Sport | 20:36 / 30.07.2025
8713
2 daqiqa o‘qiladi

«Istanbul Boshoqshehir» Abbosbek Fayzullayev transferini e’lon qildi

O‘zbekistonlik futbolchi 5 yillik shartnoma imzoladi va klubda Eldor Shomurodov bilan birga to‘p tepadi.

O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev faoliyatini Turkiyada davom ettiradi.

Mamlakat Superligasi vakili «Istanbul Boshoqshehir» klubi 21 yoshli futbolchi transferini e’lon qildi.

«Klubimiz O‘zbekiston milliy jamoasi futbolchisi Abbosbek Fayzullayev bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. Fayzullayevga oilamizga xush kelibsiz, deymiz, to‘q jigarrang formamizda muvaffaqiyatlar tilaymiz», deyiladi xabarda.

Oldinroq OAVda tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, Istanbul klubi o‘zbekistonlik hujumkor yarimhimoyachi transferi uchun «armiyachilar»ga 7,5 million yevro to‘lab beradi. Bu orqali jamoa o‘z tarixidagi eng qimmatbaho transferni amalga oshirdi.

Ma’lumot uchun, Abbosbek Fayzullayev katta futboldagi faoliyatini 2021 yilda Toshkentning «Paxtakor» klubida boshlagan. 2023 yilda Moskvaning TsSKA klubi uni 500 ming yevroga transfer qilgandi. Futbolchi Moskva klubida ikki mavsum davomida barcha turnirlar doirasida 72 uchrashuvda ishtirok etib, 8 gol urdi va 11 golga uzatma berdi. U yakunlangan mavsumda moskvaliklar jamoasi bilan Rossiya Kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgandi.

Eslatib o‘tamiz, «Istanbul Boshoqshehir» klubi avvalroq «Roma»dan O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovni mavsum yakunida sotib olish huquqi bilan ijaraga olgandi.

Mavzuga oid