Jahon | 14:03
10591
6 daqiqa o‘qiladi

Isroilning G‘azodagi Gumanitar fondi sobiq qo‘riqchisi harbiy jinoyatlarga guvoh bo‘lganini so‘zlab berdi

U amerikalik qo‘riqchilar falastinliklarga qarata o‘t ochayotgani aks etgan videolarni ham taqdim etgan.

Foto: BBC Russian

G‘azodagi Amerika-Isroil gumanitar jamg‘armasining insonparvarlik yordamini taqsimlash punktida qurolli qo‘riqchi bo‘lib ishlagan «Yashil beretlar» (AQSh quruqlikdagi qo‘shinlari maxsus kuchlari)ning iste’fodagi podpolkovnigi Entoni Agilar BBC xalqaro muharriri Jyeremi Bouenga bergan intervyusida amerikalik hamkasblari, shuningdek, Isroil qo‘shinlari G‘azodagi falastinliklarga qarata o‘t ochganiga shaxsan guvoh bo‘lganini aytdi.

G‘azo insonparvarlik jamg‘armasi (GHF) Isroil tomonidan BMTni G‘azodagi insonparvarlik yordamini taqsimlash jarayonidan chiqarib tashlash maqsadida tashkil etilgan va may oyidan ish boshlagan. Shu vaqt ichida uning to‘rtta oziq-ovqat tarqatish punkti atrofida mahalliy aholining ommaviy o‘limiga olib keladigan hodisalar bir necha bor sodir bo‘ldi; BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 21 iyulga kelib, bu joylarning faqat bittasi yaqinida kamida 766 kishi halok bo‘lgan.

«Men Isroil mudofaa armiyasi falastinliklarga qarata o‘q uzganiga guvoh bo‘ldim. Men TSAHALning «Merkava» tanki asosiy to‘pidan odamlar to‘planib turgan joyga snaryad otib, ushbu obektdan shunchaki chiqib ketayotgan fuqarolar bo‘lgan mashinani yo‘q qilganiga guvoh bo‘lganman. Men tinch aholini nazorat ostida ushlab turish uchun ularga qarata minomyotlardan o‘q uzilganining guvohi bo‘lganman», – dedi Agilar.

U bu voqealardan keyin G‘azo Gumanitar jamg‘armasidan iste’foga chiqqan. Jamg‘armaning o‘zi uning da’volari «mutlaqo yolg‘on» ekanini ta’kidladi va uning o‘zini «o‘zboshimchalik tufayli hamkorlik to‘xtatilgan norozi sobiq pudratchi» deb atadi. Agilar esa ishdan bo‘shatilishining bu versiyasini rad etadi.

Intervyu e’lon qilingandan so‘ng, Isroil mudofaa kuchlari mahalliy aholi bilan muammolarni kamaytirish uchun yordamni taqsimlash tajribasini «tizimli ravishda o‘rganayotgani»ni ma’lum qildi. Buning uchun to‘siqlar, ko‘rsatkichlar o‘rnatilishi, qo‘shimcha kirish yo‘llari jihozlanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, harbiylar yordam tarqatish punktlari atrofida tinch aholi jabrlangani haqidagi xabarlar o‘rganilayotganini qo‘shimcha qilgan.

Entoni Agilar Isroilning G‘azo sektori bilan chegarasi yaqinida bo‘lgan Jyeremi Bouen bilan Vashingtondan videoaloqa orqali gaplashdi. Shuningdek, u amerikalik qo‘riqchilar falastinliklarga qarata o‘t ochayotgani aks etgan videolarni taqdim etdi. Xalqaro jurnalistlar G‘azo hududida mustaqil ishlash imkoniyatidan mahrum.

«Men ushbu obektlar havaskorlarcha tashkil etilgan deyman. Tajribaga ega bo‘lmasdan, o‘rganmasdan, bunday miqyosdagi operatsiyalarni qanday amalga oshirishni tushunmasdan tashkil etishgan. Va bu men tomonidan berilgan eng yumshoq baho. Eng ochiq baho – men ularni jinoyatchi deb aytgan bo‘lardim. Faoliyatim davomida men hech qachon tinch aholiga – qurolsiz och-nahor aholiga nisbatan bunday darajadagi shafqatsizlik va zarurat bo‘lmaganda kuch ishlatilishini ko‘rmaganman», – dedi GHF sobiq xodimi.

«Men o‘zim G‘azoga bo‘lishimdan oldin qatnashgan urushlarda hech qachon bunday holatni ko‘rmaganman va bu ishlarning barchasini TSAHAL va amerikalik pudratchilar amalga oshirdi», - deya davom etdi Agilar.

U o‘zi guvoh bo‘lgan ishlarni urush jinoyatlari deb atash mumkinligini tasdiqlagan: «Shubhasiz, men urush jinoyatlarining guvohi bo‘ldim». U Isroil qo‘shinlarining «qurollanmagan tinch aholiga artilleriya snaryadlari, minomyot snaryadlari, tank snaryadlari bilan o‘q otishi»ni shular jumlasiga kiritdi.

Shunga o‘xshash fosh qiluvchi dalillar ilgari boshqa ommaviy axborot vositalarida ham e’lon qilingan: xususan, 22 iyul kuni Isroilning «12 kanal» tashkilotning sobiq xodimi bilan intervyuni e’lon qilgan, ammo u holatda guvoh anonim va yashirin yuz bilan gapirgandi.

Isroil BMTni G‘azodagi insonparvarlik yordami Hamas jangarilari tomonidan talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘yishda ayblaydi. GHF tashkil etilgani shu bilan izohlanadi. Xalqaro gumanitar tashkilotlar esa G‘azoda ommaviy ocharchilik avj olayotganini bot-bot ta’kidlamoqda.

Shu bilan birga, shanba kuni New York Times gazetasi yozishicha, isroillik to‘rt manba, jumladan, ikki nafar yuqori martabali harbiy, anonim ravishda unga TsAXAL Hamas BMTning gumanitar yordamini muntazam ravishda o‘g‘irlayotgani haqida hech qachon dalillarga ega bo‘lmaganini aytishgan.

TSAHAL vakili New York Times nashriga «Hamas terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish uchun insonparvarlik yordamidan foydalanayotgan» holatlar «hujjatlashtirilgani»ni aytgan, biroq BMTning gumanitar yuklarini talon-toroj qilishga oid dalillari yo‘qligi haqidagi xulosaga e’tiroz bildirmadi.

Juma kuni Reuters agentligi va keyinroq CNN telekanali AQSh hukumatida ham Hamas Amerika yordamini talon-toroj qilganiga dalil yo‘qligini xabar qildi. Ushbu tadqiqot AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning amaliy bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilgan va iyun oyi oxirida yakunlangan.

Mavzuga oid