Iqtisodiyot | 22:01 / 18.07.2025
2130
4 daqiqa o‘qiladi

“Bu iqtisodiy siyosatga zid” – mutaxassis markirovkalash qoidasini buzganlik uchun jarimani aylanmaga bog‘lamaslikni taklif qildi 

1,5 mln so‘mlik kamomad uchun 5 mlrd jarima qo‘llangan…markirovkalash qoidasini buzganlik uchun jarima qonuniy aylanmaga bog‘langan ekan, tadbirkorda riskni kamaytirishning yagona yo‘li qonuniy aylanmani kamaytirish bo‘ladi”, - dedi soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov SSPda o‘tkazilgan ochiq muloqotda. U markirovkalash qoidasini buzganlik uchun aniq jarima belgilashni taklif qildi.  

Foto: YouTube

18 iyul kuni moliya-iqtisodiy sohada faoliyat yurituvchi mutaxassislar — auditorlar, buxgalterlar va soliq maslahatchilari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.  

Unda soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov markirovkalash qoidasini buzganlik uchun jazo chorasini aylanmaga bog‘lamaslikni taklif qildi.  

“Markirovkalash qoidasini buzgani uchun jazo o‘tgan oyda qonuniy ishlagan aylanmasiga bog‘liq bo‘lsa, har qanday tadbirkorlik sub’yektida riskini kamaytirishning yagona yo‘li qonuniy aylanmani kamaytirish bo‘ladi. Shu sabab markirovka uchun jazo chorasi 50 mln so‘mmi, 100 mln so‘mmi, [aniq bo‘lishi kerak]”, - dedi mutaxassis.  

Uning taklifini zal qo‘llab-quvvatlab, qarsak chaldi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa markirovkada xato yoki kontrafakt mol sotib qo‘ysa, jarima yuqori, arzonroq qilish kerak, demoqchimisiz, deya aniqlashtiruvchi savol berdi.  

Unga javoban Muhammadjonov “bu tizimdan maqsad – noqonuniy ishlovchilarni qonuniy ishlashga o‘tkazish, ammo tadbirkor qonuniy ishlaganidan kelib chiqib jazolanadigan bo‘lib qolyapti”, deya ta’kidladi.  

 “Jazo summasini kamaytirishning yagona yo‘li oq aylanmani kamaytirish bo‘lib qolyapti. Ya’ni bu hozirgi iqtisodiy siyosatga teskari. Aniq bir summa qo‘yaylik, chunki kuni kecha “Laktel” (Lactalis Central Asia) masalasi ko‘tarildi, 1,5 mln so‘mlik kamomad uchun 5 mlrd jarima qo‘llangan. Sherzod Davletovich eshitganidan keyin bunchalik bo‘lishi mumkin emas. deb aytdi”, - dedi u.

Bundan tashqari, u markirovka bilan bog‘liq huquqbuzarlik mezoni kassirga bog‘liq bo‘lib qolayotgani va xatoni tuzatish imkoni yo‘qligini ta’kidladi. 

“Kassir qaysidir tovarning markirovkasini urmasa, butun biznes jazolanishi kerak bo‘lib qolyapti. O‘zimiz ham soliq maslahatchisi sifatida borib o‘rganyapmiz, ayrim holatlarda tovarning markirovkasi urilgan, lekin kassa apparatga urilmagan holatlar bor. Aynan shunday holatlarni bartaraf etish uchun yo‘l-yo‘riq yo‘q. Tovar urib bo‘lindi, orqaga qaytarish imkoni yo‘q. Shu kamchilikni tuzatish imkonini yaratib berish kerak”, - dedi Murod Muhammadjonov. 

Ma’lumot uchun, Soliq kodeksiga binoan fiskal belgilarni aks ettirish yoxud avtomatlashtirilgan hisobga olish o‘lchov vositalari bilan jihozlash yoki soliq organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan talablarni yoki tartibni buzish, shuningdek, tovarlarni (mahsulotlarni) ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan identifikatsiya vositalari orqali majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish —  realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning ikki foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. 

Xuddi shunday huquqbuzarlik jarima qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan sof tushumning yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mavzuga oid