O‘zbekiston | 11:00 / 24.07.2025
2669
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

OKMKda yana bir yirik loyiha amalga oshirilmoqda

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida yana bir loyiha – Rux zavodining 6-Sulfat kislota ishlab chiqarish sexini qurish ishlari yakunlanmoqda.

Foto: OKMK

Ta’kidlash joizki, obektni qurish ishlari, jumladan uskunalarni o‘rnatish va montaj qilish kombinatning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti hamda Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan amalga oshirilmoqda. Germaniyaning Metso-Outotec kompaniyasi esa EPS shartnomasi asosida texnologik uskunalar va jihozlarni yetkazib bermoqda.

Bunda ishlab chiqariladigan kislotaning sifati yuqori darajada toza bo‘lishiga hamda sexning zilzilabardosh va seysmik xavfsizlik me’yorlariga to‘liq javob berishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yana bir muhim jihati, ekologik xavfsizlik choralari sifatida Daniyaning FLSmidth kompaniyasining gazlarni changdan tozalovchi zamonaviy 4 seksiyali filtrlari o‘rnatilmoqda. Bu rux metallining qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlarining oldini olib, boyitmadan rux metalini ajratib olish darajasini oshiradi. Shuningdek, qo‘shimcha gazdan reniy va selen kabi noyob metallarni ajratib olish imkoni ham yaratiladi.

Gazlarni tozalash bo‘limidagi barcha asosiy jihozlar uzoq yillar xizmat qiluvchi kompozitsion materiallardan yasalgan bo‘lib, ularni o‘rnatish va ta’mir ishlariga ko‘p vaqt va mablag‘ sarflanmaydi.

Quritish va absorbsiyalash bo‘limidagi barcha kislota quvurlari, issiqlik almashtirgichlari zanglamas SX materialidan yasalib, o‘rnatilmoqda. Bu material kislotaga yuqori bardoshligi bilan ajralib turadi.

Mazkur sex foydalanishga topshirilganidan so‘ng, soatiga 79 ming kub metrgacha hajmdagi texnologik gazlar atmosferaga chiqarilmasdan ushlab qolinadi.

Bu o‘z navbatida hududning ekologik holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birgalikda yiliga 180 ming tonna sulfat kislotasini, ya’ni qo‘shimcha tovar mahsulotini ishlab chiqarish imkonini beradi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida joriy yilda 690 ming tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarilib, mamlakatimizning ichki bozoriga yo‘naltiriladi. Jumladan, sulfat kislotasidan qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan mineral o‘g‘itlar, avtomobillar uchun kislotali akkumulyatorlarni ishlab chiqarishda hamda uran qazib olishda keng foydalaniladi.

Ma’lumot tariqasida aytish mumkinki, bugungi kunda Osiyo-Tinch Okeani mintaqasi jahon sulfat kislotasi bozorida ustunlikka ega. Bunda eng yuqori iste’mol darajasi Xitoy, Hindiston va Yaponiya singari mamlakatlarga to‘g‘ri kelib, sulfat kislotasining gigroskopik va oksidlovchi xossalaridan kelib chiqqan holda mineral o‘g‘itlar, kimyoviy mahsulotlar, sintetik matolar va pigmentlar ishlab chiqarishda ishlatiladi.

Jahon sulfat kislotasi bozorining hajmi 2024 yilda 21,9 milliard dollardan 2032 yilga kelib 28,6 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Ishlab chiqarish hajmi esa yiliga qariyb 200 million tonnani tashkil etadi.

Bunda, tabiiyki, O‘zbekistonning o‘rni qanday, degan savol tug‘ilishi mumkin. Javob sifatida aytish mumkinki, hozirda “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan Metallurgiya majmuasining ishga tushishi natijasida yiliga qo‘shimcha 1,8 mln tonna sulfat kislotasi ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Buning jahondagi ulushi 1,3 foizdan oshadi.

OKMK Axborot xizmati

Mavzuga oid