Jahon | 19:39 / 25.07.2025
4853
5 daqiqa o‘qiladi

«Yo‘q, bu bino besh yil avval qurilgan» - AQSh Markaziy banki rahbari Trampni «tuzatdi»

Donald Tramp AQSh Federal zaxira tizimi binosining ta’mirlash xarajatlari oshib ketganini aytib, uning rahbarini uyaltirmoqchi bo‘ldi. Jonli efirda yuz bergan bahsda FED rahbari Jyerom Pavell esa bunga qarshi chiqib, prezident bu summaga besh yil avval ta’mirlangan boshqa binoni ham qo‘shib yuborganini ta’kidladi.

Foto: AP

Federal zaxira tizimining hanuz qurilishi davom etayotgan shtab-kvartirasida 24 iyul kuni sodir bo‘lgan ushbu munozara AQSh telekanallarida jonli efirda ketgan. Har ikkala rahbar, prezident va FED (Federal zaxira tizimi rahbari nazarda tutilmoqda – tahr.) ham oq kaska, qora kostyumda bo‘lgan.

Dastlab Tramp o‘z fikrini mutlaq ishonch bilan bildirdi, Pavell esa unga shubha bilan qarab, qoshini ko‘tardi. Xususan, Tramp ta’mirlash loyihasi o‘z budjetidan oshib, qiymati 3,1 milliard dollar bo‘lganini aytdi. Pavell esa bunga qarshi chiqib, prezident bu summaga besh yil avval ta’mirlangan boshqa bir binoni ham qo‘shib yuborganini aytdi.

AP nashri ularning suhbati stenogrammasini keltirdi.

«Bu 3,1 milliard dollar atrofida ko‘rinadi, biroz oshgan yoki ancha», dedi Tramp.

Pavell boshini chayqab, rozi emasligini bildirdi:

«Men bunday raqamdan xabardor emasman, janob prezident», deb javob berdi u.

«Bu endigina chiqdi», dedi Tramp va kostyumining cho‘ntagidan qog‘ozni olib chiqdi.

«Men buni Federal rezervdagilardan eshitmadim», dedi Pavell.

«Bu endigina chiqdi», deb yana takrorladi Tramp.

Bir necha bor so‘zlar almashilgandan keyin Pavell ko‘zoynagini taqib, Tramp bergan qog‘ozdagi raqamlarga tikildi va so‘radi:

«Bu bizdan chiqqanmi?»

«Ha», dedi Tramp.

«Siz Martin binosi ta’mirini ham qo‘shib yuborgansizmi?» dedi Pavell.

«Bu uchinchi bino hisoblanadi. Bu qo‘shimcha bino».

«Bu hozir qurilayotgan bino», dedi Tramp.

«Yo‘q, bu bino besh yil avval qurilgan edi», dedi Pavell.

Foto: AP

Shundan so‘ng Tramp turni yakunlab, ta’mirlash tezroq yakunlanishini va Pavell foiz stavkalarini keskin pasaytirishini istashini aytdi.

Nashrning yozishicha, FED rahbari o‘ziga nisbatan Trampning ijtimoiy tarmoqlardagi haqoratomuz gaplariga javob bermayapti. Shuningdek, Pavell prezident yangi boj tariflarining inflatsiyaga ta’sirini kuzatish uchun sabr bilan harakat qilishini bildirmoqda.

Bu bahs Trampning oylar davomida Pavellni «foiz stavkalarini juda kech tushirayotgan» deb tanqid qilganidan keyin yuz berdi. U shuningdek, Pavellni lavozimdan ketishga undayotgan bosim kampaniyasini olib bormoqda, deb yozgan AP nashri.

New York Times'ning yozishicha, bu hayratlanarli manzara bo‘lgan.

«Janob Tramp odatda, dunyo yetakchilari unga bo‘ysunadigan, vazirlar esa yoqimtoylik bilan iltifot ko‘rsatadigan muhitga o‘rgangan bo‘lsa-da, u kamdan kam hollarda yuqori lavozimli amaldor tomonidan omma oldida, qolaversa, televizion kameralar qarshisida qarshilikka uchraydi», deb yozgan nashr.

Ushbu ochiq qarama-qarshilik AQShda Markaziy bank — Federal zaxira tizimi ijro hokimiyatidan mustaqil bo‘lishi kerak degan tamoyilni yana bir bor eslatdi. Pavellning Trampga jonli efirda ochiq e’tirozi, aslida siyosiy bosimlarga bo‘ysunmaslik va FED qarorlarining faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarga asoslanishini himoya qilishdir.

Trampning qimmatga tushgan ta’mirlash ishlarini tanqid qilishi – Pavellga nisbatan boshlagan bosim kampaniyasining bir qismi sifatida baholanmoqda. Trampning binoni o‘z ko‘zi bilan borib ko‘rish qarori esa bu bosimning keskin kuchayganidan darak beradi. 

Mavzuga oid