O‘zbekiston | 10:20 / 24.07.2025
1579
2 daqiqa o‘qiladi

Olti oyda 5,6 trln so‘mlik samarasiz budjet xarajatlari qisqartirildi

Bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard so‘m samarasiz budjet xarajatlari qisqartirilgan, budjetga 5 trillion so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 iyul kuni Hisob palatasining faoliyati hamda ijro tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi.

O‘zbekiston prezidentining 2024 yil 10 iyuldagi “Budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Hisob palatasining ish uslubi o‘zgardi, uning vakolatlari kengaytirildi. Eskicha tekshiruvlardan voz kechilib, moliyaviy, muvofiqlik, samaradorlik va strategik audit tizimi joriy qilindi.

Endilikda bu palata faqat nazorat qiluvchi emas, balki budjet intizomiga ko‘maklashuvchi hamkor idoradir. Shu bois asosiy e’tibor moliyaviy intizom buzilishining oldini olish, buning omillarini tahlil qilishga qaratilmoqda.

Masalan, bu yil 6 oyda o‘tkazilgan audit tadbirlari natijasida 5 trillion 600 milliard so‘m samarasiz budjet xarajatlari qisqartirilgan, budjetga 5 trillion so‘m qo‘shimcha tushum imkoniyati aniqlangan.

Mamlakat iqtisodiyoti izchil o‘sib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, moliyaviy nazorat ko‘lami va ish hajmini ham oshiradi. Buni qamrab olishning samarali yo‘li – raqamlashtirish. Shu maqsadda “Masofaviy audit” axborot tizimi ishga tushirilgan. Hozirgacha u orqali 4 trillion so‘mlik kamchiliklar bartaraf etilgan.

Mavzuga oid