Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Konibodomdagi seriyali qotilliklar bo‘yicha to‘rt kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi
Tojikistonning Konibodom shahrida 10 oy ichida 7 oiladan 23 kishi sirli ravishda o‘ldirilgan edi.

Foto: Asia-Plus
Tojikistonning Konibodom shahridagi shov-shuvli qotilliklar ishi bo‘yicha to‘rt nafar tojikistonlik umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Konibodom shahri raisi Davron Zohidzoda ma’lum qildi.
Ushbu ish bo‘yicha boshqa qo‘shimcha ma’lumotlar, jumladan, sudlanganlarning ismlari ochiqlanmadi, Zohidzoda tergov tafsilotlari bilan tanish emasligini aytdi.
2024 yil 21 dekabrda Tojikiston bosh prokuraturasi Konibodomda sodir etilgan seriyali qotilliklar fosh etilgani va 4 kishi (26 yoshli Solihjon Xudoyberdiyev, 27 yoshli Ahadjon To‘xtayev, 28 yoshli Manuchehr Odilov, va 36 yoshli Baxtiyor Ravshanov) qo‘lga olinib, jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qilgan edi. Shu vaqtda ham, hozir ham ish tafsilotlari oshkor etilmadi, qo‘shimcha ma’lumotlar yo‘q.
Konibodom va uning atrofidagi hududlarda bir qator qotilliklar 2024 yil 28 martdan 29 martga o‘tar kechasi sodir etilgan jinoyat bilan boshlandi. O‘sha tunda Konibodomning Komil Yormatov ko‘chasida bir oilaning 5 nafar a’zosi: 65 yoshli Muhiddin Sharifov, uning turmush o‘rtog‘i Maryam Sharifova, kelini Firuza Sharifova va ikki nabirasi - Abubakr Sharifov va Aziz Kabirzoda o‘ldirilgan holda topildi.
16 apreldan 17 aprelga o‘tar kechasi Konibodom shahrining Sayxun qishlog‘ida 70 yoshli er-xotin Muzaffar O‘rmonov va uning rafiqasi Inoyat O‘rmonova o‘ldirilgan holda topildi. Jinoyat sodir etilganidan 21 kun o‘tib, Muzaffar O‘rmonovning ukasi Sharifjon Ashurov qotillikda gumonlanib hibsga olindi. O‘ldirilgan er-xotinning qarindoshlari va farzandlari, shuningdek, gumonlanuvchining farzandlari uning aybini rad etib, qotillik sodir bo‘lgan kechasi uydan chiqmaganini aytgan bo‘lsa-da, u aybdor deb topilib, 12 dekabr kuni 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
28 maydan 29 mayga o‘tar kechasi Konibodom shahridagi Sanchidzor qishlog‘ida ikki oilaning olti a’zosi o‘ldirilgan holda topildi. Oilalarning biri tojik, ikkinchisi qirg‘iz edi. Rasmiylar bu qotilliklarda Sanchidzor qishlog‘idagi maktabning 42 yoshli qo‘riqchisi Marat Sattarovni aybladi. O‘tgan yilning noyabr oyi oxirida Tojikiston Oliy sudi uni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
Keyingi qotillik 8 dekabrdan 9 dekabrga o‘tar kechasi Konibodom shahrining Shurobqal’a qishlog‘ida sodir etilgan bo‘lib, u yerda bir oilaning olti a’zosi - er-xotin va ularning to‘rt nafar farzandi jasadi topildi. Oila boshlig‘i 37 yoshli Naimjon Ne’matovning jasadi daraxtga osilgan holda, uning 33 yoshli turmush o‘rtog‘i Nafisa Ne’matova va uch nafar qizi (biri 13 yoshda, ikkitasi 10 yoshda) hamda ikki yoshli o‘g‘li bo‘g‘ilish alomatlari bilan topildi.
Oradan bir hafta o‘tib, 15 dekabrdan 16 dekabrga o‘tar kechasi Hisorak (sobiq Qo‘rg‘oncha) qishlog‘ida ikki oiladan yana to‘rt kishi o‘ldirildi.
Umuman olganda, 10 oy ichida Konibodomda 7 oiladan 23 kishi sirli ravishda o‘ldirildi. Niqob taqqan odamlar aks etgan videoyozuvlarning paydo bo‘lishi vahimalarni yanada kuchaytirdi. Aholi kechalari gulxan yoqib, ko‘chalarda navbatchilik qila boshladi.
Qotillik sabablari haqida hanuz ma’lumot berilmadi.
Mavzuga oid

12:54 / 24.07.2025
O‘zbekiston va Tojikiston chegaraoldi savdo markazlarini ochish rejalashtirilmoqda

20:51 / 21.07.2025
O‘zbekistonning bir qancha fuqarosi telefonida taqiqlangan kanallarga obuna bo‘lgani uchun Rossiyaga kiritilmadi

18:18 / 21.07.2025
Surxondaryodagi bozorda sotuvchi bir guruh shaxslar tomonidan pichoqlab o‘ldirildi

21:25 / 20.07.2025