Jahon | 09:16
776
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament Ursula fon der Lyayyenga ishonch bildirdi

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyenga ishonch bildirish uchun 553 deputatdan 360 nafari ovoz berdi, 175 nafari qarshi chiqdi, 18 nafari esa betaraf qoldi.

Foto: Thilo Schmuelgen/POOL/AFP via Getty Images

Yevroparlament Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayyen va unga bo‘ysunuvchi 26 nafar Yevropa komissariga ishonch bildirdi. Fon der Lyayyenning o‘zi o‘sha paytda Rimda bo‘lib, Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha xalqaro konferensiyada qatnashdi. Ovoz berishda ishtirok etgan 553 deputatdan 360 nafari fon der Lyayyenga ishonch uchun ovoz berdi, 175 nafari qarshi chiqdi, 18 nafari esa betaraf qoldi.

Ovoz berish natijasi Yevropa komissiyasi rahbari foydasiga hal bo‘lishini oldindan aytish mumkin edi. Ishonchsizlik votumini qabul qilish uchun ko‘pchilik ovoz talab qilinadi, shu bilan birga, fon der Lyayyenni Yevropa parlamentida eng katta fraksiyaga ega bo‘lgan Yevropa xalq partiyasi (YeXP)dan tashqari, sotsial-demokratlar, yashillar va liberallarning muhim qismi qo‘llab-quvvatlashi kutilgan edi.

Fon der Lyayyenga ishonchsizlik votumini qabul qilish haqidagi taklifni "Yevropa konservatorlari va islohotchilar" (ECR) guruhidan ruminiyalik yevrodeputat George Piperi taqdim etdi. O‘z navbatida, ECR rahbariyati bu tashabbusdan uzoqlashdi. «Bu bizning guruhimizning tashabbusi emas», dedi uning vakili AFP agentligiga. Bundan tashqari, taklif muallifi Yevropa komissiyasini Ruminiyadagi prezidentlik saylovlariga aralashishda ayblab, Yevropa Ittifoqining mudofaani moliyalashtirish dasturiga qarshi chiqdi.

Piperining taklifini uning 75 ga yaqin hamkasbi qo‘llab-quvvatladi, bu esa tegishli ko‘rib chiqish uchun zarur bo‘lgan 720 a’zodan iborat Yevroparlament deputatlari umumiy sonining 10 foizlik kvotasidan oshib ketdi.

Mavzuga oid