Jahon | 11:43
2089
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Germaniya bilan harbiy-texnik hamkorlikni to‘xtatdi

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi avvalroq Moskva va Berlin o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim «Germaniya rasmiylarining ochiq dushman siyosati» tufayli «o‘z mazmuni va amaliy ahamiyatini yo‘qotganini» ma’lum qilgan edi.

Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi harbiy-texnik hamkorlik shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi buyruqni imzoladi. Tegishli hujjat 18 iyul, juma kuni rasmiy huquqiy axborot portalida e’lon qilindi. Rossiya TIVga Germaniyani ushbu qaror haqida xabardor qilish topshirildi.

Rossiya TIV kelishuvdan chiqish niyatini iyun oyida e’lon qilib, u «Germaniya rasmiylarining ochiq dushman siyosati» tufayli «o‘z ma’nosi va amaliy ahamiyatini yo‘qotgani»ni bildirgandi. Vazirlik nemis hukumatini «nemis aholisini Rossiyaga qarshi g‘oyaviy ruhda tarbiyalashda» va «harbiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuviga ochiqdan ochiq gijgijlashda» aybladi.

1996 yil 14 iyunda Rossiya va Germaniya hukumatlari tomonidan imzolangan harbiy-texnik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki davlat korxonalari, tashkilotlari va idoralari o‘rtasida yordam ko‘rsatishni nazarda tutgan edi.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan so‘ng, Germaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar sovuq urushdan beri eng past darajaga tushib ketdi. Berlin Kiyevni Rossiya agressiyasiga qarshi kurashda faol qo‘llab-quvvatlaydi. Germaniya hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya Rossiya bosqinining boshidan beri Ukrainaga yordam sifatida 40 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratgan.

Mavzuga oid