Fan-texnika | 19:20 / 19.07.2025
1383
2 daqiqa o‘qiladi

Google telefondagi zilzila haqida ogohlantirish tizimi qanday ishlashini tushuntirdi

Funksiya akselerometrga asoslangan bo‘lib, kompaniya ushbu tizimning samarali ishlashini tasdiqladi.

Foto: Google

Google kompaniyasi Android smartfonlaridagi zilzila haqida ogohlantirish tizimi qanday ishlashi bo‘yicha tushuntirish berdi.

Bu funksiya akselerometrga asoslangan bo‘lib, u odatda tezlikni qayd etish va avtomatik burilishni ta’minlash uchun qurilmaning harakati va yo‘nalishidagi o‘zgarishlarni aniqlash uchun ishlatiladi.

Smartfonlarga odatda uchta o‘q bo‘yicha tezlanishni o‘lchaydigan akselerometr o‘rnatilgan: gorizontal, vertikal, chuqurlik. Google mana shunday akselerometrdan zilzila haqida ogohlantirish tizimi va seysmik faollikni aniqlash uchun ma’lumot to‘playdi.

Foto: Google

Android Authority sharhlovchilari so‘zlariga ko‘ra, akselerometr zilzila paytida tuproqning tebranishini ham aniqlay oladi. Ushbu ma’lumotlar va foydalanuvchining taxminiy manzili Google serverlariga yuboriladi, ular zilzila faktini tasdiqlash va uning joylashuvi va kuchini aniqlash uchun hududdagi ko‘plab telefonlardan olingan ma’lumotlarni umumlashtirib, tahlil qiladi.

Qayd qilinishicha, so‘nggi to‘rt yil ichida tizim 18 mingdan ortiq zilzilani qayd etdi va bu haqda «qariyb 100 ta mamlakatdagi millionlab odamlarni» ogohlantirdi. Foydalanuvchilar zilzila boshlanishidan kamida 15 soniya oldin, agar ular episentrga eng yaqin bo‘lsa, taxminan bir daqiqa oldin ogohlantiriladi. Ta’kidlanishicha, bu xavfsiz joyga chiqib olish imkoniyatlarini oshiradi va ehtiyot choralarini ko‘rish uchun ozgina bo‘lsa-da, imkon beradi.

Android Earthquake Alers System 2020 yilda Android tizimida paydo bo‘ldi. Google 2021 yil iyun oyida uni Markaziy Osiyoning bir qator mamlakatlarida, jumladan, O‘zbekistonda ham joriy qildi. Bu shuni anglatadiki, O‘zbekistondagi Android foydalanuvchilari smartfon akselerometri yordamida aniqlangan xavfli zilzilalar haqida ogohlantirish olishi mumkin. Bu tizimni telefon sozlamalarida yoqish mumkin.

Mavzuga oid