Jahon | 14:51
1322
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari: Istanbul formati «o‘z ma’nosini yo‘qotdi»

«Istanbulda hech qanday muzokaralar bo‘lmagan», - dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Kislitsa. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu format Rossiya delegatsiyasining vakolati yo‘qligi sababli o‘z ma’nosini yo‘qotgan.

Foto: Burak Kara/Getty Images

Istanbuldagi muzokaralar formati o‘z ma’nosini yo‘qotdi, dedi Ukraina tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa The Kyiv Independent nashriga bergan intervyusida. Uning fikricha, muzokaralarni davom ettirish uchun Rossiya delegatsiyasi Rossiya prezidenti Vladimir Putindan «yangi mandat olishi» kerak, chunki u hozir faqat Kiyev kapitulyatsiyasini xohlamoqda.

«Ularning (Rossiya muzokarachilari)ning mantig‘i biznikiga teskari. Biz: keling, yetakchilar uchrashuvi uchun to‘g‘ri shart-sharoit yaratishga, kelishuvlarga erishish uchun konstruktiv muhit yaratishga hissa sifatida o‘t ochishni to‘xtatish rejimini yarataylik, deyapmiz. Ular ochiq aytdi: »Yo‘q, birinchi navbatda siz bizning talablarimizni qabul qilasiz — taslim bo‘ling — va shundan keyingina biz rahbarlar uchrashuvini tashkil qilamiz. Shundan keyin esa bu talablarni bajarishga harakat qilasiz», — dedi Kislitsa Ukrainadagi urushni tugatish uchun Moskva va Kiyev o‘rtasida muzokaralarning yangi bosqichi tayyorlanyaptimi, degan savolga javob berib.

Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, shuningdek, 2025 yilda Istanbulda bo‘lib o‘tgan birinchi uchrashuvda rossiyalik muzokarachilardan biri unga: «Men quruq qo‘l bilan keta olmayman, hech bo‘lmaganda asirlarni almashish bo‘yicha kelishib olishimiz kerak», deb aytganini da’vo qilmoqda.

Sergey Kislitsaning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Rossiya va Ukraina prezidentlari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishini talab qilmoqda, chunki muzokaralar olib borayotgan delegatsiyalar «Yevropadagi eng yirik urushning murakkabligi, chuqurligi va uning barcha oqibatlari, Rossiyadagi diktatura bilan qo‘shilib, hamma narsa bir kishining irodasiga bog‘liqligi tufayli» mustaqil ravishda muvaffaqiyatga erisha olmaydi.

Diplomat fikricha, Vladimir Putin ekspertlar darajasida muzokaralar olib borilayotganiga ishora qilib, «jarayonni byurokratlashtiradi».

Mavzuga oid