Jahon | 09:02
3588
6 daqiqa o‘qiladi

“Yangi loyihalarda Eron va Rossiyaning ishtiroki kamayib, turkiylarning ahamiyati ortib boryapti” – siyosatshunos

Ayni vaqtda yuz berayotgan global siyosiy jarayonlar Kaspiy atrofida ham geosiyosiy muvozanatning o‘zgarishiga turtki bo‘layotgandek. Kaspiy dengizida Rossiya asosan Eron bilan birgalikda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazayotgan bo‘lsa, dengizga tutash turk dunyosining ikki vakili — Ozarboyjon va Qozog‘iston esa o‘zaro hamkorlikni kuchaytirib, qo‘shma dengiz mashg‘ulotlari orqali harbiy-siyosiy uyg‘unlikni namoyon etmoqda. Bu esa Kaspiy mintaqasini tobora ko‘p qutbli, raqobatbardosh va murakkab geosiyosiy makonga aylantirayotgandek. Xo‘sh, mintaqada davlatlarning qanday manfaatlari mavjud? Kun.uzʼning “Geosiyosat” loyihasida siyosiy tahlilchi Alouddin Komilov mavzuni xaritalar uzra tahlil qiladi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Kaspiy dengizining geosiyosiy o‘rni qanday

Alouddin Komilov: Agar xaritada Kaspiy dengizining joylashuviga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, geosiyosiy va geosiqtisodiy jihatdan muhim joyda joylashgan. Dengiz atrofida beshta davlat mavjud, bular shimolda Rossiya, shimoli-sharqiy qismida Qozog‘iston, sharqiy qirg‘oqda Turkmaniston, janubda Eron va G‘arbiy sohilda Ozorboyjon joylashgan. Hozirgi kunga kelib Kaspiy dengizi atrofidagi davlatlarning o‘ziga xos bloklarga bo‘linish holati kuzatilmoqda. Birinchi blokda biz Rossiya va Eron o‘rtasidagi o‘sib borayotgan hamkorlikni ko‘rsak, ikkinchi tarafdan turkiy davlatlar (Qozog‘iston, Ozorboyjon va Turkmaniston) o‘rtasidagi ortib borayotgan hamkorlikni ko‘rishimiz mumkin. O‘z navbatida, agar tarixini oladigan bo‘lsak, bu dengizni Rossiya bilan Eron nazorat qilgan. 1991 yil Markaziy Osiyo davlatlari, shu bilan birga Ozarboyjon mustaqillikka erishgandan so‘ng bu hududni qaytadan taqsimlash va nazorat qilish bo‘yicha kelishuv olib borish masalasi ko‘tariladi, 20 yildan ortiq davom etgan muzokaralardan so‘ng, 2018 yilda Kaspiy dengizi havzasini muhofaza qilish va uning huquqiy asosini yaratish bo‘yicha konvensiya qabul qilinadi. Bu konvensiya ushbu besh davlat o‘rtasidagi munosabatni belgilab beradi. Shunday bo‘lsa-da, konvensiyada ham asosiy ustunlik bu Rossiya bilan Eronga tegishli desak, adashmagan bo‘lamiz.

Kaspiy dengizining ahamiyatini oshib borayotganini ko‘rish uchun biz Yevrosiyo xaritasiga e’tibor qaratishimiz kerak. Hozirgacha Yevropani sharqqa bog‘laydigan ikkita transport yo‘llari bo‘lgan, birinchisi, Rossiya hududi orqali o‘tadigan Trans-Sibir yo‘llari hisoblanadi. Bu Xitoydan boshlanib, to Yevropaga yetib borgan. Ikkinchisi esa dengiz yo‘llari hisoblanib, Xitoydan boshlangan va Malakka bo‘g‘ozi orqali o‘tib, Yaqin Sharqdan Yevropaga borgan. Lekin so‘nggi yillarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, geosiyosiy hodisalar bu ikki yo‘lning xavfsizligini so‘roq ostiga qo‘yib, ahamiyatini pasaytirdi. Birinchi navbatda Ukrainadagi urush tufayli Rossiyadan o‘tadigan yo‘llar sanksiyaga tushdi va manfaatli bo‘lmay qoldi. Ikkinchi holatda esa Yaqin Sharqdagi bo‘layotgan holatni nazarda tutsak bo‘ladi. Isroilning G‘azoda olib borayotgan urushi va Yamanda joylashayotgan husiylarning Qizil dengizdan o‘tayotgan kemalarga hujum qilishi bu ikki yo‘llarning narx jihatdan, xavfsizlik jihatdan ahamiyati tushishiga sabab bo‘ldi. Shunday holatda Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan Markaziy Osiyo orqali o‘tadigan o‘rta koridorning ahamiyati oshib bordi. Ya’ni gap “O‘rta koridor” haqida ketyapti, bu yo‘lning asosiy bo‘g‘ini esa Kaspiy dengizi hisoblanadi.

Shu vaqtgacha Uzoq Sharq va Markaziy Osiyodan Yevropaga harakatlanuvchi mahsulotlar oqimi deyarli Rossiya va Eron orqali bo‘lsa, endi ushbu ikki davlat asosiy loyihalarda chetda qolyapti.

Yangi o‘zgarishlarda Rossiya va Eronning ishtiroki keskin kamaygan va Markaziy Osiyo davlatlari bilan birga Ozarboyjonning ahamiyati ortib boryapti. Bu esa Rossiyaning va Eronning qiziqishlariga, ularning ambitsiyalariga to‘g‘ri kelmaydi. Shu tufayli ular so‘nggi yillardagi bo‘layotgan o‘zgarishlarni inobatga olgan holda, ikki davlat o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni oshiryapti. Bu yerda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazyapti. Bu o‘ziga xos signal desak ham bo‘ladi. Bilamiz, Rossiya va Eron harbiy jihatdan bu yerda eng kuchli davlat hisoblanadi va o‘z navbatida, bu mashg‘ulotlar orqali Markaziy Osiyo davlatlariga, Yevropa davlatlari va boshqa davlatlarga ular ham yetakchi kuch ekanini va bu yerda hali ham nazorat kuchli ekanini o‘ziga xos mashg‘ulotlar orqali signal sifatida ko‘rsatyapti desak, adashmagan bo‘lamiz.

Undan tashqari Rossiyaning Kaspiyda faollashuvi Ozorboyjon kabi sobiq ta’sir hududlarini nazoratidan chiqarayotgani uchun bosim sifatida ko‘rilsa, Eron uchun turk dunyosining yaqinlashuvidan hosil bo‘layotgan xavotiridir.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid