Jahon | 11:26 / 24.07.2025
2585
5 daqiqa o‘qiladi

Jang maydoni – sinov maydoni: Kiyev qurollarni urushda sinab ko‘rishga chaqirmoqda

Bugun Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida gaplashamiz. Oxirgi kunlarda tarqalgan bir xabar e’tiborimni tortdi. Ukraina dunyodagi qurol-yarog‘ ishlab chiqaradigan kompaniyalarga yangi maxsulotlarini real jang sharoitida sinab ko‘rish taklifini bergan. Ishoning, bu chinakam noodatiy voqea. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qurol bering, biz sinab ko‘ramiz

Kiyev qurol-yarog‘ ishlab chiqaradigan kompaniyalarga yangi mahsulotlarni Rossiyaga qarshi jang maydonida sinab ko‘rishni taklif qilgan. Taklifga ko‘ra, ukrainalik harbiylar yangi qurolni real jang maydonida sinovdan o‘tkazib, uning samaradorligi haqida hisobot yozib boradi. Boyagi qurol chiqaradigan kompaniya o‘sha hisobot yordamida mahsulotini mukammalashtirishi mumkin bo‘ladi. Bu dasturga «Test in Ukraine» deb nom berishgan. Loyihada ishtirok etmoqchi bo‘lgan kompaniyalar uchun «Brave1» degan platforma ham ishga tushirilgan.

Ukraina hukumati tashkil qilgan bu loyiha jang maydonida qanday qurollarga ehtiyoj borligini bilib olish imkonini beradi. Bu esa ishlab chiqaruvchi kompaniyalar uchun foydali ma’lumot.

Kiyev loyiha doirasida asosiy e’tiborini havo hujumidan mudofaa tizimlariga qaratgan. Xususan, dronlarni tutish, sun’iy intellektga asoslanib ishlaydigan tizimlar, bir so‘z bilan aytganda, boshqariladigan bombalarga qarshi vositalar. Shuningdek, Kiyev dengiz dronlari borasida yangi takliflar istamoqda.

Bu nima degani?

Endi bu xabar nimasi bilan ahamiyatli ekani haqida. Ukraina Tramp kelganidan buyon asosiy ittifoqchisi Amerikadan qurol ololmayapti. Endi Amerika Ukrainaning ittifoqchisi ham emas, Trampning dard-u xayoli Kiyevdan oldingi yordamlar uchun pul undirishda. Yevropa Amerikaning ruxsatisiz qurol berolmaydi. Frontning narigi tomonida esa dunyodagi eng katta, yerining ostida bitmas-tuganmas resursi bor Rossiya. Bunday vaqtda Ukraina tirik qolish uchun har qanday ishni qilishga tayyor. Kerak bo‘lsa hali sinab ko‘rilmagan qurol-yarog‘ni ishlatishga ham.

Endi Kiyev mashina chiqaradigan kompaniyalarga ulovingizni bizning frontda sinab ko‘ring, desa ham ajablanmang. Butun dunyodagi xirurglarga tajriba istasangiz, kelib bizning harbiylarni da’volang desa, hayron qolmang. Chunki o‘rtada butun boshli davlatning mustaqilligi, mavjudligi, millionlab odamlarning taqdiri tikilgan.

Butun dunyodagi insonlarning Ukrainaga ko‘pi bilan rahmi kelishi, oshib borsa ozroq humanitar yordam yuborishi mumkin. Lekin Rossiya Donbassdagi navbatdagi qishloqni yer bilan yakson qilishiga faqat ukrainlar o‘z qoni va joni bilan qarshilik qilishi mumkin, boshqalar emas.

Shu o‘rinda Ukrainadagi urush allaqachon chinakam harbiy sinov maydoniga aylanib bo‘lganini aytish kerak. Masalan, tanklar ortiq quruqlik jangidagi eng muhim qurol emasligini ko‘rinib qoldi. Jang maydonida loyda botib qoladigan bu og‘ir temir-tersakdan ko‘ra 100 dollarlik dronlar ko‘proq samara bermoqda. Aynan dronlar endilikda urushning eng faol quroliga aylandi va bu qimmat qurol-yarog‘ ishlab chiqaradigan kompaniyalar uchun yomon xabar. Chunki dronlarni endi maktab bolalari ham yig‘a oladi, uni eplab boshqarib olishsa bas.

Oxirgi bir necha oy davomida Rossiya – Ukraina urushida front muzlab yotibdi. Sababi – dronlar. FPV dronlar sabab hozir front chizig‘iga 20 km yaqinlashish o‘lim bilan barobar. Bunaqa dronlar shunchalik arzonki, dron operatorlar endi texnika uchun emas, har bir dushman askari uchun alohida dron uchirmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Ukrainadagi urush sabab dunyo ham, urush qoidalari ham, harbiy sanoat ham ko‘z o‘ngimizda o‘zgarib bormoqda. Bu urush barcha pardalarni ko‘tardi, maqtalgan qurollar temir-tersakka chiqdi, pisand qilinmagan millatlar dohiy injyenerlar chiqara boshladi, frontdan minglab kilometr uzoqdagi davlatlar ham qurol omborlarini to‘ldirishga kirishdi. Hali bu urush bizni ko‘p ajablantiradi....

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid