Iqtisodiyot | 17:58 / 29.07.2025
3164
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning benzin eksportiga taqiqi O‘zbekistonga ta’sir qilmasligi aytildi

Rossiya ichki bozorda yoqilg‘i narxining keskin oshishi fonida benzin eksportiga taqiqni kuchaytirdi. Yoz oxirigacha amal qilishi belgilangan taqiq endi benzin ishlab chiqaruvchilarga ham taalluqli bo‘ldi. O‘zbekiston Energetika vazirligi bu cheklov O‘zbekistonga taalluqli emasligini bildirdi.

Foto: Kun.uz

Rossiya yoz oxirigacha benzin eksportiga qo‘yilgan taqiqni kengaytirdi: endi nafaqat savdogarlar va neft bazalari, balki bevosita neft mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar ham 31 avgustgacha xorijga benzin sota olmaydi.

Bu haqdagi qarorni 28 iyul kuni bosh vazir Mixail Mishustin imzolagan. Qaror mamlakatdagi mavsumiy yuqori talab va qishloq xo‘jaligidagi dala ishlari davrida ichki bozorda yoqilg‘i barqarorligini ta’minlash maqsadi bilan izohlandi.

O‘zbekiston Energetika vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu taqiq “O‘zbekistonga ta’sir qilmaydi”.

“Vaqtinchalik taqiq xalqaro hukumatlararo shartnomalar doirasida tuzilgan bitimlarga taalluqli emasligi belgilangan. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida hukumatlararo kelishuv mavjud, shuning uchun bu taqiq O‘zbekistonning importiga ta’sir qilmaydi”, – deyiladi vazirlik axborotida.

Rossiyada benzin eksportiga taqiq ichki bozorda yoqilg‘i narxlari keskin oshgani fonida ro‘y bermoqda. 24 iyul kuni Sankt-Peterburg birjasida AI-95 benzini narxi tonnasiga 76,3 ming rubldan ham oshib, 2023 yil sentabr oyidagi tarixiy maksimum (76,9 ming rubl)ni zabt etishga yaqinlashdi.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada benzin eksportiga taqiq – Ukraina bilan urushda bir qator neftni qayta ishlash zavodlari hujumga uchrashi ortidan, 2024 yil fevral oyida kiritilgan. Bunda, YeOII mamlakatlari, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonga xalqaro shartnomalar bo‘yicha yetkazib berish istisno etib belgilangan.

Dastlab, taqiq 2024 yil 1 martdan 31 avgustgacha amal qilishi ko‘zda tutilgandi, lekin dronlar hujumiga uchragan NQZlar yana to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, ichki bozordagi to‘yinish ortidan may oyiga kelib taqiq yechilgan edi.

Avgust oyiga borib, RF hukumati benzin eksportiga taqiqni tikladi va cheklov 2025 yil 28 fevralgacha amal qilishi belgilandi. Keyinchalik bu muddat 2025 yil 31 avgustgacha uzaytirildi.

Shu paytga qadar taqiq treyderlar va neft bazalari kabilarga taalluqli edi. Yangi qaror bilan taqiq doirasi kengaytirilib, 31 avgustga qadar neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar ham bu cheklovga amal qilishi kerakligi belgilandi.

Avvalroq, Kun.uz O‘zbekistonda sentabr oyidan boshlab AI-80 ishlab chiqarilishi butkul to‘xtatilishi haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid