Jamiyat | 18:16 / 23.07.2025
4680
9 daqiqa o‘qiladi

“Jilovlanmayotgan” jinoyat: soddalik chegarasi va pixini yorgan firibgarlar

“1 mln so‘m bersangiz bir soatda 25 mln so‘mga ko‘paytirib beraman” – ushbu va’daga ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilikning ko‘zi tushgan. Hatto yuzlab insonlar bu rost ekani, pulini “katta pulga” aylantirib olgani haqida videolavhalar e’lon qilmoqda. Haqiqatan ham shunaqa yo‘l bilan pul ko‘paytirish mumkinmi? Ha, mumkin: faqat treyder niqobidagi firibgarning puli ko‘payadi. Maqola sodda odamlar va soxta treyderlarning aldov sxemasi haqida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda treyder niqobi ostidagi firibgarlar yana faollashdi. Ular odamlarni pulini bir soatda 20 baravarga ko‘paytirib berish va’dasi bilan chuv tushirmoqda. Ushbu yolg‘onga aldanish uchun esa inson kamida chiltor kuy chalsa g‘oz rostdan ham tilla tuxum qo‘yishiga ishonish darajasida sodda bo‘lishi kerak. Afsuski, ana shunaqa sodda odamlarning borligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor reaksiya ko‘rsatmasligi firibgarlar tegirmoniga suv quymoqda.

Pul “mashinasi”

Telegram’dagi “Uzbekistan investuz” guruhi ana shunaqa firibgarlik guruhlaridan biri. 2025 yilning 21 aprel kuni tashkil etilgan, 43 mingdan ortiq a’zosi bor guruh 3 oydan buyon faol holatda.

O‘zini treyder deb taqdim etayotgan shaxslar odamlarga bir nechta tarifda pullarini ko‘paytirib berishni va’da qilmoqda. Ularning bu yolg‘oniga esa yuzlab odamlar aldanyapti.

Soxta treyder bilan mijoz sifatida suhbatlashib ko‘rdik. U pulni dunyo bozorida aksiyalar oldi-sotdisidan ko‘paytirishini, bu xizmat bo‘yicha litsenziyaga ega ekanini bildirdi.

“Men dunyo bozorlarida, ayniqsa, Forex bozorida aksiyalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelaman. Yaqinda jamoamiz bilan dastur yaratdik. Dasturning ichida sun’iy intellekt bor. Kiritgan sarmoyangizni uzog‘i bilan 60 daqiqada 20 baravargacha ko‘tarish imkoniyati bo‘ladi”, deydi u.

Aslida soxta treyderning ushbu izohi uning gaplari yolg‘on, o‘zi esa firibgar ekanini ko‘rsatib turibdi. Forex, aksiya bozori va sun’iy intellekt haqida yetarlicha tushunchaga ega bo‘lmaganlar bu aldovga chuv tushmoqda.

3 qadam va blok

Birinchi qadam sifatida “mijoz”larga 5 ta tarif taklif etiladi. Ular 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha bo‘lgan tariflar. Masalan, 1 mln so‘m to‘lagan odamga puli bir soatdan so‘ng 30 mln so‘mgacha ko‘paytirib berilishi va’da qilinadi.

1 mln so‘m puli bir soatda 30 mln so‘mga aylanishini eshitgan sodda odamlar darhol tariflardan birini tanlab, bunga rozilik bildiradi. Firibgar esa ikkinchi qadam sifatida pul o‘tkazilishi kerak bo‘lgan karta raqamni aytadi. Ushbu bank kartalari odatda biror shaxsga 100-200 dollar berib, uning nomiga ochib olingan bo‘ladi.

Tanlangan tarif bo‘yicha belgilangan summa aytilgan kartaga o‘tkazilgach, firibgar biroz kutishni bildiradi. 10-15 daqiqadan so‘ng u katta yutuq chiqqanini ma’lum qiladi.

Soxta treyder navbatdagi qadam sifatida komissiya to‘lovini amalga oshirishni talab qiladi. “Tabriklaymiz, hurmatli mijoz. Sizga katta miqdorda yutuq chiqdi. Yutuqni olish uchun karta raqamingizni ayting. Faqat yutuq komissiya to‘lovi to‘langach o‘tkazib beriladi”, deydi u.

Bu shu turishdayam qarmoqqa ilingan baliq og‘zidan ikkinchi bor ilmak o‘tkazishday gap. Masalan, 25 mln 693 ming so‘m uchun 1 mln 284 ming so‘m komissiya to‘lovi so‘ralgan.

Pul o‘z-o‘zidan ko‘payishiga ishonib, firibgar tili bilan aytganda investitsiya kiritgan mijoz shu tariqa qopqonga tushadi. Unda ikki yo‘l bo‘ladi: biri – to‘lagan pulidan voz kechish hamda shu nuqtada to‘xtash; ikkinchisi – yana bir tavakkal qilgan holda komissiya to‘lovini to‘lash. Aksariyat odamlar ishonishda davom etadi va komissiya to‘lovini to‘laydi. Bu chuv tushishning so‘nggi nuqtasi: shundan so‘ng firibgar aldangan shaxsni bloklab qo‘yadi.

Ishonchli ekan”

“Uzbekistan investuz” guruhida 700 dan ortiq qisqa videolavhalar yuklangan. Ularning barchasi O‘zbekistonning turli hududlarida yashovchi fuqarolar tomonidan o‘zini o‘zi tasvirga olish shaklida yozib olingan.

Barcha videolavhalarda fuqarolar Uzbekistan investuz ishonchli ekani, unga pul tikib, katta yutuqqa ega chiqqani, yutuqni olgani haqida gapirgan.

Masalan, ulardan biri shunday deydi:

Bir haftadan buyon ishlayapman, halol va rost ekan. Judayam xursandman. Mana, hozir pullarimni yechgani ketyapman. Bundan tashqari, bir haftadan bu yog‘iga Sirdaryo viloyatidan 30 foizlik boshlang‘ich to‘lovini qilib, o‘zimning nomimga uy chiqarib qo‘ydim. Yana 10 kun ishlab, hamma to‘lovlarini qilib, kirib yashayotganimni ham video qilib tashlab beraman.

Bugunning hisobiga 1,5 ming dollar kartamga tushdi. O‘shani yechib olib, hali ular bilan ko‘p ishlamoqchiman. Boshida ishonmagandim men ham. 300 ming so‘m investitsiya kiritib, ish boshlaganman. Hozirda 1,5 ming dollarga chiqdi ishlagan pullarimiz”.

Yana bir fuqaro esa 400 ming so‘m tikib, 16 mln so‘m yutganini aytgan:

Men 400 ming so‘m depozit qildim. Menga katta yutuq chiqdi – 16 mln so‘m. O‘zim ham kutmagan edim, kartamga tashlab berishdi. Boshida ishonmagan edim. Lekin haqqoniy ekan. Hamma urinib ko‘rsin”, degan u.

Bu kabi videolavha yozib berganlar orasida o‘qituvchilar, haydovchilar, talaba va yoshlar, sotuvchilar hamda boshqa kasb egalarini ko‘rish mumkin. Ular o‘zlari aytgani kabi rostdan ham pulini ko‘paytirib olishganmi? Yo‘q. Aslida videolavhalardagi bu shaxslar soxta treyderga chuv tushganlar hisoblanadi.

Gap shundaki, firibgar pulni ko‘paytirib berishni va’da qilish jarayonida bu ishonchli ekani, yutuq to‘lab berilgani haqida vidoyelavha tayyorlab berishni so‘raydi. Pul to‘lab qo‘yganlar o‘zini o‘zi tasvirga olib jo‘natadi. Firibgar esa qo‘lga kiritgan videolavhalaridan boshqalarni aldashda foydalanadi.

Soddalik ham evi bilan-da

Soxta treyderlarning chuv tushirish sxemasi juda oddiy. Bunga ishonish va aldanish uchun inson juda sodda bo‘lishi kerak. Bu darajadagi sodda odamni hech ikkilanmasdan “tug‘ma jabrlanuvchi” desa bo‘ladi. Biroq yolg‘on sxemasi qanchalar oddiy bo‘lmasin, unga ishonayotganlar yuzlab, balki minglab topilmoqda.

Aslida bu shunchaki bir firib ekanini, pul o‘z-o‘zidan bir soatda 20 baravar ko‘payib qolmasligini anglash uchun inson o‘ziga birgina savolni berib ko‘rishi kifoya: agar 1 mln so‘m pulni bir soatda 25 mln so‘mga aylantirish mumkin bo‘lsa, nega treyder bu ishni o‘zi qilib boyib ketavermaydi? Nega u qo‘lida shunaqa imkoniyat bo‘lgan holda birovning pulini ko‘paytirib bermoqchi?

Biri qo‘yib boshqa moliyaviy piramidalarga, pul ko‘paytirish sxemalariga aldanayotgan ana shu kabi sodda odamlarga qarata bir gapimiz bor: soddalik ham evi bilan-da!

Jilovlanmayotgan” jinoyatlar

Telegram’dagi “Uzbekistan investuz” guruhi 3 oydan buyon faol holatda va har kuni yangi videolar e’lon qilmoqda. Bu ushbu yolg‘onga har kuni kimlardir chuv tushyapti degani. Biroq huquqni muhofaza qiluvchi organlar negadir ushbu guruh faoliyatini to‘xtatish, parda ortida turgan firibgarlarni aniqlash va ushlash bo‘yicha tezkor harakatlarni amalga oshirmagan.

Aslida ijtimoiy tarmoqlarda soxta treyderlar tomonidan ochilgan “Uzbekistan investuz” kabi o‘nlab guruh va kanallar ishlab turibdi. Kun.uz bir yil oldin ham ayni shu yo‘nalishda odamlarni aldayotganlar haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Bu kabi jinoyatlar “jilovlanmas” ekan, unga aldanadiganlar topilaveradi.

Kun.uz yurtdoshlarimizni yana bir bor bunday yolg‘onlar va firibgarlik sxemalariga ishonmaslikka chaqirib qoladi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid