Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriya urushi: Isroil «arablar himoyasiga» shoshildi. Nahotki?!
Azizlar, bilasizmi, biz juda yomon davrda yashayapmiz. Bir qarashda inson chinakam zamonaviy hayotga qadam qo‘ygan, davlatlar yaxshiroq yashash borasida musobaqalashayotgandek. Lekin inson idroki o‘rnini sun’iy idrok egallayotgan ultrazamonaviy dunyoda hukmdorlar hamon hukumatni saqlab qolish uchun jang qilmoqda. Buning nomini hukumat uzurpatsiyasi desak, xato bo‘lmaydi. Quyida Binyamin Netanyahuning bayonotlari misolida dunyoda juda yomon tendensiya avj olayotganiga to‘xtalamiz.

Isroil «arablar himoyasida»
Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, oxirgi kunlarda Isroil Suriyani zo‘r berib bombalamoqda. Jo‘laniy boshchilik kuchlar Suriyada Bashar Asadni ag‘darganidan buyon Isroil doimiy tarzda bu davlatni bombardimon qilib keladi. Oxirgi hujum vaqtida Mudofaa vazirligi binosi nishonga olindi.
Bu jiddiy o‘zgarish, chunki Isroil havo kuchlari odatda Asad armiyasidan qolgan qurol omborlari va boshqa harbiy nishonlarga raketa uchirardi. Bu gal yangi shakllangan, kimsan Tramp ko‘rishib legitimligini tasdiqlagan hukumatga tegishli mudofaa vazirligi binosini nishonga olindi. Bu juda jiddiy holat. E’tibor bergan bo‘lsangiz, avvalgi hujumlarni Suriya tomoni nomigagina qoralab qo‘ygandi, lekin bu gal Ahmad ash Sharaa Isroil manziliga keskin gaplar aytib, «kerak bo‘lsa urushga tayyor ekanini» aytdi.
Binyamin Netanyahu oxirgi chiqishida Suriyaga berilayotgan zarbalardan maqsad u yerdagi druzlarni himoya qilish ekanini aytdi. «Biz rejani aniqlashtirib oldik: Damashq janubi – Jo‘landan Druz tog‘igacha bo‘lgan yerlar demilitarizatsiya qilinadi. Druz tog‘ida druz do‘stlarimizni himoya qilamiz», dedi Netanyahu.
Bayonotdagi demilitarizatsiya degan so‘zga e’tibor bergan bo‘lsangiz kerak. Men demilitarizatsiya degan iddao bilan urush boshlagan, darvoqe, Netanyahu bilan juda yaxshi kelishadigan, yevropalik bir siyosatchini ham bilaman. O‘sha siyosatchi «demilitarizatsiya qilishni istagan» qo‘shnisi urush boshlangan vaqtda askarlariga kaska yetkaza olmaydigan holatda edi, uch yil o‘tib dunyodagi eng zamonaviy qurollar bilan «og‘zi-burnigacha qurollandi». O‘sha davlat hozir maktab bolalariga dronda tankni portlatishni o‘rgatmoqda. Mana sizga demilitarizatsiya.
Endi Netanyahuning «Suriyani demilitarizatsiya qilish» da’vosiga qaytsak. Emishki, Isroil go‘yoki «u yerda yashaydigan druzlarni himoya qilish uchun» operatsiya boshlabdi. Druzlar bu – arablarning bir turi, ular e’tiqod jihatdan Suriyadagi boshqa arablardan farq qiladi xolos. Diqqat qiling, G‘azoda 60 mingga yaqin arabni o‘ldirgan Isroil Suriyada «arablarni himoya qilish uchun» sal boshqacharoq arablarga hujum qilibdi.
Eron bilan urush tugagach e’lon qilgan videomizda Netanyahu hukumati urushsiz qulashi, endi Bibi tezda boshqa biror davlatga, masalan Yamanga qarshi urush boshlashini taxmin qilgandik. Biroz adashibmiz, «janob qutqaruvchi» Suriyada «arablar himoyasiga shoshildi».
Bu ketishda Suriyadagi urush tugasa, Netanyahu ko‘ch-ko‘ronini yig‘ishtirib xotini Sara bilan ta’tilga chiqish haqida o‘ylab ham o‘tirmay, yana biror davlatga qarshi urush ochadi. Yaqin Sharqda urushadigan hech kim qolmasa, «Avstraliyadagi aborigen birodarlar ozodligi uchun» kurashadi. Bu bo‘rttirish, albatta, lekin chindan vaziyat izdan chiqib ketdi. Ojiz dunyo Yaqin Sharqdagi kichik bir davlatning qamalishiga sal qolib yana bosh vazirlikka qaytgan va atrofidagi hamma bilan oldi-orqasiga qaramay urushayotgan bir mulozimga qarshi hech narsa qila olmayapti…
Bunaqasi ketmaydi, janoblar. Men Suriya yangi hukumatini oqlamoqchi emasman, yangi davrda chindan suniylardan boshqa qavmlarni qiynash avj oldi, ba’zi hududlarda butun boshli qirg‘inlar bo‘ldi. Lekin bu kamchiliklarni Jo‘laniy hukumati ham tan olib, uni tuzatishga so‘z bergan.
To‘g‘ri tushunish kerak, hozir Suriyada yakdil davlat yo‘q. Yillar davomida avj olgan millatlar, dinlar, mazxablar o‘rtasidagi nizolar mamlakatni deyarli tiklab bo‘lmas holatga keltirib qo‘ygan. Dunyo Suriya yangi hukumatiga qo‘l uzatib mana shu tarqoq davlatni tiklashga intilmoqda. Butun boshli Amerika, Yevropa Ittifoqi liderlari Suriya hukumati bilan uchrashib ularga imkon berishini aytib, sanksiyalarni bekor qildi. Bunday vaqtda juda ko‘p azob chekkan davlatga yordam berish kerak, raketa otib guruhlar o‘rtasidagi nizoni avj oldirish kerak emas.
Suriya juda iste’dodli shifokorlar, ajoyib hunarmandlar, Abdullatif Jandoli kabi injyenerlar yurtdi. Ko‘pchiligingiz Apple asoschisi bo‘lmish bu insonni Stiv Jobs degan ismi bilan tanigansiz.
Bir so‘z bilan aytganda, bu ajoyib davlat dunyodagi barcha tinch o‘lkalar kabi otishmalarsiz, urushlarsiz yashashga, o‘z ichki muammolarini mustaqil hal qilishga haqli. Urush hukumatda qolishining yagona asosi bo‘lgan uzurpatorlar bu davlat nihoyat oyoqqa turish imkoniga ega bo‘lganda, uni yana toptab tashlashi kerak emas...
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

13:06 / 18.07.2025
Isroilga xalqaro bosim davom etmoqda: XJS orderlarni kuchida qoldirdi, Sloveniya sanksiya joriy qildi

10:42 / 18.07.2025
“Isroil mintaqada boshqa qudratli davlat shakllanishini xohlamaydi” - siyosatshunos

10:24 / 18.07.2025
Hoqon Fidan: Isroil tinchlikni istamaydi, Isroil barqarorlikni xohlamaydi

20:26 / 17.07.2025