Jahon | 18:20 / 28.07.2025
4610
5 daqiqa o‘qiladi

 “Rossiya urushga chuqur kirib ketdi, undan chiqishi imkonsiz” - siyosatshunos

Ukrainadagi urush taqdiri diplomatik muzokaralar orqali hal etiladimi yoki frontdagi janglar hal qiluvchi rol o‘ynaydimi? Tramp, Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuv haqida turli bayonotlar berilmoqda. Lekin uchrashuv bo‘lgan taqdirda ham, u qanchalik samarali bo‘ladi? “Geosiyosat” dasturida siyosiy tahlilchilar shu haqda so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp, Zelenskiy va Putin o‘rtasida bo‘lishi kutilayotgan uchrashuv natija bermasligi ham mumkinmi, agar shunday bo‘lsa, hammasi frontda hal qilinadimi?

Zokir Usmonov: Ehtimoliy uchrashuvdagi natijalar mamlakatlar qo‘lidagi muhim ta’sir qilish vositalariga, “kozir”larga bog‘liq bo‘ladi. Yaqin oylarda mana shunday uchrashuv amalga oshishi ehtimoli yuqori, deb o‘ylayman. Lekin Rossiyadagi tizimni hisobga olish kerak. Chunki urushdan chiqish Rossiyadagi hokimiyat uchun halokatli yakunlanishi ham mumkin. Ular urushga chuqur kirib ketishdi, qaytib chiqishi imkonsiz.

Agar shunday bo‘lmaganida, Moskva allaqachon muzokaraga jiddiy kirishgan bo‘lardi. Oliy darajada muzokara bo‘lgan taqdirda ham, Rossiya baribir urushni to‘xtatmaydi. Shaxsiy fikrim shuki, hammasi jang maydonida hal bo‘ladi. Rossiyadagi tizim inersiya bilan ketaveradi.

Avvalo, urushni to‘xtatish istagi bo‘lgan mamlakat urush boshlamasdi. Masalan, Hitler ham Ikkinchi jahon urushida o‘zining o‘limigacha, ittifoqchilar armiyasi Germaniya hududiga bostirib kirganda ham to‘xtamagan.

Sherzod Ziyoyev: Donald Tramp AQSh tashqi siyosatida o‘zgarishlar qilayotgani urushni to‘xtatish yo‘lida yechimga olib keladi, deb o‘ylayman. Biroq AQSh masalalarga ko‘proq geoiqtisodiy jihatdan yondashyapti. AQSh va Yevropa o‘rtasida Ukraina masalasidagi pozitsiyaning chigallashgani Rossiyaga urushni davom ettirishga yordam berdi.

Yuqori darajada uchrashuvlar bo‘lishi ehtimoli yuqori, lekin Putin va Zelenskiy uchrashuvi qiyinroq masala. Dastlab Putin bilan Tramp jonli uchrashuv o‘tkazishi mumkin.

Shuhrat Rasul: 24 iyul kuni Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan bunday uchrashuv ehtimoli reallikka aylanyapti, deb bayonot berdi. Lekin 25 iyul kuni Putinning matbuot kotibi Peskov Ukraina va Rossiya liderlari uchrashuvi haqida gapirishimizga hali erta deb aytyapti. Demak, bu yerda tomonlar o‘z maqsadlari yo‘lida har xil bayonotlar beryapti deyishimiz mumkin.

Mening fikrimcha, bunday uchrashuvning aynan avgust oxiri yoki sentabrida bo‘lish ehtimoli juda past. Sababi tomonlarning pozitsiyasi bir-biriga diametral qarama-qarshi. Moskva va Kiyev ikkinchi raund uchrashuvlarida o‘zlarining memorandumlarini almashgan edi. Tomonlar urushni aynan shu memorandumda yozilgandek shartlar bilan yakunlashni xohlashini bildirgan. Rossiyaning asosiy pozitsiyasi – o‘zi hali nazorat qilmayotgan, lekin 2022 yil oktyabr oyida konstitutsiyasiga kiritib qo‘ygan hududlarni “Ukraina bizga topshirsin” deyapti. Undan tashqari, yana ko‘p narsalarni so‘rayapti.

Ana shu pozitsiyalar yaqinlashmas ekan, liderlarning uchrashuvidan hech qanday mantiq yo‘q. Chunki ular asosan kelishuvlar tayyor bo‘lgandan keyin formal kelib uchrashib, qo‘l qo‘yib ketadi xolos. Hozircha shu sharoit bormi? Rossiya o‘zining Ukrainaga ultimatumidan voz kechdimi? Yo‘q.

Bektosh Berdiyev: Hoqon Fidanning bayonotini butunlay puchga chiqarib qo‘ya olmayman. Lekin Peskovning gapida ham jon bor. Chunki Peskov aytyaptiki, biz hali tayyor emasmiz. Haqiqatda prinsipial jihatdan uchrashuvga tayyor emas. Lekin uchrashuv ehtimolini oshiradigan ba’zi bir holatlar bor. Vladimir Putin bugun Zelenskiy bilan bo‘lmasa-da, kamida Donald Tramp bilan uchrashuvga tayyor. U imkon qadar Tramp bilan uchrashib, urushning taqdirini hal qilishni xohlaydi. Chunki Zelenskiy bilan uchrashib, urushning taqdirini hal qilishni Putin “mening obro‘yimga to‘g‘ri kelmaydi” deb hisoblaydi. Va shuning uchun ham u dunyoning lideri deb hisoblaydigan Tramp bilan bu masalani uchrashib, xuddi Yalta konferensiyasiga o‘xshash kelishuvlar qilishni istaydi. Yuzma-yuz uchrashuvda Trampning siyosiy va diplomatik tajribasi katta emasligi Putinga qo‘l kelishi mumkin. Tramp esa kerak bo‘lsa Xominaiy bilan ham, Kim Chen In bilan ham uchrashaveradi, natija bo‘lmasa ham, unga farqi yo‘q.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida batafsil tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid