Jahon | 12:03
2368
6 daqiqa o‘qiladi

Tailand va Kambodja to‘rt kunlik urushdan so‘ng muzokaralarni boshlashga kelishib oldi

Tailand va Kambodja o‘tgan haftada boshlangan mojaroga chek qo‘yish uchun dushanba kuni Malayziyada muzokaralar boshlashga kelishib oldi. 24 iyul kuni chegarada harbiy harakatlar boshlanganidan beri kamida 33 nafar askar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, ikki tomondan 200 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Foto: Reuters

Shanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ikki davlat rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi. Yakshanba kuni esa Tailand muzokaralarda bosh vazir vazifasini bajaruvchi Pumtam Vechaychay boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etishini ma’lum qildi.

Malayziya Tailandga muzokaralarda Kambodja tomondan bosh vazir Xum Manet ham ishtirok etishini ma’lum qilgan.

O‘tgan hafta oxirida Shotlandiyaga tashrif buyurgan Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida ikkala davlat «zudlik bilan uchrashishga va tezda o‘t ochishni to‘xtatish hamda pirovardida TINChLIK rejimini ishlab chiqishga kelishib olgani» haqida yozdi.

Ikkala davlat ham Trampga sa’y-harakatlari uchun minnatdorchilik bildirdi, lekin yakshanbaga o‘tar kechasi ham otishmalar davom etdi. Kambodja Trampning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi talabini qabul qildi, Tailand esa ikki davlat o‘rtasida muloqot zarurligini ta’kidladi.

Kambodja allaqachon o‘t ochishni to‘xtatishni taklif qilgan, uning qurolli kuchlari Tailandnikidan zaifroq va Tailandning artilleriya va havo hujumlari natijasida pozitsiyalari va texnikalarini yo‘qotmoqda.

«Men [Trampga] Kambodja ikki qurolli kuch o‘rtasida zudlik bilan va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish taklifiga rozi ekanini aniq aytdim», dedi Manet telefon suhbatidan so‘ng va Trampning vositachiligi «haqiqatan ham ko‘plab askarlar va tinch aholining hayotini himoya qilishga yordam berishi»ni qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida, Tailand o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini aytgan, biroq avval Kambodja bilan muloqot o‘rnatilishi kerakligi haqidagi avvalgi talabini ta’kidlagan.

Pumtam Vechayachay prezident Trampga qayg‘urgani uchun minnatdorchilik bildirib, Tailand o‘t ochishni to‘xtatishga roziligini ma’lum qildi. «Biroq Tailand Kambodjaning samimiy niyatlarini ko‘rishni istaydi», – deyiladi Tailand tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Tinchlik bo‘lmasa, savdo muzokaralari ham bo‘lmaydi

Tramp Kambodja va Tailand bilan savdo muzokaralari tiklanishiga umid qilayotgani, biroq harbiy harakatlar to‘xtamaguncha bu maqsadga muvofiq emasligini aytgan.

Uning vaziyatga aralashuvi Kambodja va Tailand tovarlariga Amerika bojlari kuchga kirishidan bir hafta oldin ro‘y berdi.

1 avgustdan boshlab ushbu mamlakatlardan tovarlarni import qiluvchi Amerika kompaniyalari, agar shu muddatgacha yangi kelishuvga erishilmasa, 36 foizlik soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.

Bir kun avval Tailand tashqi ishlar vaziri Maris Sangiampongsa «hozircha uchinchi davlat vositachiligi kerak emasligi»ni aytgani hisobga olinsa, Tramp bu vaziyatga qanday aralashib qolgani aniq emas.

Malayziya bosh vaziri Anvar Ibrohim avvalroq Tailand va Kambodja o‘rtasidagi muzokaralarga ko‘maklashishni taklif qilgandi.

Avvalroq, shanba kuni Kambodja Tailand bilan «darhol» o‘t ochishni to‘xtatishga va nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan edi.

Xaritada pushti rang bilan ikki mamlakat chegarasidagi bahsli hudud ko‘rsatilgan

Shotlandiyadagi Trump Turnberry golf klubida golf o‘ynab bo‘lganidan keyin AQSh prezidenti Kambodja va Tailand bosh vazirlari bilan suhbatlashganini aytdi.

«Hammasi amalga oshirilgach va tinchlik yaqinlashganda, men ikkala davlat bilan savdo bitimlari tuzilishini sabrsizlik bilan kutmoqdaman!» – deb yozgan Tramp.

Tailand va Kambodja harbiy harakatlar boshlanishida bir-birini ayblagan.

Tailandning ta’kidlashicha, jangovar harakatlar Kambodja harbiylari chegara yaqinida Tailand qo‘shinlarini kuzatish uchun dronlardan foydalanganda boshlangan.

Kambodjaning ta’kidlashicha, tailandlik askarlar ilgari erishilgan kelishuvni buzib, kxmer hindular ibodatxonasi tomon yo‘l olgan.

Mojaro tarixi

Bangkok va Pnompen Preaxvixea va Ta Moan Thom ibodatxona majmualari hududlari kimga qarashi bo‘yicha yuz yildan ortiq vaqtdan beri bahslashib keladi.

Ikki davlat o‘rtasidagi chegara XIX asrning ikkinchi yarmida Kambodja Fransiya Hindixitoyi tarkibiga kirganida belgilangan.

1962 yilda BMT Xalqaro sudi Preaxvixeani Kambodjaga tegishli deb topdi, ammo bahsli hududlar yaqinidagi chegarada to‘qnashuvlar to‘xtamaydi.

2008 yilda Pnompen bahsli hududda joylashgan va XI asrga oid ibodatxonani YuNeSKOning jahon merosi obekti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qiladi. Tailand buni provokatsiya sifatida qabul qiladi.

2008 yil yozida ikkala tomon ham ibodatxona atrofida qo‘shin to‘play boshlaydi. Iyul oyida birinchi qurolli to‘qnashuv yuz beradi, natijada bir necha askar halok bo‘ladi. Keyingi yillar davomida ikkala davlat ham o‘z pozitsiyalarini mustahkamladi, harbiy lagerlar qurdi va hududni minalashtirdi. Otishmalar muntazam ravishda bo‘lib turgan, ba’zan harbiylar va tinch aholi orasida qurbonlar kuzatilgan.

Eng katta eskalatsiya 2011 yilda ro‘y bergan va u ko‘p jihatdan hozirgisiga o‘xshaydi: navbatdagi otishma artilleriya va raketa qurilmalaridan foydalangan holda haqiqiy janglarga aylangandi. Maktablar, turar joy binolari vayron qilingandi. Ibodatxonaning o‘zi ham zarar ko‘rgan. 20 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, chegaraning har ikki tomonidan minglab aholi evakuatsiya qilingan.

Joriy yil mayidagi to‘qnashuvda kambodjalik askar halok bo‘lishi ortidan ikki davlat munosabatlari yana keskinlashgandi.

Mavzuga oid