O‘zbekiston | 15:07 / 19.07.2025
1118
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Uels bilan hamkorlikda qo‘shma universitet tashkil etilishi mumkin

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Uels ta’lim vaziri Linn Nigl bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

Muloqot chog‘ida ta’lim sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, maktabgacha va maktab ta’limi, inklyuziv ta’lim hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishlarida ilg‘or tajriba almashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston elchisi, shuningdek, Kardiff universiteti vitse-prezidenti va xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori professor Rudolf Allemann, Kardiff Metropolitan universiteti rektori professor Reychel Langford va Uels Ta’lim hamkorligi tashkiloti bosh direktori Kristian Stenberi bilan muzokara o‘tkazdi.

Muzokaralar davomida xorijiy tomon bilan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida ikki tomonlama diplom berish dasturlarini joriy etish, o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar Kardiff universiteti bilan hamkorlikda Samarqandda Britaniya tibbiyot universiteti va uning qoshida zamonaviy shifoxonani tashkil etish masalasini ishlab chiqish, TMS Toshkent xalqaro institutida 5 ta bakalavriat va 1 ta magistratura yo‘nalishida Kardiff Metropolitan universiteti dasturlarini joriy etish va boshqalarni kelishib oldi.

Uels Buyuk Britaniya tarkibidagi to‘rtta ma’muriy-siyosiy hududlardan biri bo‘lib, unda 3,1 million aholi istiqomat qiladi. Hududning yalpi ichki mahsuloti (YaIM) hajmi 115,7 milliard dollarni tashkil etadi.

Mavzuga oid