Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qurollanishning yangi davri boshlandi. Harbiy budjeti eng katta davlatlar qaysi?
Kun.uz Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari institutiga asoslanib, harbiy sohaga eng ko‘p pul ajratayotgan 10 ta davlatni sanab o‘tadi.

Oxirgi yillarda geosiyosiy tarangliklar kuchaydi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini, Yaqin Sharqdagi Isroil–Hamas va Isroil/AQSh–Eron urushlari, Janubiy Osiyoda esa Hindiston–Pokiston eskalatsiyasi va boshqa holatlar global beqarorlikka sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, qator davlatlarda o‘ng populistik kuchlar siyosiy mavqeyini mustahkamlab bormoqda.
Masalan, populist Donald Tramp AQSh prezidentligiga saylangach, mudofaa xarajatlarini kamaytirish tashabbusi bilan chiqqandi. Xususan, u Ukraina va G‘azo sektoridagi urushlarni tugatish orqali Rossiya va Xitoy bilan mudofaa xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish niyatida ekanini aytgandi. Shuningdek, Tramp Rossiya va Xitoy bilan yadroviy qurollar sonini kamaytirish mavzusidagi muzokaralarni ham qayta tiklashga va’da bergandi. Amalda esa vaziyat tubdan o‘zgarib ketdi.
Aynan Amerika prezidentining tashabbusi va bosimi ostida dunyodagi eng katta harbiy ittifoq – NATO qurollanish bosqichining yangi davriga kiryapti. Tashkilotga a’zo davlatlar mudofaa xarajatlarini keyingi o‘n yilda qariyb ikki baravar oshiradi.
Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyo davlatlarining harbiy xarajatlari umumiy miqdori 9,4 foizga ko‘paygan va tarixda ilk bor 2,7 trln dollarga yetgan.
Kun.uz ushbu tashkilot hisobotlariga tayanib, harbiy xarajatlar uchun eng ko‘p mablag‘ sarflayotgan o‘nta davlatga e’tibor qaratdi.
Qayd etish lozim, Janubiy Koreya (47,6 mlrd dollar), Isroil (46,5 mlrd), Polsha (38 mlrd), Italiya (38 mlrd), Avstraliya (33,8 mlrd), Kanada (29,3 mlrd) va Turkiya (25 mlrd) kabi davlatlar bu ro‘yxatda dastlabki emas, ikkinchi o‘ntalikka kiradi. Birinchi o‘ntalik esa quyidagicha.
10. Yaponiya
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 55,3 mlrd dollar
Yaponiya Ikkinchi jahon urushida yengilgach, AQSh, SSSR, Angliya va Fransiyadan iborat ittifoqchilar bu davlatga armiya tuzishni taqiqlab qo‘yishgandi. Hatto mamlakat konstitutsiyaga Yaponiyaning hech qachon armiya saqlamasligi haqida alohida modda ham qo‘shiladi.
Shundan keyin ko‘p yillar davomida Tokio o‘z armiyasiga ega bo‘lmaydi va mamlakatni AQSh harbiylari qo‘riqlaydi. Hanuzgacha Yaponiyada AQShning o‘nlab harbiy bazalari bor. Keyinchalik Yaponiyaga mudofaa uchun armiya shakllantirishga ruxsat beriladi.
So‘nggi 20 yillikda Shimoliy Koreya yadro qurolini yaratish ustida olib borayotgan tadqiqotlari Yaponiya hukumatini jiddiy xavotirga solib kelyapti. Shu sababli rasmiy Tokio harbiy xarajatlari miqdorini muttasil oshirib boryapti. Xususan, 2024 yilda Yaponiya ushbu maqsad uchun 55,3 mlrd dollar yoki yalpi ichki mahsuloti hajmining 1,4 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan.
9. Fransiya
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 64,7 mlrd dollar
Rossiyaning Ukrainaga bosqini va Markaziy Yevropada harbiy ziddiyatlarning paydo bo‘lish xavfi Fransiyaga harbiy budjetini oshirishni taqozo etyapti. Hukumat ham aynan Ukraina urushi milliy xavfsizlikka ko‘proq e’tibor qaratish masalasini kun tartibiga olib chiqqanini aytib keladi. Shuningdek, Tramp boshqaruvidagi AQSh Yevropa xavfsizligi uchun mas’uliyatini pasaytirishi ham muhim omil bo‘lyapti.
2020-2024 yillar davomida Fransiya harbiy xarajatlarini qariyb 12 mlrd dollarga ko‘paytirdi. Jumladan, o‘tgan yili bu maqsad uchun 64,7 mlrd dollar yoki mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmining 2,1 foizi miqdorida mablag‘ sarfladi.
8. Ukraina
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 64,7 mlrd dollar
Harbiy xarajatlar YaIMga nisbatan olinganda eng yuqori ko‘rsatkich Ukrainada – 34 foiz. 2022 yildan boshlab Rossiya Ukrainaning barcha hududlarini uzluksiz bombardimon qilib kelyapti. Uch yildan oshdiki, milliy ozodlik uchun kurashayotgan ukrain xalqi bor imkoniyatini mudofaaga qaratgan.
Suveren hududi bo‘yicha Yevropada Rossiyadan keyingi ikkinchi eng katta davlat bo‘lmish Ukraina 2020 yilda harbiy maqsadlarda 5,9 mlrd dollar sarflagan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 64,7 mlrd dollargacha oshdi.
7. Saudiya Arabistoni
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 80,3 mlrd dollar
Saudiya Arabistoni joylashgan mintaqa 21-asrda Yer yuzining eng qaynoq nuqtasi bo‘lib turibdi. Saudlar sulolasi o‘z qudratini oshirish, Isroil, Eron va o‘zlarining biqinidagi Yaman husiychilaridan himoyalanish uchun harbiy xarajatlarga milliardlar ajratmoqda.
Jumladan, 2024 yilda qirollik harbiy maqsadlarda 80,3 mlrd dollar yoki YaIM hajmining 7,3 foizi miqdorida mablag‘ yo‘naltirgan.
6. Buyuk Britaniya
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 81,8 mlrd dollar
Bir paytlar dunyoning eng asosiy derjavasi bo‘lgan Buyuk Britaniya ham oxirgi yillarda harbiy xarajatlar uchun tobora ko‘proq mablag‘ ajratib kelyapti. Jumladan, 2015 yildan 2024 yilgacha bu miqdor 47 foizga oshgan.
O‘tgan yili Buyuk Britaniya o‘z harbiy xarajatlari uchun 81,8 mlrd dollar yoki YaIM hajmining 2,3 foizi miqdorida mablag‘ sarfladi.
5. Hindiston
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 86,1 mlrd dollar
Uzoq yillardan beri hududiy da’volar tufayli Pokiston bilan qarama-qarshi bo‘lib kelgan Hindiston, so‘nggi yillarda Himolay tog‘laridagi hududlar uchun Xitoy bilan ham bahsga kiryapti. Qolaversa, hali Pokistonning ham Kashmirga da’vosi saqlanib turibdi. Aholi soni bo‘yicha Xitoydan o‘tib ketgan hindlar – Janubiy Osiyodagi katta sivilizatsiya o‘laroq – ancha yildan beri harbiy xarajatlarini muttasil oshirib keladi.
2015 yilda mamlakat harbiy xarajatlari 51,3 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilda bu miqdor 86,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu – mamlakat yalpi ichki mahsulotining 2,3 foiziga teng.
4. Germaniya Federativ Respublikasi
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 88,5 mlrd dollar
Ikkinchi jahon urushida yengilgach, ittifoqchilar Germaniyani ikkiga bo‘lib olishadi va uning har ikkala qismiga ham Yaponiyaga o‘xshab uzoq yillar o‘z armiyasini shakllantirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Germaniya Federativ Respublikasida AQSh harbiy bazalari, sharqdagi Germaniya Demokratik Respublikasida esa sovet harbiy bazalari joylashtiriladi.
1989 yilda ikkita Germaniya birlashgandan keyin mamlakat g‘arbidagi AQSh harbiy bazalari saqlanib qoldi. Sharqdagi sovet harbiy bazalari esa yopildi. O‘z navbatida, hukumat harbiy xarajatlar uchun ham salmoqli mablag‘ ajrata boshladi. Ayniqsa, bu Ukrainadagi urush fonida keskin oshdi. Jumladan, 2024 yilda ushbu maqsadlar uchun 88,5 mlrd dollar ajratildi. Bu – 2023 yilga nisbatan 28 foizga ko‘p.
Shuningdek, Germaniya 1990 yildan beri birinchi marta Yevropada mudofaa xarajatlari bo‘yicha yetakchiga aylandi. Oxirgi o‘n yillikni olib qarasak ham, nemislar harbiy budjetini qariyb 2,3 barobarga oshirganiga guvoh bo‘lamiz.
3. Rossiya Federatsiyasi
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 149 mlrd dollar
2022 yil 24 fevral kuni Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi va shundan beri qo‘shni davlatning imkon qadar ko‘proq hududini bosib olishga urinyapti. O‘z-o‘zidan, harbiy sohaga xarajatlar ham keskin oshdi. Sanksiyalar sharoitida Rossiya ichki mudofaa korxonalarining quvvatini kengaytirib, yangi qurollar ishlab chiqarishga o‘tyapti. Bu ayrim ehtiyot qismlarini chetdan import qilganga nisbatan ko‘proq xarajat va vaqt talab qiladi.
2024 yilda Kreml harbiy xarajatlar uchun 149 mlrd dollar yoki RF iqtisodiyotining 7,1 foiziga teng mablag‘ sarfladi. Bu miqdor 2021 yilga qaraganda 2,3 barobarga ko‘p.
2. Xitoy Xalq Respublikasi
2024 yilgi harbiy xarajatlari: 314 mlrd dollar
1991 yilda SSSR parchalanib ketganidan so‘ng Xitoy harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda 2-o‘ringa ko‘tariladi. Rasmiy Pekin 2006–2008 yillarda mudofaa uchun yiliga 50–80 mlrd dollar atrofida mablag‘ ajratardi. Bu – AQSh harbiy xarajatlarining bor-yo‘g‘i 10 foizini tashkil etgan.
Ammo oxirgi 15 yillikda Xitoy harbiy xarajatlarini to‘xtovsiz oshirib kelyapti. 2024 yilda bu miqdor 314 mlrd dollarga yetdi. Harbiy xarajatlarning yalpi ichki mahsulotga nisbati – 1,7 foiz. 2015–2024 yillar oralig‘ida Pekinning harbiy xarajatlari 46 foizga ko‘paygan.
1. Amerika Qo‘shma Shtatlari
Umumiy harbiy xarajatlari: 997 mlrd dollar
AQSh uzoq vaqtlardan beri harbiy xarajatlar bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni hech kimga bermay keladi. Katta ehtimol bilan, yaqin o‘n yilliklarda ham bu tendensiya davom etadi.
2024 yilda harbiy xarajatlar uchun dunyoda sarflanayotgan mablag‘ning 37 foizi birgina AQShga to‘g‘ri kelgan. Amerikaning harbiy xarajatlari juda kattaligi avvalo mamlakat iqtisodiyotining ko‘lami va barqarorligi, shuningdek, AQSh NATOning asosiy moliyaviy ta’minotchisi ekani bilan bog‘liq. Dunyoning qirqqa yaqin davlatida AQShning mingga yaqin harbiy bazasi bor.
2024 yilda AQSh harbiy xarajatlar uchun 997 mlrd dollar yoki yalpi ichki mahsuloti hajmining 3,4 foizi miqdorida mablag‘ sarflagan.
SIPRI ekspertlarining alohida qayd etishicha, ayrim mamlakatlarning harbiy xarajatlari haqidagi ma’lumotlar ochiq manbalarda yo‘qligi sababli taxminiy hisob-kitoblar asosidagi raqamlar olingan.
O‘zbekiston qancha harbiy xarajat qiladi?
Har qanday suveren davlat kabi O‘zbekiston ham o‘z suvereniteti, tinchligi va hududiy yaxlitligini saqlash uchun harbiy xarajatlar uchun ma’lum miqdorda mablag‘ ajratadi. Bu mablag‘lar mamlakat armiyasining jangovar qudratini oshirishga sarflanadi.
Global Firepower tashkilotining 2025 yilgi hisobotida keltirilishicha, O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng katta mudofaa budjetiga ega – 2,8 mlrd dollar. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonning mudofaa budjeti 2 mlrd dollar, Turkmanistonniki esa 1,1 mlrd dollar deb baholangan. Mintaqada eng kam harbiy xarajatlar Qirg‘iziston – 222 mln dollar va Tojikistonda – 446 mln dollar qayd etilgan.
Ta’kidlash lozimki, mudofaaga oid ma’lumotlar harbiy sir hisoblanadi va davlatlar tomonidan to‘liq ochiqlanmaydi. Shu sababli harbiy-tahliliy nashrlar hamda aql markazlarida berib boriladigan ma’lumotlar taxminiy tusga ega bo‘lib, aniq raqamlarni aks ettirmasligi mumkin.
Doston Ahrorov tayyorladi.
Mavzuga oid

22:31 / 15.07.2025
Trampdan yangi dedlayn – 50 kun. Bu nima degani?

19:18 / 15.07.2025
Rossiyada migrantlarning xorijga pul o‘tkazmalarini cheklash taklif qilindi

18:43 / 15.07.2025
Xitoy Trampning tahdidlaridan keyin Rossiyani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga va’da berdi

18:39 / 15.07.2025