib ketildi

33 yoshli erkak Toyloq tumanida vaqtincha alohida yashab kelgan turmush o‘rtog‘ining oldiga farzandlarini ko‘rish uchun borgan. Kelib chiqqan o‘zaro janjal oqibatida u ayolini bo‘g‘ib o‘ldirgan. Zeboyi Jahon taxallusi bilan ijod qilib kelgan Zebiniso Nosirova 3 farzandning onasi bo‘lgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Zeboyi Jahon taxallusi bilan tanilgan Zebiniso Nosirova qotillik qurboni bo‘ldi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, qotillik jinoyati 2025 yil 26 iyul kuni sodir qilingan. O‘sha kuni soat 14:30 larda Payariq tumani Chelak shahrida yashovchi R.M. o‘zaro oilaviy kelishmovchilik oqibatida Toyloq tumanida vaqtincha alohida yashab kelgan turmush o‘rtog‘i Zebiniso Nosirovaning oldiga farzandlarini ko‘rish maqsadida borgan.

Er-xotin suhbat davomida o‘zaro janjallashib qolgan. Shunda erkak ayolni qo‘li bilan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirgan.

Holat yuzasidan R.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u ushlangan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari Toyloq tuman prokuraturasi tomonidan olib borilmoqda.

Zebiniso Nosirova 3 farzandning onasi bo‘lgan.

Mavzuga oid